“INNOWOMENWEEK-2024” Toshkentda: Ayollarning IT sohasidagi o‘rni mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi

“INNOWOMENWEEK-2024” ixtirochi xotin-qizlarning innovatsion haftaligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ayollarning IT sohasidagi o‘rni mavzusida tadbir va Koreya Ixtirochi ayollar assotsiatsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov va vazir maslahatchisi Kamola Sobirova ishtirok etdi. Shuningdek, Koreya ixtirochi ayollar uyushmasi delegatsiyasi va IT sohasiga qiziquvchi xotin-qizlar ham tadbirga tashrif buyurdi.
Tadbirning asosiy maqsadi — xotin-qizlarni IT sohasiga jalb qilish, innovatsiya, texnologiya, tadbirkorlik va ilm-fan sohalarida ishtirokini oshirish va rag‘batlantirishdan iborat.
Tadbir davomida IT sohasida muvaffaqiyatga erishgan xotin-qizlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi va taqdimot o‘tkazdi
Bundan tashqari, Koreya ixtirochi ayollar assotsiatsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv davomida ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish va gender tenglikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar xotin-qizlarning IT sohasidagi ishtirokini oshirish va bu yo‘nalishda tajriba hamda bilim almashish orqali hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar. Raqamli rivojlanishda ayollarni faol jalb qilish va ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni birgalikda amalga oshirish rejalari belgilandi.
Ushbu uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlab, innovatsiyalar va yangi imkoniyatlarni yaratishga turtki bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter