Boshlagan ishini tugatolmaydiganlar psixologiyasi
Siz bunday odamlarni taniysiz. Balki bugungi qahramonimiz o‘zingizdirsiz. Qadimgi yunon afsonalaridagi Sizifga qiyoslanadigan bunday kishilar boshlagan ishini yakunlamaslikka odatlangan. Og‘ir toshni tog‘ cho‘qqisiga olib chiqishga mahkum etilgan va har gal cho‘qqiga yetganida pastga qulagach mashaqqatini qayta boshlagan Sizifni eslagan bo‘lsangiz kerak. Uning ruhiyatidagi insonlar ham xuddi shunday: Muhim ishlarni boshlashadi, bajarishga intilishadi, mehnat qilishadi, lekin yakunga yetib borishmaydi. Yarim yo‘lda maqsadlari o‘zgarib tark etadilar va boshqa ishni boshlaydilar. Hech bo‘lmasa keyingisi oxiriga borsa koshkiydi.
Har bir inson o‘z hayot ssenariysiga ega. Biror ishni o‘zlashtirolmaydiganlar, oxirigacha oborlomaydiganlarga "Talaba ssenariysi" taalluqlidir. Chunki ular bir ishning ko‘zini bilish uchun obdan o‘rganadilar, unga zehn, xotira, tafakkur, vaqtlarini sarflaydilar. Lekin mehnat mevasini ko‘rish sahnasigacha yetib borolmaydilar. Chunki bu payt yana boshqa ishni boshlab o‘rganayotgan bo‘ladilar. Bir so‘z bilan aytganda, ular boshlashni yaxshi ko‘radilar, tugatishni esa yomon ko‘radilar. Bunga ong ostidagi yanglish dasturlar sababchidir.
"Talaba ssenariysi"ning yana bir nomi "Deyarli". Ya’ni, unda ishlar deyarli bitadi va shu ta’rifdan nariga o‘tolmay qotib qoladi. Kasbini, ish joyini, daromad manbaini tez-tez o‘zgartirib turadiganlar ana shu ssenariy asosida yashaydilar. Ular ish jarayonida tug‘ilgan muammoga nisbatan yagona yechim sifatida tugatishni ko‘radilar.
Bunday insonlar yetishib chiqishiga bolalikdagi tarbiya usuli zamin hozirlaydi. Ota-onasi qattiqqo‘l, kattalar fikri hukmron oilalarda bola buyruqlarga darrov itoat etadi. Masalan, bola rasm chizib o‘tiribdi, onasi ovqatga chaqirdi. Agar unga darrov bajarish talabi qo‘yilsa, qo‘lidan qalamni qo‘yadi. Bu hol muntazam ravishda takrorlangach, ovqatini yeb bo‘lgach, yana rasmga qaytmaydi, balki boshqa ishga unnaydi. Yoki yana bir misol - bolaga kiyinishni buyurdingiz, u ustiga kiyimini ildi, lekin tugmachalarini taqayotganida sabringiz chidamay "Ber, o‘zim" deysiz. Bola ong ostida "Men boshlagan ishni boshqalar tugatishi kerak" degan faraz uyg‘onadi va bu bir umr hamrohliklik qilishi mumkin.
Demokratik tarbiya ustun oilalarda bolaga o‘z vaqtini taqsimlash huquqi beriladi va bu foydali ko‘nikma katta bo‘lganida boshlagan ishini tugatish instinktini shakllantiradi. Hozir har bir so‘zi qonunligidan sevinayotgan ota-onalar ertaga farzandi bir ishning boshini tutmagani, biror yerda muqim ishlamay shoxdan shoxga qo‘nishidan og‘rinib qolishlari mumkin. Albatta, oilada ota-ona hurmatga loyiq shaxslar, ularning ko‘rsatmalariga amal qilish shart. Ammo bola olamini ham hisobga olinishi kerak. Ish buyurishdan oldin bolani kuzatish, band bo‘lgan yumushini tugatib olishini kutish maqsadga muvofiq.
Chala ishlaydiganlarda ham o‘zini boshqarish qobiliyati, ichki ishonch, motivatsiya yetarli bo‘ladi, ammo qaysidir nuqtaga kelganda tark etish qonuniyati tarozida og‘ir tosh bosadi. Ular uchun boshidan boshlash oson va zavqlidir. Chunki ong ostida "Baribir muvaffaqiyatli tugallanmaydigan ishni davom ettirib nima qilaman?" ritorik savoli yashaydi.
Ushbu xarakterga mansub insonlarning ko‘pchiligi o‘z tabiatidan nolimaydi. Bu tashqaridagilarning asabini buzishiga qaramay, o‘ziga salbiy xislat bo‘lib ko‘rinmaydi. Shu bois undan xalos bo‘lishni ham istamaydilar. Ularni odatlaridan voz kechishga ko‘ndirish uchun ancha mehnat qilishingiz kerak. Ammo shundaylar ham borki, chala ish qilishini biladi va bu o‘ziga ham yoqmaydi, faqat tarki odat amrimahol, deganlaridek qayta tarbiyalashda qiynaladilar.
Ularga ong ostini qayta dasturlash, bu uchun kelajakka nekbin nigoh bilan qarash, orzular ushalishiga ishonish, omadga o‘zini loyiq deb bilish maslahat beriladi. Qo‘rquvni yengish, har qanday natijaga tik qaray olishni o‘rganishlari kerak. Axir istalmagan natija ham natijasizlikdan ko‘ra yaxshi-ku.
Ishni o‘ylab boshlash, o‘rtamiyonalikka amal qilish, ko‘rpaga qarab oyoq uzatish muhimligini tushuntirish kerak. Agar o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholay olgan holda ishga kirishsalar va u muvaffaqiyatli yakunlansa, keyingi ishlarni ham oxirigacha olib borishga qodir bo‘ladilar.
Maqolamiz qahramonlari uchun foydali shior: "Tugatilmagan ish boshlanmagan ishdir". Demak, nimani boshlagan bo‘lsangiz, tugatishingiz shart. Aks holda tark etilgan nuqtagacha qilgan mehnatingiz hisobga o‘tmaydi.
Ular shu paytgacha "Ishni qilsang puxta qil, puxta qilmasang, nuqta qil" naqliga qattiq tayanib yashaganlar. Endi esa nuqta bilan birga vergul ham borligi, har qanday vaziyatda davom etish mumkinligi anglash fursati yetdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter