Plagiator ko‘chirishni o‘g‘rilik emas, mehnat deb biladi
Ijod - zavq, ijod - rohat. Insondagi bunyodkorlik energiyasi shaxs sifatida takomillashuvga chorlaydi. Alloh o‘zining yaratuvchanlik sifatidan bandalarini ham ma’lum miqdorda nasibador etib, qobiliyat bilan ne’matlantirgan. Iste’dodi va iqtidoridan to‘g‘ri foydalana olgan inson buyuk ishlarga bosh bo‘ladi, odamlar uchun foydali kashfiyotlar, ixtirolarga qo‘l uradi.
Ijod mahsuli muallifning bir qismidek gap. Kimdir uni "o‘z bolamdek" deb ta’riflaydi. Shunday ekan, uni o‘g‘rilar, qaroqchilar qo‘lida qolishini hech bir ijodkor xohlamaydi, albatta. Axborot texnologiyalari rivoji qobiliyatlarini yuzaga chiqarish istagidagilarga qulay ijodiy maydon qurib berdi. Ammo shu bilan bir qatorda uni osongina o‘zlashtirish payida bo‘lganlarning ham ishi tez bitmoqda.
Barcha mamlakatlar qonunchiligida mualliflik huquqini buzganlik uchun jazo choralari joriy etilgan. Bu himoyani kuchaytirishda muhim asos, albatta, lekin mazkur holat sodir bo‘lishi sabablari, psixologik omillarni o‘rganish muammoning oldini olishga xizmat qiladi. Shunda ko‘chirmakashlikka ham, qilmish egalarini jazolashga ham hojat qolmaydi.
Kimlarningdir tabiatida o‘g‘rilikka moyillik tabiiy ravishda mavjud bo‘ladi. "Nega?" deya hayron bo‘lishdan avval "Ular kim?" savoliga javob beraylik. Bolalikdan mehr tanqisligida ulg‘ayganlar. Chunki samimiy tuyg‘ularni beminnat qabul qila olmagan kishi e’tiborni zo‘rlik bilan tortib olishga intiladi. Bu bolalikda ko‘p kasal bo‘lish, besabab injiqlanish, qaysarlik kabi alomatlar bilan bo‘y ko‘rsatsa, kelajakda hamon to‘lmagan mehr bo‘shlig‘i o‘g‘rilik, ko‘chirmakashlik, xakerlik kabi harakatlarga undaydi.
Plagiator ko‘chirishni mehnat deb biladi. Shu sabab o‘zini aybdor his qilmaydi va buni takror-takror amalga oshiraveradi. Kuzatgan bo‘lsangiz, ko‘chirmakashlik maktab partalaridan boshlanib, talabalikda davom etadi va umr davomida hamrohlik qilishi ehtimoli bor.
Ta’limdagi plagiat hollari yechimiga faqat tolibi ilmlar emas, pedagoglar ham teng mas’uliyatli hisoblanadilar. Agar ta’lim jarayoni qiziqarli, jozibador tashkil etilsa, ko‘chirmakashlikka o‘rin qolmaydi. Zerikarli vazifalar esa a’lochi o‘quvchini ham ko‘chirmakashlikka undaydi. Masalan, "Referat yoz" emas, "Sahnada chiqish qil" talabi qo‘yilsa, plagiatorlikka imkon yo‘qligi qatorida umuman istak uyg‘onmasligi ham tayin.
Mustaqillik ko‘nikmasining yetarli emasligi ham plagiatorni yetishtirib beradi. Oilada ota-ona, o‘quv dargohida ustozlar tomonidan yoshlarga taqiqlarning ko‘p qo‘yilishi, qo‘rquv va xavfdan ortiqcha ogohlantirish ("buzib qo‘yishing mumkin", "sindirib qo‘yasan", "hammasini rasvo qilma" kabi) ortidan bir o‘zi hech narsa qilolmasligi haqidagi noto‘g‘ri xulosa uni o‘zgalar mehnatidan foydalanishga chorlaydi.
Plagiatning har qanday ko‘rinishi o‘ziga nisbatan munosabatdir. Yanada aniqrog‘i - o‘ziga nisbatan past baho. Chunki qobiliyatlarini tan olgan, o‘zini tanigan shaxs yaratuvchanlikka moyil. O‘ziga nisbatan ishonchi past inson esa aslida unda ham bor bo‘lgan ijodkorlikni sezolmaydi va natijada boshqalarning ijod mahsuliga ko‘z olaytiradi.
Aslida ijod alohida soha emas. Ijodkorlik qobiliyati har qanday kasb vakilida mavjud. Hayotga qiziqishi past, motivatsiyalarsiz yashayotgan odam esa uni yuzaga chiqarolmaydi, balki kimdandir ko‘chirishga urinadi.
Plagiat oqibatida mualliflik huquqiga putur yetgan muallifdan ko‘ra ko‘chirmakashning o‘zi ko‘proq jabr ko‘radi. Zero, uning qobiliyatlari uyqu holatida qolib ketaveradi, shaxs sifatida rivojlanmaydi. Ijod mahsuli o‘g‘irlangan odamga esa foyda. Endi mehnati muhofazasini kuchliroq ta’minlashi lozimiligi haqida saboq chiqarib, ehtiyotkorlikni oshiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter