AQShda bo‘lib o‘tgan AI Infra Summitda O‘zbekistondagi imkoniyatlar taqdim etildi
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQShga xizmat safari doirasida “AI Infra Summit 2024”da ishtirok etdi.
Ushbu sammitda butun dunyodan kelgan 700 dan ortiq soha mutaxassisi ishtirok etdi hamda O‘zbekistonda IT kompaniyalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot olish imkoniga ega bo‘lishdi.
Ushbu tadbirda vazir “Sun’iy intellekt asoslarini qurish: O‘zbekistonning yo‘l xaritasi va raqamli kelajagi” mavzusidagi taqdimot bilan qatnashdi.
Vazir sammitda O‘zbekistonning raqamli transformatsiya strategiyasini amalga oshirishda sun’iy intellekt texnologiyalarining ahamiyatini ta’kidlab, Saudiya Arabistonining Akwa Power kompaniyasi tizimidagi DataVolt kompaniyasi bilan “Yashil” Data markaz qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar va sun’iy intellekt strategiyasi bilan tanishtirib o‘tdi.
Vazir nutqi davomida 5 milliard AQSh dollari qiymatidagi ushbu Data markazning tashkil etilishi mamlakatda IT texnologiyalar rivoji uchun zamonaviy infratuzilmani ta’minlash hamda xalqaro miqyosda yuqori tezlikdagi xizmatlarni ko‘rsatishga katta turtki bo‘lishini hamda loyiha O‘zbekistonni global raqamli bozorlarning muhim ishtirokchisi sifatida ko‘rsatishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, vazir Sh. Shermatov O‘zbekistonda IT sohasida faoliyat yuritayotgan mahalliy va xorijiy kompaniyalar uchun berilayotgan soliq imtiyozlari haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Bu orqali esa O‘zbekistonda IT sohasini jadal rivojlantirishga turtki bo‘lishini va mamlakat xorijiy investorlar uchun yanada jozibador mintaqaga aylanib borayotganini qo‘shimcha qildi.
Sammit davomida O‘zbekistonda sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha rejalar va strategiyalar ham taqdim etildi. Xususan, mamlakatda SI imkoniyatlarini kengaytirish, kadrlar tayyorlash hamda xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikni mustahkamlash orqali texnologik yetakchilikka erishishni maqsad qilingani aytib o‘tildi.
Sammitda ishtirok etgan mutaxassislar va investorlarga O‘zbekistondagi innovatsion loyihalar hamda iqtisodiy imkoniyatlar haqida keng qamrovli ma’lumotlar taqdim etilib, mamlakatda xorijiy investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratilgani va bu borada yangi imkoniyatlar ochilayotgani ko‘rsatib berildi.
Shuningdek, vazir AQSh kompaniyalarini O‘zbekistonning SI infratuzilmasiga sarmoya kiritishga va mamlakatning raqamli bozorida faol ishtirok etishga taklif qildi.
Taqdimot davomida, vazir AQSh kompaniyalariga O‘zbekistonning raqamli bozoridagi sharoitlari bilan tanishish imkoniyati haqida ma’lumot berdi va ularni O‘zbekistonning dinamik rivojlanayotgan bozoriga kirishga chorladi.
Mazkur tadbir O‘zbekistonning sun’iy intellekt va raqamli infratuzilma sohasidagi xalqaro miqyosda o‘z o‘rnini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter