Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

DataVolt kompaniyasi bilan hamkorlikda yashil “Ma’lumotlar markazi” qurilishining birinchi bosqichiga start berildi

Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekistonni dunyoning iqtisodiy rivojlangan davlatlari qatoriga kiritishdir. Bunda ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini davlat va jamiyatning barcha sohalariga keng tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilgan.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham Raqamlashtirish sohasidagi 3 ta asosiy maqsadlar belgilangan:

  • 2030 yilgacha BMT Elektron hukumat reytingida O‘zbekistonni dunyoning TOP-30 taligiga kirgan eng ilg‘or mamlakatlari safiga kiritish;
  • IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksportini 2030-yilga qadar 5 mlrd dollarga oshirish;
  • Hamda IT sohasida yuqori daromadli ishlarda ishlayotgan yoshlar sonini 300 mingga yetkazish.

Bu kabi ishlarni tizimli amalga oshirish maqsadida, ayni damda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan III Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Saudiya Arabistonining DataVolt kompaniyasi bilan hamkorlikda yashil “Ma’lumotlar markazi” qurilishining birinchi bosqichiga start berildi.

III Toshkent xalqaro investitsiya forumida so‘zga chiqqan davlatimiz rahbari sarmoyadorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadida qator aniq takliflarni bildirdi:

  • Birinchidan, yangi tahrirdagi “Investitsiyalar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi ta’kidlandi. Ushbu hujjat Jahon savdo tashkiloti tartib-qoidalari va standartlariga muvofiq ishlab chiqildi.
  • Ikkinchidan, tez orada mamlakatimizda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi huzurida Xalqaro tijorat sudi ish boshlaydi. Ushbu sud O‘zbekiston sud-huquq tizimida alohida o‘ringa ega bo‘ladi.
  • Uchinchidan, tez orada sanoat zonalari tizimida mutlaqo yangicha yondashuvlar joriy etiladi. Sanoat zonalarini boshqarishda xususiy operatorlar, jumladan, yuqori malakali xorijiy kompaniyalarni faol jalb qilish amaliyoti kengaytiriladi.

Mamlakatimizni raqamli iqtisodiyotga o‘tkazish va sun’iy intellekt asosida texnologiyalarni joriy etishga katta turtki beruvchi “Ma’lumotlar markazi”ni qurish uchun DataVolt kompaniyasi tomonidan 2030-yilgacha bosqichma-bosqich 5 mlrd AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritilishi rejalashtirilgan.

Yashil “Ma’lumotlar markazi” qurilishining dastlabki bosqichida Toshkent shahrining IT Park hududida yashil energiya asosida faoliyat yuritadigan umumiy quvvati 10 MVt va qiymati 150 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan ma’lumotlar markazi barpo etiladi.

Ikkinchi bosqichida esa “Yangi Toshkent” hududining 25 gektar yer maydoniga quvvati  250 MVtgacha bo‘lgan “Ma’lumotlar markazi” qurilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, uchinchi bosqichda dastlabki quvvati 40 MVt va kelgusida 250 MVtgacha oshirish imkoniyatiga ega bo‘lgan loyiha Buxoro viloyatining 25 gektar yer maydonida qurilishi rejalashtirilgan.

Ta’kidlash lozimki, ushbu markazlarni barpo etish jarayonlari 100 foiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshiriladi.

Dunyo bo‘yicha yashil energiya asosidagi ilk loyiha ishga tushirilgandan so‘ng “Ma’lumotlar markazi”ga DataVolt kompaniyasi tomonidan yirik xorijiy IT kompaniyalar jalb etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring