Internet boshqa OAVlarni sindirish uchun yaratilmagan
Axborot texnologiyalari taraqqiy topgan hozirgi jamiyatda “Yaqinda hech kim gazeta o‘qimay, radio eshitmay, televizor ko‘rmay qo‘yadi, internet barchasini sindiradi”, degan fikr, to‘g‘rirog‘i, qo‘rquv mavjud.
Ehtimol, bu umidsizlik in’ikosidir. Ammo, haqiqat shuki, internet boshqa OAVlarni yo‘qqa chiqarmaydi, u bunday maqsadda vujudga kelmagan. Bunday farazlar tarixan ham o‘zini oqlamagan. Binobarin, televideniye insoniyat hayotiga kirib kelganida “Endi gazetadan tortib kitob, radio, teatrgacha kasodga uchraydi”, degan gaplar bolalagandi.
O‘nta bo‘lsa o‘rni boshqa, deganlaridek, internet rivoji boshqa OAVlarni barbod qilmaydi. So‘zimizni davom ettirib aytamizki, sinmaslik uchun boshqa axborot vositalarining o‘zida ham sifat va ta’sirchanlik bo‘lishi shart. O‘zi shundog‘am kunini zo‘rg‘a ko‘rayotgan, sahifalari “suv”dan iborat gazetaning sinishiga internet aybdor emas, balki bir bahonadir. O‘z auditoriyasi talabiga monand ishlayotgan gazeta tahririyati, radio va telekanallar internet bo‘roni ostida ham omon qoladi.
Internet-do‘kon bir imkoniyat o‘laroq paydo bo‘lgach, ko‘chadagi bozorlar yo‘q bo‘lib ketmaganidek, veb-olamda axborot resurslarining ko‘payishi media olamni boyitib berishi mumkinki, aslo boshqacha daxl solmaydi. Shuningdek, sifat va samaraga ega gazeta, radio, televideniye, kitob nashriyotlari o‘z faoliyatiga axborot texnologiyalarini singdirib, auditoriyasini yanada kengaytirib olishga muvaffaq bo‘ladi. Nufuzli nashrlar global tarmoqning paydo bo‘lishidan faqat foyda ko‘rdi, chunki ular internet imkoniyatlariga tezda moslashdi va endi u bilan tandemda harakat qilmoqda. Bugun gazetaning internet-talqini va uning bosma nashrlari yaxshi uyg‘unlashgani, bir-birini to‘ldirayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Ijtimoiy tarmoqlar aholining salmoqli qismini qamrab olganiga qaramay, jurnalist kasbi ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Hamon auditoriya bexato yozilgan matn, sifatli tasvir va adabiy til yangraydigan radioefirlarga, mutolaa zavqiga muhtoj. Faqat internet ularning faoliyatiga oyna tutib, kamchiliklarni yuzaga chiqarib qo‘ydi, xolos. Buni xatolarni vaqtida tuzatish uchun yaxshi bir saboq, deb qabul qilish kerak. Xalqda ishonchli axborot ehtiyoji uzluksiz davom etadi va bu borada OAVlar raqobatdan ko‘ra hamkorlikka ko‘proq urg‘u bersalar, to‘g‘riroq bo‘ladi.
Internetning paydo bo‘lishi bilan jurnalistikada yangi davr boshlandi. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalari vakillari jurnalistikada ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlardan yaxshi xabardor bo‘lishi, odamlarning ehtiyojlarini to‘g‘ri aniqlashi va xalq talablariga javob beradigan axboriy mahsulotlarni taqdim eta olishi kerak.
To‘g‘ri, hozirda bosma ommaviy axborot vositalarining hayotimizdagi o‘rni o‘tgan asr oxiridagidek katta emasdir. Gazetalar axborot poygasida nafaqat internetga, balki televideniye va radioga ham yutqazib qo‘yayotganini tan olishga majburmiz. Ammo ularning yashab ketishiga umid so‘nmagan. Bitta odamning o‘zi kun davomida bir necha OAVga muxlislik qilishi ham sir emas. Masalan, faol internet foydalanuvchisi bo‘lish bilan bir qatorda mashina haydab ketayotganda radio tinglash, uyda kechki ovqat payti televizor ko‘rish, ertalab gazeta va jurnallarni varaqlash zamonaviy insonning kun tartibidan o‘rin olgan.
Internet yagona OAVga aylanib qolish hadigi sun’iy intellekt, neyrotarmoqlar, robototexnika taraqqiyotidan ish o‘rinlari qisqarib, odamlar ishsiz qolishidan qo‘rquv bilan juda o‘xshash. Aslida bu sohalarning kengayishi mutaxassislarning ishini osonlashtirishi, yangi ish o‘rinlarini paydo qilib, xodimlar vaqti va mehnatini tejashi rost-ku. Ularning yaratilishidan ham maqsad shu bo‘lgan. O‘z navbatida, internet ham boshqa OAVlarni sindirish maqsadida o‘ylab topilgan emas.
Demak, qo‘rquv iskanjasidagi OAVlar o‘z ishlarini qayta ko‘rib chiqishlari, interaktivlikka intilib, aholi o‘y-fikrlarini ko‘proq ko‘rsatib berishga harakat qilishlari kerak. Shunda internetga mukkasidan ketgan avlod vakillari orasidan davriy nashr o‘qish va radio tinglashdan, televizor qarshisida vaqt o‘tkazishdan zavqlanadiganlar ko‘p topiladi. Oddiy qilib aytganda — “Karvon ko‘p, rizqi bo‘lak”.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter