Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Chet tilini biladigan yoshlarga ish topishda o‘zimiz yordam beramiz — Sherzod Shermatov (video)

14 mart kuni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda OAV vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil etilib, yoshlar va raqamli texnologiyalar olamidagi bir qator targ‘ibot masalalari muhokama etildi.

Uchrashuvda yoshlar va ularni ayti sohasiga qiziqtirish, jumladan yoshlar o‘rtasida til o‘rganish ko‘rsatkichining pastligi bilan bog‘liq muammolar ko‘tarildi. Shuningdek, O‘zbekistonda BPO (Business process outsourcing) yo‘nalishlarini rivojlantirish orqali yaxshi maoshli ishlarga ega bo‘lish bilan bog‘liq masalalarning targ‘iboti bo‘yicha bir qator takliflar berildi.  

“Juda ko‘plab chet el kompaniyalari O‘zbekistondagi ayti muhitga qiziqish bildirmoqda, bu yerdagi soliq bilan bog‘liq imtiyozlar va yaratilgan sharoitlar ushbu kompaniyalarning mamlakatimizga kelishiga sabab bo‘ladi. Bizning eng katta yutuqlarimizdan yana biri, demografik o‘sish kuzatilayotgani, bizda yoshlar soni ko‘p, bu ishchi kuchi yetarli degani. Ammo oldimizda bir masala borki – yoshlarimizni ingliz tili o‘rganishga qiziqtirish. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda 12 000 nafar yoshlar ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha sertifikatga ega, bu ko‘rsatkich esa juda kam, bizga bu yilning o‘zida kamida 70 000 nafar yosh kerak”,– dedi, vazir.

Hozirgi kunda yoshlarda chet elga ketsam ko‘p daromad topaman, degan fikr bor, ammo til bilsa va ayti sohasini o‘rgansa, bemalol O‘zbekistonda ham yuqori daromadga erishsa bo‘lishini bilishmaydi.  Shuningdek, til bilgan inson har qanday ofis ishini masofadan turib bajarib, chet el kompaniyalariga xizmat ko‘rsatishi va yuqori daromadga erishishi mumkinligidan bexabar.

“Agar ingliz tilini S1 darajada biladigan yoshlar bo‘lsa, vazirlikning rasmiy sahifalari orqali murojaat qilishsa, biz ularga ish topib beramiz”, – dedi Sherzod Shermatov.

Uchrashuvdan so‘ng vazirlik rasmiy sahifasida yoshlar uchun so‘rovnoma ham qoldirdi, ingliz, nemis, koreys, yapon va boshqa tillarda B2 va undan yuqori darajada so‘zlasha oladigan yoshlar so‘rovnomani to‘ldirishi va Ayti xizmatlar eksport qiluvchi xalqaro kompaniyalarda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.

Chet tillarini biluvchi yoshlar quyidagi havola orqali anketa to‘ldirishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring