Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Maxfuza Ro‘yiddinova

«Kema uchun eng xavfsiz hudud – qirg‘oq. Ammo u buning uchun yaratilmagan».

Samarqandga IT-tur: «Paramount» bilan hamkorlik, 15 yoshda 600 dollargacha pul topayotgan frilanser va tibbiyotda kutilayotgan katta yangilik

Barchaga o‘z qadimiy obidalari va maqbaralari bilan ma’lumu mashhur bo‘lgan ko‘hna Samarqandning IT sohasidagi salohiyatidan qanchalik xabardorsiz? «Xabar.uz» jamoasi viloyatlarning axborot texnologiyalari sohasidagi salohiyatini yoritish maqsadida «IT-tur» loyihasiga qo‘l urgan. Xabaringiz bor, avvalgi loyihamiz doirasida Jizzax viloyatining ushbu sohadagi yutuqlariga to‘xtalib o‘tgan edik. Bugun esa sizga Samarqandni qaytadan kashf etishga yordam bermoqchimiz.

Samarqand viloyatining barcha 16 ta shahar va tumanlarida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etilgan bo‘lib, ularda joriy yilning o‘tgan davrida 6 338 nafar kishi o‘qishga jalb qilindi.

Dastavval, umumiy statistika bilan tanishsak: bugungi kunga qadar «Bir million o‘zbek dasturchisi» loyihasi doirasida viloyatda 271 530 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tib, 102 278 nafari bitiruvchi sertifikatini qo‘lga kiritgan.

Samarqand shahrida 2020 yilning 21 dekabrida IT-Parkning hududiy filiali tashkil etilgan bo‘lib, u bir vaqtning o‘zida 200 nafardan ortiq yoshlarni qamrab olish imkoniyatiga ega. Bugungi kunda filial hamda shahar va tumanlardagi IT-markazlarda 50 nafar xodim faoliyat olib bormoqda. 17 ta korxona IT-Park rezidentligiga qabul qilingan. Ular soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan ozod qilish imtimyoziga ega bo‘lib, iqtisod qilingan mablag‘larni faoliyatlarini yanada rivojlantirishga yo‘naltirmoqdalar. Bugungi kunga qadar IT-Parkning hududiy filialida 80 dan ortiq startap loyihalar ro‘yxatdan o‘tkazildi, shulardan 5 tasini moliyalashtirishga mahalliy byudjet va «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi tomonidan 561,7 mln. so‘m mablag‘ ajratildi.

«IT-Park mutaxassislar va ushbu sohaga qiziqadigan yoshlarni bir yerga jamlagan maskan hisoblanadi. Sohaga endi kirib kelayotgan yoshlarning startap loyihalarini g‘oyaviy rivojlantirib, moliyalashtirishga ko‘maklashib kelyapmiz. Rezident sifatida IT-Parkga qo‘shilganlar esa bir necha soliq to‘lovlaridan ozod etilmoqda.

Hozirda IT zamon talabidir. Har qanday soha vakilining og‘irini yengil qilishda AKT sohasi muhim o‘rin tutadi va aholimiz buni tushunib, anglab yetayotgani, albatta, bizni quvontiradi. Buni o‘z startap loyihalari bilan tashrif buyurayotgan yoshlarimiz miqyosida ko‘rib, guvohi bo‘lyapmiz», – deydi IT-Parkning Samarqand hududiy filiali direktori Sherzod Yusupov.

Sayohatimiz davomida IT-Park Samarqand filialida tashkil etilgan o‘quv jarayonlari bilan ham tanishdik. O‘quv markazlarida grafik dizayn, jumladan, 3D Max va AutoCad yo‘nalishlari, dasturlashning bekend va frontend qismida ishlash, shuningdek, robototexnika chuqur o‘qitilayotganiga guvoh bo‘ldik. Darslar juda qizg‘in va o‘rganmoqchi bo‘lganlar soni esa kun sayin ortib bormoqda.

IT-Parkga rezident sifatida qo‘shilgan tadbirkorlar bilan suhbatda shunga amin bo‘ldikki, aynan Samarqandda dunyoning yetakchi, «Paramount pictures» kabi kompaniyalari bilan hamkorlik qiluvchi dasturchilar, tibbiyotdagi bir qancha muammolarga yechim bo‘la oladigan platforma yaratgan tadbirkorlar bor va biz ular bilan suhbatlashdik. Intervyuni esa YouTube platformasida ko‘rishingiz mumkin.

Startapchilar orasida o‘z ijtimoiy loyihalariga qo‘l urgan yoshlar ham talaygina. Ulardan biri kam ta’minlangan va mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini bepul o‘qitishga va birinchi daromadlarini topishga yordam beruvchi IT laboratoriyaga asos solgan.

«E’tibor bersangiz, elektronika orqali davlat imijini shakllantirish mumkin. Xorijiy mamlakatlardagi yirik kompaniyalarni olaylik: Samsung, Apple, Canon, Asus… Nega endi O‘zbekistonda shunday kompaniyalar yaratib bo‘lmas ekan? Niyatimiz ana shunday kompaniyalardan biriga asos solish va bizning hozir qilayotgan ishimiz alifbe o‘rganishdek gap, ammo bu IT uchun «Xamsa» asaridek qimmatlidir», – deydi o‘z IT laboratoriyasiga asos solgan Bekmurod Shukurov.

IT sohasida kamchilikni tashkil etadigan ayol dasturchilar orasida Mahbuba Salimovani alohida ta’kidlab o‘tish kerak. Negaki, u o‘z ijtimoiy loyihalari orqali ko‘zi ojiz insonlar og‘irini yengil qilishni maqsad qilgan.

«Loyihamning nomi Brayl Fon deb ataladi, nomidan bilinib turibdiki, u Brayl alifbosiga asoslangan telefondir. Uni yaratishimga esa bir voqea sabab bo‘lgan. Bir kuni o‘qishdan chiqayotganimda ko‘zi ojiz qiz ust-boshi yomg‘irda ivigan holda sherigini sabr bilan kutardi. O‘sha vaqtda unga qanday yordam berish mumkinligini o‘yladim va shu kabi telefonlarga ehtiyoj yuqoriligini sezdim. O‘ylaymanki, hayotimizni yaxshi tomonga o‘zgartirishimiz uchun ITning o‘rni beqiyos», – deydi Mahbuba. Shuningdek, u hozirda o‘ziga o‘xshagan «aytichi» qizlarning ko‘payishini niyat qilgan va Yoshlar markazida tashkil etilgan klubda ayol va qizlarni ushbu sohada o‘qitib kelmoqda.

«IT-tur»ning birinchi kunida ko‘rganlarimiz va bilganlarimiz shular edi. Ikkinchi kunida esa Samarqandda tashkil etilgan IT-maktab, inkubatsiya markazlari va sohada erishilayotgan bir qancha yutuqlarga guvoh bo‘ldik, bular haqida biroz keyinroq, ya’ni «Samarqanddagi IT-tur» loyihamizning 2-qismida to‘xtalib o‘tamiz. Agar loyiha yoqqan bo‘lsa, izohlarda o‘z fikringizni yozib qoldiring, sizning fikringiz biz uchun muhim!

Mahfuza RO‘YIDDINOVA

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring