O‘quvchi ta’tilda dam olishi kerakmi yoki o‘qishi?
Yozgi ta’til boshlandi — ota-onalarni dam olish oylaridan qanday foydalanish, farzandlarini nima bilan band qilish masalasi o‘ylantirmoqda. Bu borada oilalar qarori asosan ikki turli bo‘ladi. Bir qismi yozni soz o‘tkazish, mazza qilib hordiq chiqarishni afzal biladi: “Ta’til bekorga berilmaydi”, deydilar ular. Ota-onalarning yana bir qismi esa bolani bo‘sh qoldirmaslik, fanlardan qo‘shimcha darslar, to‘garaklar, chet tili repetitorlari bilan band qilishga kirishadilar. Xo‘sh, qay tarafning tutgan yo‘li to‘g‘ri?
Shak yo‘qki, ta’til o‘quvchi dam olishi, kelasi o‘quv yiliga kuch to‘plashi uchun joriy etilgan. Aslida kattalarga nisbatan qo‘llaniladigan “Yaxshi dam — mehnatga hamdam" naqli o‘quvchi bolajonlarga ham taalluqli. Vaqtida dam olgan bola yaxshi o‘zlashtirishga qodir bo‘ladi. Ammo bu omillarni rad etmagan holda aniq ayta olamizki, ta’lim olishda ta’til va tanaffus yo‘q! Zotan, ta’lim uzviy jarayon. Ilm olish to‘xtatilsa, avval to‘plangan bilim zaxirasiga ham putur yetadi.
O‘ylab ko‘ring, qo‘liga diplomini olgan mutaxassis izlanishdan to‘xtaydimi? Ha, bo‘lishi mumkin, faqat oqibat keraksiz kadrga aylanish bilan yakunlanadi-da. Kelajagi bor mutaxassis esa bir ishning boshini tutgandan keyin ham o‘qib o‘rganishda davom etadi. Balki oldingidan ham ko‘proq ilm to‘plashga intiladi. O‘quvchining holati ham xuddi shunday. Agar u ta’tilga chiqqanidan sevingan holda o‘qish, o‘rganish, o‘z ustida ishlashga chek qo‘ysa, kelasi o‘quv yilida fanlarni o‘zlashtirishga qiynaladi. Chunki inson ong osti sharoitga moslashishga usta. Qisqa vaqt davomida ma’lumot qabul qilmagan miyaga shunday ishlash yoqib qoladi. “Beshikdan qabrgacha ilm izla” degan azaliy ta’limotni esga oling. Demak, ilm uzluksizlikni sevadi, u doimiy davom ettirilishga moyil. Aks holda borini ham yo‘qotadi. Ya’ni, esdan chiqarishni boshlaydi. Ilmning ofati — unutishdir.
Ta’til maktabning talab va tartiblariga amal qilish bo‘yicha o‘quvchiga berilgan damdir. E’tibor bering: talab va tartiblarga, aslo ta’limga emas! Bu degani — ta’tilda imtiyozga ega bo‘lgan o‘quvchi har kuni erta tongdan uyg‘onmaydi, forma kiymaydi, belgilangan soatlarda darsda o‘tirmaydi, uyga vazifani bajarib topshirmaydi. Balki ta’limning ixtiyoriy, individual, o‘ziga moslashtirilgan shaklida ilm olishni davom ettiraveradi. Masalan, to‘garaklar soat 11 da boshlanishi, kechki payt repetitorga qatnashi, darsliklar emas, badiiy kitob o‘qishi mumkin. Peshinda uxlab olish, sport bilan shug‘ullanish, oromgoh, muzey va ko‘rgazmalarga borish imkoniyatiga ega. Erkinlikning chegarasi shunda va buni har bir ota-ona hamda o‘quvchi tushunishi lozim.
Kim ta’tilni ko‘chada daydish, o‘rtoqlari bilan sang‘ish, kun bo‘yi yastanib yotish, televizorga mixlanish uchun qulay palla deb tushunsa, yanglishadi va yutqazadi!
Va aksincha, ta’til o‘z ustida ishlash uchun zo‘r sharoitdir. Eng a’lochi o‘quvchining ham kamroq biladigan, qiynalib tushunadigan fani yoki mavzusi bo‘ladi. Ta’til esa ana shu kemtikni to‘ldirishga xizmat qilsa, ayni muddao. Hech bir ota-ona farzandi o‘quv yilini “5”ga bitirgani, 25 may kuni faxriy yorliq ko‘tarib kelgani bilan xotirjam bo‘lmasligi darkor. Tan olish kerak, maktablarda baholar nisbiy qo‘yiladi. O‘quvchining faqat bilimi emas, intizomi, davomati, o‘zini tutishi, formasi-yu muomalasi inobatga olingan holda baholanadi. Xo‘p, bolangiz chindan ham hamma fanlarni yaxshi o‘zlashtirar, bilimi kuchlidir, baribir do‘ppini osmonga otishga shoshilmang. Ta’tilda uni shu vaqtgacha notanish bo‘lgan yangi sohalar, masalan, robototexnika, dasturlash, mental arifmetika kabi dars jadvalidan o‘rin olmagan fanlarga jalb qilishingiz, qo‘shimcha xorijiy tillarni o‘rganishga undashingiz mumkin.
Afsuski, ba’zi ota-onalar, bobo-buvilar bolalar oldida “Men ham oddiy maktabda o‘qiganman”, “Ikkiga o‘qigan bo‘lsam ko‘p pul topyapman”, “Bezori o‘quvchi edim”, “Ko‘chada o‘qiganman”, kabi xotiralarini namoyishkorona bo‘lishadilar. Bilmaydilarki, zamon o‘zgargan, talablar boshqacha tus olgan. Bugunimiz va kelajagimiz ilmli, izlanuvchan, zukko kishilarni o‘z qahramoniga aylantiradi. Ha, har doimgidanda ko‘proq izlanish — davr talabi. Shunday ekan, bekor o‘tkazish uchun uch oy yoz juda ko‘plik qiladi. Uning har bir kunini nimadir o‘rganish bilan o‘tkazish esa kelajakdagi yorqin hayotni kafolatlaydi.
Farzandingizni ortiqcha ayamang, achinmang. Agar chindan ham unga mehribon bo‘lsangiz, ta’limi uchun ko‘proq sarmoya kiriting, bilim darajasini tekshiring, o‘qishini nazorat qiling, yordam bering! Sizning eng katta himmatingiz shu. Ota-onadan farzandga qoldiriladigan eng boy meros — ilm. Yoshlar tani sog‘, aqli butun, xotirasi kuchli davrdan unumli foydalanib olsin. Bolam qiynalib qoladi, deb o‘ylamang. Yo‘q, qiynalmaydi. Qiynalsa ham mayli. Ertaga bilimsizlikdan hayot murakkabliklari oldida ojiz qolgandan ko‘ra bugun zahmat chekkani ma’qul.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter