Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hududlarda yoshlarga raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarni o‘rganish uchun qo‘shimcha sharoitlarni yaratishga qaratilgan IT-shaharcha”lar tashkil etiladi – Prezident qarori  

Hududlarda yoshlarga raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarni o‘rganish uchun qo‘shimcha sharoitlarni yaratishga qaratilgan IT-shaharcha”lar tashkil etiladi – Prezident qarori   

Foto: Digital. uz

Hududlarda yoshlarni zamonaviy kasb va xorijiy tillarga o‘qitish, ularda raqamli texnologiyalardan foydalangan holda, shu jumladan xalqaro miqyosda xizmatlar ko‘rsatish orqali yuqori daromad topish ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, joylarda raqamlashtirish sohasidagi mutaxassislar tayyorlash faoliyatini kengaytirish hamda eksport qilish salohiyatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidening “Hududlarda yoshlarga raqamlashtirish va xorijiy tillarni o‘rganish uchun qo‘shimcha sharoitlarni yaratishga qaratilgan “IT-shaharcha”lar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2024-yil 15-maydagi PQ-178-son qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, hududlarda yoshlarni raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarga o‘qitishga yo‘naltirilgan “IT-shaharcha”lar tashkil etiladi.

Shuningdek, quyidagilar “IT-shaharcha”larning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanmoqda:

– yoshlarni raqamli texnologiyalar sohasiga yo‘naltirish, ularni mazkur sohada bilim egallash bo‘yicha intilishlarini rag‘batlantirish;

– seminarlar, mentorlik dasturlari va onlayn ta’lim resurslari orqali yoshlarda ularning mehnat bozorida muvaffaqiyatga erishishiga yordam beruvchi raqamli texnologiyalar sohasidagi ko‘nikmalarni shakllantirish va rivojlantirish;

– dasturlash, raqamli texnologiyalardan foydalangan holda xizmatlar ko‘rsatish yo‘nalishlarida ta’lim berish, xorijiy tillar, shu jumladan, ingliz tiliga o‘qitish orqali yoshlarning bilim va salohiyatini oshirish;

– yosh avlodni zamonaviy kasblarga o‘qitish, shuningdek, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish ko‘nikmalarini oshirish.

Qarorga muvofiq, hududlarda tashkil etiladigan “IT-shaharcha”lar Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi” davlat muassasasining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan bo‘linmalari hisoblanadi.

Markaz “IT-shaharcha”lar faoliyatini samarali tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha quyidagilarni amalga oshiradi:

– yoshlarga bepul ta’lim olish uchun qulay sharoitlar yaratadi, ta’lim jarayonlari sifatli tashkil etilishi va amalga oshirilishini ta’minlaydi hamda yoshlarga xalqaro masofaviy ta’lim platformalarida bilim olish imkoniyatini yaratadi;

– ta’lim berish uchun mentorlarni jalb qiladi, ular bilan shartnomalar tuzadi, shuningdek, bilim va ko‘nikmalarini doimiy oshirib boradi;

– “IT-shaharcha”lar faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda yuklatilgan vazifalar ijrosi nazoratini amalga oshiradi;

– o‘quv dasturlariga binoan yoshlarning bilim olishi va ko‘nikmalar egallashi, shuningdek, mashg‘ulotlar bo‘yicha davomatini monitoring qilib boradi;

– Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda “IT-shaharcha”larda yoshlar ishtirokida sohaga oid turli musobaqalar, tanlov va boshqa tadbirlarni tashkil qiladi;

– “IT-shaharcha”lar faoliyatini doimiy ravishda rivojlantirib boradi hamda samaradorligini oshirish choralarini ko‘radi.

Qarorga ko‘ra, “IT-shaharcha”lar dastlab 15 ta hududda – Chimboy, G‘ijduvon, Zomin, Sharof Rashidov, Forish, Xatirchi, Pop, Shahrisabz, Qo‘shrabot, Sariosiyo, Sirdaryo, Parkent, Toshloq va Tuproqqal’a tumanlari hamda Xonobod shahrida tashkil qilinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring