Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

E’zoza Turg‘unova

“Agar inson nimanidir chin dildan orzu qilsa, butun koinot uni shu orzusiga yetishtirish payida bo‘ladi!”

12 yoshli qizning taqdiri odamlarga qanday ta’sir qildi? Zilzilada nima qilish kerak? Bolani telefondan sovitish yo‘llari… (video)

Karantin davri yosh-u qarini telefon deb atalmish mo‘’jaz qurilmaga birdek asir etdi go‘yo. Hammaning tuni bilan kuni almashib qolgan bir paytda, odamlar o‘zini aynan mana shu matoh bilan ovutganlarini-ku, to‘g‘ri tushunsa bo‘ladi. Ammo faol hayot tarziga o‘tganimizga bir necha yil bo‘lganiga ham qaramay, hamon yoshlar tuni bilan telefon titishni tashlaganliklari yo‘q. Xo‘sh, bu holat kun davomida o‘qishda yoki ishda bo‘lgan kishining ruhiyatiga qay darajada ta’sir ko‘rsatadi? 12 yoshli qizning taqdiri esa, har bir ota-onani sergaklantirish barobarida, sarosimaga ham solib qo‘ydi. Endi ular qanday xavfsizlik choralarini ko‘rishlari lozim? Sizni qiziqtirgan shu va boshqa savollarga bugun taniqli psixolog, pedagog Sitora Isakova javob beradi.

– Internet asrida bolalar hali go‘dakligidanoq telefonga ovunib ulg‘ayishmoqda. Hali tili chiqmagan bola zamonaviy qurilmalardan foydalanishda kattalardan o‘tadi. Har narsada ham me’yor bo‘lgan yaxshi, shunday emasmi?

Soatlab telefon titkilaydigan bolalarda nutq rivojlanishi kechikishi mumkin. Chunki ular atrof-muhitdan go‘yoki uzilib qolishadi. Shu bois ham ota-onalar bu borada nazoratni o‘z qo‘llariga olishlari lozim. Ammo bolani telefondan butkul cheklab ham qo‘ya olmaysiz. Chunki u ertaga maktabga boradi, o‘ziga yarasha virtual olamiga ega bo‘lgan do‘stlar orttiradi. Bu olamdan bexabar farzandingiz esa o‘zini yo‘qotib qo‘yishi ham hech gap emas. Shu bois ham me’yorga amal qilib, avvalo ota-onalar ham telefondan unumli foydalanish bo‘yicha bolalarga o‘rnak bo‘la olishsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu borada otalar ko‘proq mas’uliyatli bo‘lishlari darkor.

Virtual autizmga chalingan bolalarni qanday davolash mumkin?

– Agar bola yoshligidan “zombi” qilib tarbiyalanayotgan bo‘lsa, bu juda qiyin masala. Ammo oz-ozdan chalg‘itib, muammoga yechim topish mumkin. Bolani telefondan uzishning eng zo‘r yo‘li — dam olish kunlarida tog‘larga, dachaga borib, tabiat qo‘ynida dam olish. Telefondan foydalanmaslikni oilaviy qonun qilib, ota-onalar ham bu qonun-qoidaga amal qilishlari lozim. Kerak bo‘lsa telefonini o‘chirib qo‘yib bo‘lsa ham oilaviy vaqt o‘tkazish orqali telefonga qaramlikni yengish mumkin.

Kichik yoshdagi bolani video qo‘yib chalg‘itishning o‘rnini bosa oladigan qanday zamonaviy usulni tavsiya qilasiz ota-onalarga?

Aslida bola telefon o‘ynashni emas, onasi bilan vaqt o‘tkazishni istaydi. Ammo onalar ko‘p hollarda biror ish bilan shug‘ullanayotgan vaqtlarida bolani tinchlantirish maqsadida telefonda video qo‘yib berishni ma’qul ko‘rishadi. Bu esa noto‘g‘ri. Uy tozalayapsizmi kichkintoyingizga ham chang artishda ko‘maklashishiga imkon bering. Ovqat tayyorlayotgan vaqtingiz esa guruch va moshni aralashtirib, undan ajratib, tozalab berishini iltimos qiling. Bu orqali bolada yoshlikdan mehnatga muhabbat shakllanadi.

Bolalarga necha yoshdan boshlab telefon olib berish kerak?

– Aslida telefon olib berish kerak emas. Faqat maktab yoshiga yetganidagina qayerda ekanligini nazorat qilib turish uchun oddiy telefon olib berish mumkin. Unga qadar esa vaqtinchalik o‘ynab turish yoki nimadir o‘rganish uchun 4 yoshdan boshlab ota-onalar o‘zlarining smartfon yoki planshetlarini oz-ozdan berib turishlari mumkin.

Maktab yoshidagi bolalarning aksariyati o‘zining shaxsiy smartfoniga ega. Aytingchi, kun davomida farzandi necha soat telefondan foydalanayotgani va internetda nimalar bilan band bo‘layotganligini qanday nazorat qilish mumkin?

– Sim-karta sotib olayotganingizda kichkina paketlisidan xarid qiling. Tarif rejasining internet to‘plamlari “Yandex” orqali nazorat qilib turishingiz va uy vazifalarini bajarish uchun yetsa kifoya. Farzandingizni esa, turli ijtimoiy tarmoqlarga kirsa telefoni o‘chib qolishi haqida, ogohlantirib qo‘ying.

Ko‘pchilik ota-onalar maktab yoshidagi qizlarini turli ijtimoiy tarmoqlarga kirib, o‘zgalar bilan muloqotda bo‘lishdan himoya qilishga harakat qilishadi. Ammo hali qizlari juda yosh bo‘lishiga qaramasdan begona yigit bilan gaplashayotganini sezib qolgan ota-onalar qanday chora ko‘rishlari kerak? Tabiiyki, bu holatda qiziqqonlik hamisha ham yaxshi oqibatlarga olib kelavermaydi.

Ota-onalar yo‘l qo‘yadigan eng katta xato — “bilsam o‘ldiraman”! Bolaning miyasida esa “demak, bilmasa uddalasa bo‘ladi”. Nega qizlar viloyatdan shaharga borishsa buzilib ketadi, deb o‘ylashadi? Nega qizlar qishloqdan shaharga kelganda o‘zini yo‘qotib qo‘yadi? Chunki ularga nima uchun yigitlar bilan gaplashish mumkin emasligini yoshlikdan uqtirishmaydi. O‘smirlik yoshidagi gormonal o‘zgarishlar haqida tushuntirishmaydi. His-tuyg‘ularga berilish oqibatlari haqida suhbatlashishi kerak. Shundagina turli salbiy oqibatlarning oldini olish mumkin.

Maktab yoshidagi qizaloqlarning xavfsizligini qat’iy nazorat qilish ota-ona uchun alohida mas’uliyat yuklaydi. Ayniqsa, yaqinda 12 yoshli qizcha bilan sodir bo‘lgan mudhish hodisa barcha ota-onalarning dilini vayron qilish barobarida, ularni yanada sergaklantirdi. Balki ana shunday ayanchli hodisalarning oldini olish uchun ham yoshlarni bugungi kunda zamonaviy qurilmalardan to‘g‘ri foydalanishga o‘rgatishimiz kerakdir?

Albatta! Smartphone — o‘z nomi bilan aqlli telefon. Nima uchun aqlli? SOS knopkalari bor, GPSni yoqib qo‘yish mumkin. Begona shaxslarni bloklab qo‘yish mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda yosh chegarasini qo‘yish mumkin. Xudo bergan aql-idrokni ishlatib, bunday temir qurilmalarning aqlli jihatlaridan unumli foydalana olish kerak.

Hozirgi kunda axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalana olish mahorati ayollar uchun qanchalik muhim va qanday qulayliklar beradi?

– Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ko‘plab yangiliklar ayollar tomonidan yaratilganiga guvoh bo‘lamiz. Bejizga ham ayollar bir qo‘lida beshikni, bir qo‘lida dunyoni tebratadi, deyishmaydi. Ayol kishining vazifasi faqatgina ovqat qilib, kir yuvish emas. Men o‘zi asli muhandisman. Xorijda sohamni to‘g‘ri qabul qilishadi. Lekin o‘zimizda kasb taqazosi bilan biror konferensiya yoki master klassga boradigan bo‘lsak, erkaklar yo‘qmi, deb qo‘yishadi. Nima farqi bor, erkakmi-ayolmi? To‘g‘ri, hozir bu kabi stereotiplar avvalgiga nisbatan kamayib bormoqda. Ammo ba’zi joylarda hanuz ayollarni ayrim sohalarda tasavvur qila olishmaydi. Gender tenglik masalalariga rioya qilinsa har kim o‘ziga qulay bo‘lgan sohada ishlab, muvaffaqiyatga erisha oladi.

Yaqinda Turkiyada bo‘lib o‘tgan tabiiy ofat har birimizning qalbimizni o‘rtadi, hatto ishga ham qo‘limiz bormay qoldi. Psixologiyada esa shunday narsa borki, biror narsa haqida haddan ziyod ko‘p o‘ylash yoki qayg‘urish ong osti orqali shu ko‘ngilsizlikni o‘ziga chaqirib olishga sabab bo‘ladi. O‘zimizda ham shu oyning o‘zida birin-ketin ikki marta sodir bo‘lgan yer silkinishi esa aholini yanada vahimaga solib qo‘ydi. Mana shunday vaziyatlarga odamlar ham ruhan, ham jismonan qanday qilib o‘zlarini tayyorlashlari kerak? Shu va boshqa o‘zingizni qiziqtirgan barcha savollarga Xabar.uz Youtube kanalida javob topishingiz mumkin!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring