Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Sun’iy intellekt inson zehniga raqib emas, ko‘makchidir

Sun’iy intellekt inson zehniga raqib emas, ko‘makchidir

Sun’iy va tabiiy qarshi birikmalari yonma-yon qo‘llanilganida ko‘pincha tabiiysi ijobiy, sun’iysi salbiy taassurot qoldiradi. Nimaiki sun’iy bo‘lsa, u bizga samimiylikka yo‘g‘rilmagan sovuq energiya taratadigandek go‘yo. Ammo mustasnolar ham bor. Masalan, axborot texnologiyalari olamiga tegishli sun’iy intellekt iborasi ravnaq, taraqqiy, qulaylik kabi pozitiv fikrlarga boshlaydi.

Aslida informatikaning bir bo‘g‘ini hisoblangan sun’iy intellekt so‘nggi yillarda sezilarli darajada gullab yashnadi. Uni turli sohalarda qo‘llash tufayli xodimlar va mijozlarning og‘iri yengil bo‘lmoqda. To‘g‘ri, ba’zi tadqiqotchilar uning salbiy jihatlariga urg‘u berganlar. Masalan, britaniyalik olim Stiven Xoking sun’iy intellektga inson aqlini o‘tmaslashtiruvchi manba sifatida qaraydi. Uning xavotiriga ko‘ra, sun’iy intellekt inson aqliga tegishli bo‘lgan ulushni ham to‘liq band qilib olishi mumkin, bu esa yaxshilikka xizmat qilmaydi.

Bu robotlar insonlarning o‘rnini egallab oladi, degan farazga o‘xshab ketadi. Lekin ayni prognozda to‘lig‘icha haqiqat mujassam emas. Chunki sun’iy intellekt ham, robototexnikalar ham inson zakovatining mahsulidir, u cheksiz idrok sohibi bo‘lmish odamlar tomonidan o‘ylab topilgan. Buyuk texnologlar va olimlarning yetishib chiqishi sun’iy intellekt sohasini ham oldinga siljitadi. Sun’iy intellekt - yordamchi texnologiya, u hayotni qulaylashtiradi. O‘zi esa inson ongi, aqli, tajribasi orqali boshqariladi va nazorat qilinadi.

Sun’iy intellektning qamrovi tobora kengaymoqda. Bugungi kunda changyutgichdan tortib fazoviy stansiyalargacha uning xizmatidan bahramand. Sun’iy intellekt rivojlangan mamlakatlar iqtisodiy barqarorlikka yuz tutmoqda. U nafaqat qulaylik, balki farovon va to‘kin hayotning ham garoviga aylandi. Zotan, bank tizimiga sun’iy intellektning kirib kelishi jarayonlarni tezlashtirdi. Biznesni u orqali amalga oshirish daromaddagi o‘sishni kafolatladi.

Yoki tibbiyotdagi o‘rnini olaylik. Sog‘liqni saqlash sohasida sun’iy intellektning qo‘llanilishi shifokor va bemor hamkorligini kuchaytirdi, tashxislarning aniq, oson va tez qo‘yilishini ta’minladi, murakkab tibbiy amaliyotlarni jo‘n, og‘riqsiz va tejamkor holatga keltirdi.

Rivojlangan mamlakatlar sud-huquq sohasida sun’iy intellektni qo‘llab, adolatlilik va erkinlik avvalgidan ko‘proq aks etganiga guvohlik berdilar. Bu korrupsion holatlarga chek qo‘ygani ham ayni muddao bo‘ldi.

Ba’zan sohaga oid yangiliklarni o‘qib, sun’iy intellekt qoyil qilgan ishlarni fantastik hikoyaga o‘xshatasiz, aql bovar qilmaydi. Lekin ular bugungi kun haqiqati. Chindan-da sun’iy intellekt yetakchilikni qo‘ldan boy bermayapti. Sun’iy aqlning mashinani boshqarish, jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish, uy yumushlarini bajarishga qodirligi, advokatlik, psixologlik, bog‘bonlik, o‘qituvchilik kabi ishlarni uddalashi hayratingizni oshirishi tabiiy. Yana katta afzalliklaridan biri bunday tizimlar vaqtni tejaydi, navbat kutish yoki qo‘l bilan bajariladigan ishlarga sarf etiladigan vaqtda insonga boshqa unumli mehnat bilan shug‘ullanish, o‘z ustida ishlash imkonini beradi.

Ba’zan insonning his-tuyg‘ulari to‘g‘ri qaror qabul qilishga monelik ko‘rsatib qo‘yadi. Sun’iy intellektning ishiga qalb amri aralashmagani, hayotiy taassurotlardan xoli ekanligi aksariyat hollarda adolatli va sifatli natijaga sababchi bo‘ladi. Masalan, sud hukmini o‘qish arafasida sudya jabrlanuvchi yoki ayblanuvchi taqdirida o‘z hayotidagi sahnalardan bir parcha ko‘rishi, bu nafrati yoxud himmatini kuchaytirib yuborishi mumkin. Buning in’ikosida ish yuzasidan noo‘rin, noxolis xulosa chiqarish ehtimoli bor. Sun’iy intellekt asosida ishlaydigan neyroprokuror va robot-sudyalar esa qonunchilik moddalarigagina tayanadi. Ular ko‘z yoshlarga ishonmaydilar va manipulyasion ta’sirlardan ozodlar. Pora olish haqida-ku, gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas.

Bor dardini o‘ziga o‘xshagan bir odamga aytib, hamma sirini to‘kib solish, so‘ng maxfiy saqlanishidan xavotirda yuradiganlar uchun haqiqiy emas, robot-psixologlar qo‘l keladi. To‘g‘ri, temir dardkashingiz sizni bag‘riga bosolmaydi, ammo uning oldida ko‘proq ochilishingiz, o‘zingizni erkin tutishingiz mumkin. Albatta, undagi sun’iy intellekt jonli psixologdan qolishmagan holda aniq ilmiy qonuniyatlar asosida sizga o‘rinli tavsiyalar berishga yaraydi.

Bunday misollarni ko‘p keltirish mumkin, lo‘ndasini aytganda, sun’iy intellekt inson aqli bilan raqobatlashmaydi, balki uning imkoniyatlarini kengaytiradi. Mazkur universal texnologiya har qanday sohadagi jarayonlarni shaffoflashtiradi va samarani yuksaltiradi.

Ayrim ekspertlar sun’iy intellekt ma’lum toifa va buyruqlarga bo‘ysungan holda ishlaydi, unda ijodkorlik yo‘q, inson aqli esa bunga qodir, deya fikr bildiradilar. Ammo, gap shundaki, sun’iy intellekt jalb qilingan jabhalar har doim ham ijodkorlikni talab qilavermaydi, ularda aniq faktlar bilan ishlash ustuvorlik kasb etadi. Sanash, saralash, hisoblash kabi yumushlarni sun’iy intellektga yuklagan inson tayyor natijani tahlil qilishga kelganda o‘zining tabiiy aqli, tug‘ma iste’dodlari va ijodkorlik qobiliyatlaridan foydalangani nur ustiga a’lo nur. Ana shunday uyg‘unlikda ishlash muvaffaqiyatga yetaklaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring