O‘zbekiston delegatsiyasi Butunjahon radioaloqa konferensiyasida qatnashyapti
Dubay (Birlashgan Arab Amirliklari)da Xalqaro elektraloqa ittifoqining (XEI) 2023-yilgi Butunjahon radioaloqa konferensiyasi (BRK-23) o‘z ishini boshladi. Konferensiyada XEIga a’zo 193 mamlakatdan 3 500 dan ortiq ishtirokchilar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, uskunalar ishlab chiqaruvchilar, tarmoq operatorlari va IT-sanoat vakillar qatnashmoqda.
Nufuzli xalqaro anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi — Raqamli texnologiyalar vazirligi, “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK va “UNICON.UZ” MChJ vakillari ham ishtirok etishmoqda.
Har uch-to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan Butunjahon radioaloqa konferensiyasi radiochastota spektri va yo‘ldoshli orbitalardan foydalanishni tartibga soluvchi xalqaro shartnoma — XEI Radioaloqa reglamentini qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega.
BRK-23da raqamli iqtisodiyotda muhim rol o‘ynovchi, elektraloqa (telekommunikatsiyalar) va AKT sohasiga katta ta’sir ko‘rsatadigan bir qator ilg‘or texnologik innovatsiyalarga qo‘yiladigan talablar ko‘rib chiqiladi.
Butunjahon radioaloqa konferensiyasining 20-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan birinchi yalpi majlisida turli funksional vazifalarga ega 7 ta qo‘mitadan iborat BRK-23 tuzilmasi belgilangan edi. Aloqa sohasidagi hududiy hamdo‘stlik (ASHH) tomonidan O‘zbekistondan ko‘rsatilgan delegatlar ham qo‘mitalar rahbariyatiga saylangan edi.
BRK-23ga tayyorgarlik doirasida O‘zbekistonda radioaloqa texnologiyalari uchun radiochastota spektrini taqsimlash bo‘yicha kun tartibidagi masalalar bo‘yicha respublika pozitsiyasini shakllantirish bo‘yicha oldingi — BRK-19dan keyin to‘rt yillik rejali ishlar amalga oshirildi.
Konferensiya 2023-yilning 15-dekabriga qadar davom etadi. Uning natijalari insonlar va davlatlar hayotining ajralmas qismiga aylangan dunyodagi radioaloqa texnologiyalarining hozirgi va kelajakdagi rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter