Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Yoshlar axborot texnologiyalari olamining ostonasida qolib ketmasin!

Yoshlar axborot texnologiyalari olamining ostonasida qolib ketmasin!

Foto: "Ixbt.com"

Video va kompyuter o‘yinlari ommalashgach, ularning auditoriyasi kengaydi. Bolalar, o‘smirlar, yoshlar va hatto yoshi kattalar ham unga muxlislikni kuchaytirib, kuchli ruju qo‘yishgach, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘yinlarga qaramlikni kasalliklar ro‘yxatiga qo‘shdi.

Chunki unga chalingan odam o‘yin dunyosiga tushib qolib, o‘zini tamoman o‘yinlarga topshiradi. Oqibatda jamiyatda, oilada, kasbida o‘z o‘rnidan mosuvo bo‘ladi, sog‘lig‘ida ham salbiy o‘zgarishlar yuzaga chiqadi.

Mutaxassislar uchun bunday mijozlar bilan ishlash birmuncha murakkab. Chunki u ko‘p yolg‘on gapiradi, o‘zida kechayotgan bezovtaliklarni aytgisi kelmaydi. Bemor o‘zini psixologga, muolajalarga muhtoj deb hisoblamaydi, unga ana shu pala-partish hayoti yoqadi.

O‘yinga bu qadar berilib ketishining sababi o‘z hayotidan norozilik, real hayotdagi muammolarga betoqatlik, masalalar yechimi oldidagi tanglikdir. Ular kundalik tashvishlardan biroz chalg‘ish uchun o‘yinga beriladilar, keyin uning domiga ilinganlarini sezmay qoladilar. Kasallikning sababini anglagan holda davoda ham shunga tayangan ma’qul. Ya’ni, o‘z hayotidan roziligini oshirish, bu olamning go‘zalligini anglatish lozim.

Afsuski, so‘nggi vaqtda o‘yin qurboniga aylangan yoshlar haqidagi xabarlar ko‘p uchramoqda. Ular raqobatni o‘yindan tashqariga olib chiqishyapti. O‘yindan so‘ng mushtlashishga o‘tib ketishyapti, kompyuterni o‘chirish bilan ularning ichidan yonayotgan olovga bas kelib bo‘lmayapti.

Fojia shundaki, yoshlar o‘yin ichidagi g‘oliblikni ham, mag‘lublikni ham mutlaqlashtirib yuboryaptilar. O‘yinda yutsa, o‘zidan qoniqyapti va mag‘lub bo‘lsa alamzadalikka berilyapti. Bu esa raqobatni adovatga aylantirib yuboryapti. Yoshlar o‘yinni hayot deb bilayotganlari ortidan ularning bebaho umrlari, hayotlari oddiy bir o‘yinga, o‘yinchoqqa aylanib qolmoqda. Sherigiga tan jarohati yetkazish yoki o‘z joniga qasd qilishning boisi ham shunda.

Xavfdan ogoh bo‘lgan ota-onalar farzandlariga o‘yinni taqiqlab qo‘yish bilan muammoga yechim topgan hisoblanmaydilar. Oqilona qaror ularning bu qiziqishidan foydalanib qolishdir. Ya’ni, video yoki kompyuter o‘yiniga ko‘p vaqt va e’tibor sarflayotgan bola onlayn olamga kirib keldi, unda o‘zini erkin his qilyapti, deganidir. Endi uni axborot texnolgiyalari dunyosiga chuqurroq olib kirish kerak, toki ostonada qolib ketmasin. Bunday yoshlar robototexnika, dasturlash, veb-sayt yaratish, dizaynerlik kabi bilimlarni tez o‘zlashtiradi. Agar ularni puxta egallab olsa, hayot-mamot darajasiga chiqargan allaqanday videoo‘yinlari naqadar jo‘nligi, ayti olamida undan ko‘ra o‘n chandon qiziqarliroq unsurlar borligiga guvoh bo‘ladi.

Vaqti, zehni, e’tiborini onlayn o‘yinga safarbar etayotgan o‘smirlarga kimlardir tuzgan o‘yinlarni o‘ynab o‘tirgandan ko‘ra o‘zi ham xuddi shunday, balki bundan ham zo‘r o‘yin yarata olishini aytib ko‘ring-chi. Agar taklifingiz motivatsion ruh bag‘ishlasa, ishoningki, uning ixtirolari o‘yinlar bilan cheklanib qolmaydi. Bu sohani egallashga kirishar ekan, muhim dasturlar, foydali ilovalar kashf etib, texnik imkoniyatlarni keng egallashga moyil va qodir bo‘lib boraveradi.

Yoshlarning ongiga g‘oliblik bir o‘yin doirasida ifodalanmasligini singdirish lozim. Agar ular chindan ham omadga erishishni istasalar, miqyosni kattaroq olishlari kerakligini anglasalar bas. Internet o‘yinidagi epchillikni emas, balki axborot texnologiyalari olamidagi yutuqlar, mualliflik ishlanmalari orqasidan keladigan obro‘ va daromadni tanlasalar, ayni muddao.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring