Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Vaqt yetmayaptimi? Demak, sizda vaqtga nisbatan xavotir bor!

Vaqt yetmayaptimi? Demak, sizda vaqtga nisbatan xavotir bor!

Foto: "Econet.ru"

Zamonaviy insonlarni faqat pul yetishmasligi qiynaydi, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, unga yondosh yana bir omil bor: vaqt tanqisligi. "Vaqtim yo‘q", "Vaqtim kam", "Vaqt yetmayapti", "Vaqt qolmadi". Bugungi kun kishilari tomonidan bu kabi iboralarni ko‘p eshitasiz. Aslida vaqt avvalgiga nisbatan qisqarmagan, bir kun uchun 24 soat, bir yil uchun 12 oy hajmi hamon saqlanib turibdi. Ammo unga nisbatan munosabat, vaqt iste’moli o‘zgargan.

Aslida zamonamizda vaqtni tejovchi unsurlar ko‘pligi, texnika rivoji sharofatidan vaqt tejalgan. Oldin qo‘limizni ushlagan, ko‘p vaqt talab qilgan yumushlar hozir bir zumda maxsus qurilmalar tomonidan bajarilmoqda. Qo‘limiz soatlab band bo‘lmayapti, vaqtimiz iqtisod qilinyapti. Shunga qaramay odamlar vaqt tanqisligiga duchor. Nega?

Buning barchasi inson ong osti orqali vaqtning dasturlanishi bilan bog‘liq. Kim vaqtga nisbatan tor doirani olsa, soatlar u uchun faqat uning o‘lchovi miqdoricha harakatlanadi. "Vaqt bebaraka" qabilida fikrlovchi inson tongda erta uyg‘onsa ham hech bir ishiga ulgurmaydi. "Vaqtim yo‘q" deb o‘ylovchi odam uchun vaqt aurasi yopiqdir. "Vaqtim kam", "Vaqt yetmayapti" fikrlari egasi ham vaqtdan yutishga qodir emas, chunki u o‘ylari orqali vaqtga qanday munosabatda bo‘lsa, vaqt ham uning qarshisida o‘zini shunday tutadi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas.

Masalan, avtobusni uzoq kutish, navbatda turish, do‘stingizning kechikishi, va’dabozning ishni cho‘zishidan ozorlandingiz. Shunda sababni atrofdan emas, o‘zingizdan qidiring. Aniqki, barchasi sizdan boshlangan: Qachondir (yoki doim) xo‘rozdan keyin uyg‘onishingiz, soatlab televizor qarshisida qolib ketishingiz, ijtimoiy tarmoqlarda mazmunsiz suhbatlar bilan band bo‘lishingiz bilan vaqtga nisbatan noto‘g‘ri munosabat bildirgansiz, sodda qilib aytganda - uni isrof qilgansiz. Bu noto‘g‘ri xatti-harakatingiz haqida sizga oyna tutish uchun boshqalar sizning vaqtingizni o‘g‘irlashadi. Siz bundan achchiqlanishingiz emas, saboq chiqarishingiz kerak. Agar siz vaqtga hurmat ko‘rsatib, undan oqilona foydalanishga o‘tsangiz, sizni kuttirishlar ham o‘z o‘zidan barham topadi. 

"Vaqt - bu pul" naqlini shior qilganlar vaqtni qadrlaydiganlar sirasiga kiradimi? Balki vaqtning qadrini puldan yuqori qo‘ygan to‘g‘ridir? Vaqtga tabiiy ravishda ega bo‘lganimiz, pulni esa mehnat qilib topganimizga qaramay, vaqt - bu umr, hayot. Bugun kam pul topsangiz, ertaga ko‘proq ishlab moliyaviy muvozanatni tiklashingiz mumkin. Lekin bizga har kuni bir xil va o‘zgarmas miqdorda vaqt beriladi. Uni mulk deb qabul qilish va muhofazalash o‘z zimmamizda. "Quyoshning har botishida bir parcha kamayishing bor", deganlaridek vaqt bizning borligimizni aks ettirishi jihatidan puldan ko‘ra bahosi yuqori, yanada to‘g‘rirog‘i - bebahodir. Buni anglaganimizning o‘ziyoq vaqt auramizni mustahkamlaydi va onlarimizga baraka kiritadi.

"Vaqt o‘tib ketdi". Bu noto‘g‘ri gap. Vaqt joyida turadi, biz o‘tamiz. Vaqt kimning ongida suv, oqar daryo tasavvurini shakllantirsa, u uchun soat millari shiddat ila harakatlanadi. Ha, faqat u uchun. Vaqt ne’matiga egaligidan shukrda bo‘lgan, uni to‘g‘ri taqsimlay olishiga ishongan va shunga qarab harakat qilgan odam ulgurmaslik muammosidan xolidir.

Vaqt bilan muomala qilish shu darajada nozik san’at ekanligidan taym-menejment ilmi bilan shug‘ullanish ommalashdi, to‘g‘ri rejalashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi. Aslida qisqa fursat ichida ko‘p ishni bitirish, rejalarni amalga oshirish iloji yo‘q narsa emas. Agar vaqtga nisbatan xavotirni yo‘qota olsangiz, bunga osongina erishasiz.

Vaqtgingiz yetmayotgani, atrofingizda vaqtingizni oladigan odamlar borligidan achchiqlanganingiz sari ulgurmaslik, kechikish, ertaga qoldirish kabi holatlarga ro‘baro kelaverasiz. Vaqt olami nekbin farazlarni sevadi, xavotirli bashoratlardan esa qochadi.

Vaqtimiz bor, vaqtimiz ko‘p. To‘g‘ri, u bizni kutib turmaydi, lekin teng yurishi mumkin, bunga erishish mumkin va jo‘ndir. Vaqtga nisbatan tasavvurlaringizni tahrirlang - shu xolos!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring