Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vazir “IT City Academy” markaziga tashrif buyurib, uning kelgusidagi rejalari bilan tanishdi

Vazir “IT City Academy” markaziga tashrif buyurib, uning kelgusidagi rejalari bilan tanishdi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Qarshi shahrida joylashgan “IT City Academy” MChJ faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Mazkur markaz 2021-yilda tashkil etilgan bo‘lib, dastlab 3 nafar xodim bilan ish boshlagan. Bugungi kunda esa markazda 30 dan ziyod yoshlar ish bilan ta’minlangan, shulardan 10 nafari akademiyada ta’lim olayotgan bo‘lsa, 20 nafari hozirda dasturchilik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. 2021-yildan buyon markazning ta’lim dasturlariga 1000 nafar yoshlar jalb qilingan, ulardan 100 nafari o‘quv dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan.

Markazning asosiy maqsadi – kelajakda ta’lim sohasida innovatsion yo‘nalishlarni kengaytirish, chet el mutaxassislarini jalb qilish va yoshlarni xalqaro miqyosda talabgir kasblarga o‘qitishdir. Shuningdek, kelajakda yoshlarni zamonaviy kasblarga tarbiyalashga qaratilgan maktab ochish rejasi ham mavjud.

Markaz bir qator muvaffaqiyatli loyihalar amalga oshirilgan bo‘lib, ularning orasida:

  • bookers.uz – onlayn sartaroshxonalarni oldindan band qilish va ularning faoliyatini tizimlashtirish platformasi.
  • gts1.uz – geodeziya sohasiga ixtisoslashgan platforma.
  • QR Pay tizimi – Rossiyalik mehmonlar uchun onlayn to‘lov tizimi.
  • gpsolutions.uz – Dubaydagi kompaniya uchun ishlab chiqilgan professional veb-sayt kiradi.

Vazir Sherzod Shermatov markazning yutuqlari bilan tanishib, uning kelgusidagi rejalari bilan qiziqdi. U markazda yangi innovatsion yo‘nalishlarni ochish, chet el mutaxassislarini jalb qilish orqali yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘rgatish, shuningdek, IT-shaharcha barpo etish orqali 400 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratish va masofaviy xizmatlar eksportini kengaytirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.

Shuningdek, markaz jamoasi xalqaro bozorda yirik IT yechimlar yaratish va yil oxirigacha bir qator xalqaro loyihalar shartnomalarini imzolashni rejalashtirayotganligini bildirdi. Vazir Shermatovning tashrifi davomida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va mamlakatning IT eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha muhim masalalar muhokama qilindi.

Markaz nafaqat Qarshi shahrida, balki O‘zbekistonning IT sohasi rivojlanishida muhim o‘rin tutmoqda. Ushbu markaz O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi IT bozorida raqobatbardoshligini mustahkamlash yo‘lida faol harakat qilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring