Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

"Planshet bo‘yin" - axborot texnologiyalari asri xastaligi

Foto: "Zanevkasmi.ru"

Gadjetlar kundalik hayotimizni qanchalik qulaylashtirmasin, ularning sog‘lig‘imizga keltirayotgan zararidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Smartfon va planshetlarning ziyonidan shifokorlar ko‘p bor ogohlantirishgan. Sog‘liqqa salbiy ta’sirlardan biri bo‘yin kasalliklari bilan bog‘liq.

Avvallari ko‘plab kasallikilarga qarichilikdan, deb qaralardi. Zamonaviy jamiyatda umurtqa muammolari yoshlarda ko‘p kuzatilmoqda. Bu esa gadjetlarning surunkali ishlatishdan bo‘yinga tushadigan ortiqcha bosimdan kelib chiqadi.

Jahon o‘rgimchak to‘riga sho‘ng‘igan odam vaqt hisobini yuritolmay qoladi, uning nazdida soat millari yuguradi. Shu tariqa uzoq vaqt bir pozada o‘tirgani ham, buning charchog‘i ham o‘ziga sezilmay qoladi.

Tibbiyotga "planshet bo‘yin" atamasi kirib keldi. U gadjetga muk tushib, zo‘riqib qolgan bo‘yinning ta’rifidir. Gadjetning faol foydalanuvchilari bo‘yinlarini doimiy ravishda (qo‘li bo‘sh bo‘lsa ham) 60 gradus burchakda ushlab turishga o‘rganib qoladilar. Bu esa juda xavflidir.

Qadning noto‘g‘ri tutilishi organizm uchun o‘ta xavflidir. Buni bildirmasdan kasal qilish, desa ham bo‘ladi. Zero, shu sabab qon aylanishi sekinlashadi, miyaning kislorod va oziq moddalari bilan ta’minlanishi oqsaydi.

Shundanmi, planshet va smartfonni ko‘p ishlatuvchilar bosh og‘rig‘i, tez charchash, uyqusizlikdan shikoyat qilishadi. Tashxis vaqti ularda umurtqalar aro churra aniqlanadi. Bu eng yengil darajada og‘riq, og‘ir darajada esa nogironlik bilan kechadi.

Albatta, kimningdir ishi, tirikchiligi gadjetlardan ko‘p foydalanishni taqozo etishi mumkin. Ular sog‘liq haqida ham qayg‘urishni unutmay, ish orasida tanaffus va jismoniy mashqlar bajarishni yo‘lga qo‘yishlari kerak. Tayanch-harakatlanish apparati va aynan bo‘yin osteoxondrozi hamda churrasini bartaraf etishga qaratilgan maxsus mashqlar mavjud. Faqat ularni boshlashdan avval shifokor bilan maslahatlashish shart. Kasal huruj qilgan, og‘riq turgan vaqtda mashqlarni bajarish taqiqlanadi.

Aslida umurtqaning eng nozigi bo‘yin umurtqasidir. U ancha serharakat va bosim tushishga moyil qism sanaladi. Boshqa umurtqalarga nisbatan himoyalanganlik darajasi ham past. Churra bu sohaning eng jiddiy xastaligi. Alomati asosan noqulaylik va og‘riq bilan bo‘y ko‘rsatadi. Keyinchalik migren, qo‘l barmoqlari muzlashi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynish, quruq yo‘tal, quloqda shovqin, qon bosimining o‘ynashi qo‘shiladi. Asorati esa organizm uchun qimmatga tushadi. Jarrohlik stoliga yotqizadigan ham, nogironlik aravachasiga o‘tqizadigan ham shu dard hisoblanadi.

Yosh o‘tgan sari umurtqalar aro disklar qayishqoqligini yo‘qotadi. Buni inobatga olgan holda 35-40 yoshdan keyin umurtqa, xususan bo‘yin umurtqasi salomatligiga e’tiborli bo‘lish kerak. Genetik moyilligi bo‘lganlarga ham xuddi shu gapni aytish o‘rinli.

Tugal tashxis qo‘yish avvalidan rentenogramma, MRT, elektromiografiya tekshiruvlari buyuriladi. Davolash maqsadida bemorning ahvoliga ko‘ra fizioterapevtik muolajalar, medikamentoz terapiya yoki jarrohlik amaliyoti buyurilishi mumkin.

Mashqlarni uy sharoitida, har kuni kechasi 30 daqiqa vaqt ajratgan holda bajarish mumkin. Dardning yengil darajasida mashqlar orqali 4-6 haftada bemorning ahvoli ancha yaxshilanadi. Shuningdek, massaj, ultratovush, maxsus ortopedik yoqalar taqish tavsiya etiladi. Kasallikni o‘tkazib yuborganlar neyroxirurgning ham ko‘rigidan o‘tishi shart.

Oliy toifali umumiy amaliyot shifokori Dilfuza Achilova tavsiyalari asosida tayyorlandi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring