Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

9 yil davomida ilk marotaba TechWomen dasturida O‘zbekiston jamoasi g‘alaba qozondi!

9 yil davomida ilk marotaba TechWomen dasturida O‘zbekiston jamoasi g‘alaba qozondi!

TechWomen — bu STEM sohasida qizlar va ayollar uchun professional bilim va tajriba almashinuv dasturi bo‘lib, dastur doirasida ishtirokchilar 5 hafta mobaynida Amerika kompaniyalarida tajriba orttiradilar va o‘z mamlakatlari rivoji uchun ijtimoiy loyiha ustida ishlaydilar.

Ota-onalarni bolalarda autizm spektri buzilishi to‘g‘risida boxabar qilish maqsadida yaratilgan "Bolajonim" loyihasi esa O‘zbekiston jamoasiga 9 yillik ishtirok davomida ilk marotaba g‘alaba olib keldi.

Bugungi kunda haqiqatan ham mamlakatimizda autizm spektri buzilishining erta aniqlash bo‘yicha malakali mutaxassislarning yetishmovchiligi va qolaversa, ota-onalarda ham yetarlicha bilim va ko‘nikmalar mavjud emasligi ko‘plab muammolarga olib kelmoqda.

Jumladan, kasallikning kech aniqlanishi davolanish imkoniyatlarini ham cheklaydi.

Natijada, autizm sindromiga ega bolalar rivojlanishdan ortda qoladi, bu esa ularning jamiyatga integratsiyasini va mehnat faoliyatini qiyinlashtiradi.

Kasallikni erta aniqlash esa 66,67 foiz hollarda bolajonlarni jamiyatga muvaffaqiyatli integratsiya qilish imkoniyatini oshiradi.

AQSh statistik ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi zamonda har o‘ttiz oltinchi bola autizm xavfiga duch kelmoqda.

"Bolajonim" loyihasi ota-onalarga Telegram orqali o‘zbek tilida M-ChAT-R/F metodi yordamida skrining o‘tkazishni taklif qiladi.

Oddiy test autizm xavfini aniqlashga va davolash muolajalarini erta bosqichlarda boshlashga yordam beradi.

Loyiha ishtirokchilari ayni damda pediatrlar bilan hamkorlik qilishni va raqamli platformaga integratsiyalash uchun Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Mazkur loyiha 400 nafar bolaga xizmat ko‘rsatadigan xususiy klinikada sinovdan o‘tkaziladi va keyinchalik davlat klinikalariga ham kengaytiriladi.

2026-yilga qadar teletibbiyot va pullik maslahatlar bilan to‘liq ilova ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Aytish joizki, “Bolajonim“ jamoasi iqtidorli xotin-qizlardan tashkil topgan bo‘lib, ular:

  • Natalya Ni – loyiha menejeri;
  • Dinara Rustami – ekologiya bo‘yicha maslahatchi va loyiha koordinatori;
  • Shohista Ergasheva – texnik mahsulotlar menejeri;
  • Ra’no Siddiqova – hamkorlik bo‘yicha menejer;
  • Dilbar Umarova – loyiha menejeri.

Umid qilamizki, ushbu g‘alaba loyiha ishtirokchilariga uni rivojlantirish uchun yanada yangi imkoniyatlar eshigini ochadi va “Bolajonim“ loyihasi O‘zbekistondagi ko‘plab xonadonlarga quvonch olib kiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring