Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Yordamni katta-kichikka emas, amaliy va aqliyga ajratsa to‘g‘riroq bo‘lar...

Yordamni katta-kichikka emas, amaliy va aqliyga ajratsa to‘g‘riroq bo‘lar...

Kutilmagan anomal sovuq ko‘pchilikni shoshirib qo‘ydi. Odamlar uylarini qanday bo‘lmasin isitish dardiga tushishdi. Elektr pechkadan noto‘g‘ri foydalangan xonadonlardan biri, afsuski, yong‘in bilan «isidi». Tilsiz yovdan jon saqlash ilinjida uy egalari tashqariga otildilar. Aslida asosiysi ham shu – jon omon qolsa, mol topiladi.

Bor-yo‘g‘idan ayrilgan oilaning yaxshilar madadiga tikkan umidli ko‘zlari javobsiz qolmadi. Hamma baholi qudrat ko‘maklashdi. Qo‘ni-qo‘shnilar videokameraga tushib qolgan tasvirlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, odamlardan yordam so‘rashdi. Ko‘p o‘tmay raqami yozib qoldirilgan plastik kartaga birin-ketin pul mablag‘lari tusha boshladi.

Bu mash’um xabarni o‘qiganlar ichida Alijon ham bor edi. Videoni oxirigacha ko‘rishga yuragi betlamay o‘chirsa-da, begona odamlarga o‘z qarindosh-qondoshidek achindi. Hisobiga qarasa, xayriya sifatida o‘tkazishga uyalarli darajada oz – atigi 22 ming so‘m. Maosh olishiga esa hali ancha bor.

Hayot uni mazax qilayotgandek kursdoshlar guruhiga ham shu xabar jo‘natilibdi. Tobora «mashhur» bo‘layotgan bu voqea uni go‘yo taqib etar, har gal duch kelganida o‘zidan ham nochorroq odamlar borligi, ularga yordam zarurligini o‘ylab ich-etini yerdi. «Toma-toma ko‘l bo‘lur. Yo‘qdan ko‘ra o‘sha 22 mingni bo‘lsa ham o‘tkazib beraman». To‘lov ilovasiga kirdi-yu, hisobi bo‘m-bo‘shligini ko‘rib yana achchiqlandi. Kredit olgan do‘stiga kafil bo‘lgani esiga tushdi. Mayli, xafa bo‘lishga arzimaydi, uyi kuygan odamlar 22 ming bilan boy bo‘lib qolarmidi?..

Hamon o‘zgalar qayg‘usi tinchlik bermayotgan Alijon oxiri o‘sha xonadonga borishga qaror qildi. Vayronada ustalar ishlashayotgan ekan. Uy egalari yon qo‘shninikida yashashayotganini aytishdi.

– Keling, bolam, siz ham saxovatpeshalardanmisiz, deyman – bu gap yigitning yuragini tilib o‘tdi.

– Xola, to‘g‘risi, sizlarga judayam yordam bergim keldi. Lekin qurbim yetmadi. Uzr, quruq qo‘l bilan keldim.

– Voy, kechirasiz. Har kuni ehson qiluvchilarni kutib olaverib o‘rganib qolibmiz. Mayli, ko‘ngil so‘rab kelganingiz ham katta gap. Ichkariga kiring. Qo‘shnimniki o‘z uyimizdek bo‘lib qoldi.

– Har kuni sizlar uchun duodaman. Ammo amaliy yordam berishni ham istadim. Balki, ustalarga qarashib yuborarman.

– Shart emas, baraka topgurlar o‘zlari uddalashyapti. Yaxshi odamlar ko‘p ekan, og‘irimizni yengil qilishdi. Kartaga uyimizni tiklab olishga yetarli pul tushdi, hozirgina qo‘shnimdan internetdagi e’lonni o‘chirib tashlashni so‘rayotgandim. Bizdan boshqa muhtojlar ham bor-ku...

– Demak, kech qolibman... Mayli, yaxshi qoling.

– Shoshmang, shoshmang. Bir maslahatli ish bor edi. Yong‘inda pullarimizu tillalarimizga qo‘shilib hujjatlarimiz ham yonib kul bo‘ldi. Ayniqsa, uy hujjatlari, bolalarimning diplomlari, nevaralarimning shahodatnomalariga achinyapman. Endi ularni tiklash oson bo‘lmasa kerak?!

– Ey, foydasi yo‘q, kampir, – ichkaridan katta yoshli kishi chiqdi. – Men kecha surishtirdim. Anavi, ustalar brigadasini olib kelgan amaldor ukamiz bor-ku, o‘sha «Hozir hujjat deganlari pul va tilladan ham aziz bo‘lib ketgan. Yangisini olish oson emas, yugur-yugur va qog‘ozbozlikdan boshingiz chiqmaydi», dedi.

– Yo‘g‘-ye, otaxon! Siz o‘ylaganchalik mushkul ish emas bu. My.gov.uz orqali osongina hal qilsa bo‘ladi.

– Nima uz?

– My.gov.uz. Yo‘qolgan va yaroqsiz holga kelgan uy hujjatlari, yana diplom va shahodatnoma dublikatini uydan chiqmasdan turib olishingiz mumkin. Barchasi onlayn, masofaviy amalga oshiriladi. Ortiqcha vaqtingiz ketmaydi, ovorayu sarson bo‘lib yurmaysiz. Ayrim hujjatlar pochta orqali aytgan manzilingizgacha yetkazib beriladi.

– Yo‘g‘-yey? Nahotki! Tinib-tinchimagan odamlar-yey, nimalarni o‘ylab chiqarishmaydi-ya!

– Ha, hozir shunaqa, arxiv xizmatlaridan foydalanishda, o‘g‘illaringiz eski haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirishda, yana nevaralaringizni maktab-bog‘chaga joylashtirishda ham shu portal eng qulayi. Keling, hoziroq portalga kirib, diplom va shahodatnomalarni hal qilamiz.

Alijon hovlidagi supachaga o‘tirdi. Musibatzada xonadon ahli uni ko‘p duo qilishdi, chunki dono maslahatga amal qilib, chindan ham og‘irlari yengil bo‘lgan edi. Demak, yordamni katta-kichikka emas, amaliy va aqliyga ajratsa to‘g‘riroq ekan...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring