Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Har qanday ehsonning ham to‘lovi bor — Hindistonda 5G hamdemay pulli bo‘ladi

Har qanday ehsonning ham to‘lovi bor — Hindistonda 5G hamdemay pulli bo‘ladi

Foto: The New Indian Express

Hindiston mobil aloqa operatorlarining “Bepul 5G — hammaga va har kimga” beqiyos aksiyasi mantiqiy yakuniga tobora yaqinlashmoqda. 2024 yilning ikkinchi yarmidan beshinchi avlod tarmoqlari tariflari LTE (4G)-tariflarga nisbatan 5-10 foizga qimmatlashadi, deyishmoqda tahlilchilar.

Umuman olganda, boshqa mobil aloqa xizmatlarining narxlari ham kamida 20 foiz qimmatlashishi kutilyapti. Aslida shunga qarab ketayotgandi — Hindiston telekom-xizmatlar qiymati eng arzon mamlakatlardan biri, ammo operatorlarning xarajatlari buning g‘irt aksi. Mamlakatda yillik inflyasiya 5,5-6 foiz darajasida saqlanib turibdi.

2022-yil oktyabridan kimoshdida 5G chastotalarni sotib olish va tarmoqlarni qurishga operatorlar anchagina mablag‘ sarflashlariga to‘g‘ri keldi. Masalan, bozor karvonboshisi Jio beshinchi avlod tarmoqlarini rivojlantirishga 25 mlrd AQSh dollari sarflashga va’da bergan, shundan 10,6 mlrdni 5G-spektrni sotib olishga to‘ladi. Ikkinchi yirik operator — Airtel spektr xaridiga ikki hissa kam — $5,2 mlrd sarfladi, tarmoqni qurishga uch yil (2023–2025) davomida $9 mlrd ishlatadi.

Hind operatorlari anchadan buyon yangi mobil xizmatlarni monetizatsiya qilishmayotgandi. Mijozlarni beshinchi avlodga ko‘chirish va yangi abonentlar orttirish payida bo‘lgan Jio va Airtel foydalanuvchilarga LTE-tariflarda bepul 5G-trafik taqdim etib kelishayotgandi. “Beshinchi avlodga o‘tish to ommalashmagunicha bu xizmatlar uchun pul olmaymiz”, — deya va’da berishgandi operatorlar. Va o‘sha kunlar yaqin qoldi. Hindistonda 5G-abonentlar soni hozir 125 mln nafar, 2024-yil yakunida 200 mlnga yetadi — ommalashish bo‘lsa shunaqa bo‘ladi-da, hisob-kitob fursati yetdi.

Ta’kidlash kerakki, 5Gdan foydalanish imkoniyati — Hindistondagi boy va kambag‘al qatlamni jarlik misoli ajratib turibdi — beshinchi avlod xizmatlaridan taxminan 300 mln kishi foydalanishi mumkin, 1 milliarddan ortiq aholi “o‘yindan tashqarida”. Boy toifa deyilayotganlar kuniga 1 dollardan ortiq topuvchilar — mobil xizmatlar xarajatlari 3 dollardan 5 dollargacha, hatto $10 dollargacha oshishi yoki bo‘lmasa, binoyiday 5G-smartfon sotib olish ularga muammo emas. Hindistonda beshinchi avlod mobil aloqa tarmog‘idan foydalanishga o‘tish raqamlashtirishni kuchaytirishga emas, aksincha, jamiyatdagi ijtimoiy toifalanishning yanada yaqqol nishonasiga aylanishi, raqamli tengsizlik muammosini bundan-da chuqurlashtirishi mumkin.

Bu boradagi yechimlardan birini davlatga qarashli BSNL (Bharat Sanchar Nigam Limited) hal etishi mumkin — korxonasi kelgusi yili 5Gni ishga tushirmoqchi. Yaxshi, biroq shubhali tashabbus. Raqamli tengsizlik muammosini hal qilishdan oldin kambag‘allik va qashshoqlikka barham berish kerak. BSNL tashabbusi aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qamrab olsa ham katta gap.

Shu o‘rinda e’tiboringizni yana bir Osiyo mamlakati — Malayziyaga qaratamiz: bu yerning hukumati va’da berishicha, operatorlar 5G-xizmatlar uchun foydalanuvchilardan qo‘shimcha to‘lov olmaydi. Ammo u yerda vaziyat tamomila boshqacha. Birinchidan, 5Gdan foydalanuvchilar soni hozircha juda oz, toki bu ko‘rsatkich muayyan cho‘qqiga chiqmas ekan, narxlarni oshirish haqida gapirishga erta. Ikkinchidan, bu mamlakatda ARPU (operator bir foydalanuvchidan oladigan o‘rtacha daromad) 2022-yilda 10 dollarga yetdi, ya’ni Hindistonga nisbatan bir necha barobar yuqori.

Eng asosiy va muhim jihat, 5G Malayziyada — monopoliya, bo‘lganda ham davlatniki. Bu muammoni oldingi hukumat yaratib, keyingi hukumatga meros qoldirgan. Hozir beshinchi avlod xizmatlari DNB — yagona infratuzilma operatori orqali tijoriy operatorlar tomonidan taqdim etilyapti. Monopoliya sharoitida narxlarning oshirilishini asoslab berish deyarli ilojsiz masala, xalqning g‘azabiga uchrash, siyosatchilarning reytinglari pasayib ketishi mumkin. Malayziyada 5G-tarmoqlarning qurilishi jiddiy korrupsion va operatorlar o‘rtasidagi mojarolar bilan ham esda qolgan, shunday ekan narxlarni oshirish hozircha yopiq masala. Hech bo‘lmaganda hozirgi hukumat faol qurayotgan ikkinchi 5G-tarmoq qurilishi bitguniga qadar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring