Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maxfuza Ro‘yiddinova

«Kema uchun eng xavfsiz hudud – qirg‘oq. Ammo u buning uchun yaratilmagan».

Kompyuter nega o‘zbek tilini tushunmayapti? (video)

Suhbat davomida kompyuter lingvistikasi va O‘zbekistonda bu boradagi o‘zgarishlar, shuningdek kamchilik va unga yechimlar muxokama qilindi. E’tibor markazida til modellari va sun’iy intellekt tizimi. Bugungi suhbatdoshimiz tilshunos va kompyuter lingvisti Arofat Axundjanova. U hozirda Germaniyaning Saarland universitetida magistraturada o‘qiydi, Meta kompaniyasining mashina tarjimasi bo‘yicha loyihalarda ishtirok etib kelmoqda.

– Men faoliyat yuritadigan soha bu – kompyuter lingvistikasi, bundan asosiy maqsad — inson tilini kompyuterga o‘rgatish.

– Kompyuter lingvistikasi uchun kerak bo‘ladigan asosiy ko‘nikmalar qaysilar?

– Avvalambor, lingvistik tahlil qila olish va dasturlash ko‘nikmalaridir, ularni o‘qish davomida o‘zlashtirsa bo‘ladi. Insonda mantiqiy fikrlash va tahlil kuchli bo‘lishi kerak deb hisoblayman, ayniqsa, detallarga sezgirlik talab etiladi.

– Nima deb o‘ylaysiz, so‘nggi vaqtlarda til modellarining rivojlanishi ortidan qaysi kasblarga talab kamayishi mumkin?

– Nazarimda til modellarining rivojlanishi ortidan, birinchi navbatda, internet, til va dizayn sohalari vakillari xavf ostida bo‘lishi mumkin. Lekin mashina insonning o‘rnini to‘liq egallashi uchun ancha vaqt kerak. Bunday holatlarda optimistik yondashuvni ma’qul ko‘raman, ya’ni mashina va inson faoliyatini birga tasavvur qilgan yaxshiroq, inson omilidan to‘liq voz kechish mumkin, degan fikr va qarashlarni esa qo‘llab-quvvatlamayman.

– Til modellari shunchalik shiddat bilan rivojlanmoqdaki, undagi ayrim masalalarga mutaxassislar javob izlab ulgurishmayapti. Sun’iy intellektning jadal rivojlanishi bilan bir qatorda dolzarblashayotgan masalalar qaysilar?

– Sun’iy intellekt rivojlanishi ortidan kuzatilishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlardan asosiysi, bu — axborot xavfsizligidir. Eshitgan bo‘lsangiz, The New York Times nashri OpenAI kompaniyasini sudga berdi. Bunga sabab — ChatGPTni o‘qitishda, nashriyot manbalaridan foydalanganligi. OpenAI kompaniyasi esa, o‘z navbatida, boshqa yechimni, ya’ni nashriyot manbalaridan foydalanganlik uchun to‘lov taklif etdi. Endi boshqa masala ham bor, mualliflar o‘z materiallaridan ochiq manba sifatida ChatGPT o‘qitilishida foydalanishga qanchalik rozilik beradi. Shuningdek, nashriyot o‘z ma’lumot xavfsizligini qayta ko‘rib chiqishini ham talab etadi.

Shuningdek, yana bir masala bor. Yirik kompaniyalar yakuniy mahsulot taqdim etganda uning targ‘ibotiga katta mablag‘ ajratiladi, negaki mahsulot reklamasi va uning ortidan sotuvlar kompaniya uchun judayam muhim. Ammo undagi mahsulotning, siz aytgandek, xavfsizlik masalasini tekshirish va uni o‘rganish vaqt, mablag‘ va resursni talab qiladi. Odatda esa akademiya va tadqiqot universitetlarida resurs cheklangan. Bu esa meni xavotirga qo‘yadi. O‘tgan yili noyabrda ilk marotaba Londonda sun’iy intellekt bo‘yicha sammit bo‘lib o‘tdi. Unda yirik kompaniya vakillari va BMT bosh kotibi Antonio Gutterish qatnashdi va neyrotarmoqning istiqbollari, shuningdek, uning nazorati bo‘yicha bir qancha masalalar ko‘rib chiqildi.

– Aynan O‘zbekistonda sun’iy intellektning qaysi sohada istiqboli yuqori?

– Sun’iy intellekt kirib bormagan sohaning o‘zi yo‘q, birinchi navbatda, ta’lim sohasini aytgan bo‘lar edim, chunki biz o‘rganayotgan bilimlar juda tez eskiryapti, yangi zamonaviy bilimlarni, xususan, til o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanish mumkin. Bu bilan ustoz-shogird an’anasini inkor qilmoqchi emasman, lekin SI qo‘llanilishi ijobiy natija ko‘rsatishiga ishonaman. Shuningdek tibbiyot sohasida, rivojlanish yuqori. Negaki, chet elda ham sun’iy intellekt bilan qilinayotgan eng salmoqli loyihalar aynan tibbiyot bilan bog‘liq. Neyrotarmoqlar kasallik tarixini o‘rganishdan tortib, tashxis qo‘yishgacha bo‘lgan jarayonlarda yordam beryapti.

– O‘zbekistonda kompyuter lingvistikasining sifat darajasi qanday?

– Ushbu soha O‘zbekiston uchun hali yangi va ko‘p universitetlarda o‘qitilmaydi. Lekin men uchun eng og‘riqli jihati O‘zbekistondagi mutaxassislar o‘rtasida hamkorlikning yetishmasligi. Kompyuter lingvistikasidan tashqari o‘zbek tili grammatikasida ham juda ko‘p savollar ochiq qoladi. Biz hali bu savollarga javob topmasdan, qanday qilib uni mashinaga o‘rgata olamiz. Mening fikrimcha, O‘zbekistonda kompyuter lingvistikasi bo‘yicha kengash yoki markaz tuzilgani ma’qul.

Yana bir masalalardan biri bu juda ko‘plab manbalarning hali ham elektron ko‘rinishga ega emasligi. Bu masalada esa tashkilotlar hamkorligi juda muhim.

Intervyuning to‘liq shaklini Xabar.uzning Yutubdagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring