Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“Technocorp” IT markazi yanada rivojlanadi va xizmatlar sifati oshiriladi

“Technocorp” IT markazi yanada rivojlanadi va xizmatlar sifati oshiriladi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi huzuridagi “Technocorp” IT markaziga tashrif buyurdi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad – markaz faoliyatida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish, jumladan, amalga oshirilayotgan loyihalarning holati, sifat darajasi, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning samaradorligini o‘rganish va ularni eksportga yo‘naltirishdan iborat.

Uchrashuv davomida O‘zbekistondagi IT bozori, raqobat muhiti hamda “Technocorp” IT markazida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, mahalliy loyihalar va ko‘rsatilayotgan xizmatlarni eksportga chiqarish istiqbollari haqida atroflicha to‘xtalib o‘tildi. 

Shuningdek, markaz tomonidan yaratilgan dasturiy apparat vositalarini ishlab chiqishga mo‘ljallangan maxsus laboratoriyadagi “Smart GID”, “Smart Mirror”, “Smart Solar GID”, “VR & 360 virtual tur” hamda “AR-technology” loyihalari namoyish etildi. 

Tashrif davomida vazir IT markaz xodimlarining mehnat sharoitlari va xodimlar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.

Qolaversa, dasturchi xodimlar bilan yaqindan suhbatlashib, soha rivoji va istiqboli uchun muhim bo‘lgan vazifalar haqida fikr almashdi. 

Bundan tashqari, 2024-yilda IT markaz tomonidan taniqli xorijiy kompaniyalar, xususan, Andersen, GEEKLANSOFT, Xalqaro arxivlar kengashi (International Council on Archives 2025), Datatruck bilan olib borilgan muzokaralar va ularning natijasi haqida ma’lumot berildi.

IT markaz tomonidan 2024-2025-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar borasida ham so‘z yuritildi.

Xususan,

—  IT-ta’lim va inson resurslarini rivojlantirish;

— Markaz brendini xalqaro darajaga olib chiqish;

— Xorijiy hamkorlar sonini oshirish;

— Mahalliy hamkorlar bilan amalga oshiriladigan ishlar natijasida olinadigan daromadlar miqdorini 30 mlrd so‘mga yetkazish;

— Xalqaro IT kompaniyalar talablariga mos keluvchi sertifikatlar bilan ta’minlash;

—  Ishlab chiqarish jarayonini halqaro talablarga maksimal darajada yaqinlashtirish;

— Markazning dasturchilar sonini 2024-yilda 50 taga, 2025-yilda 100 taga yetkazish;

— Markaz faoliyatini eksportga qaratish hamda eksportdan tushadigan daromadlar miqdorini bir necha barobarga oshirish borasida takliflar tinglandi.

Tashrif yakunida vazir tomonidan markaz faoliyatini yanada rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va ishlab chiqilayotgan loyihalarni eksportga yo‘naltirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring