Sherzod Shermatov: «Sohamizning kelajagiga ishonch yanada mustahkamlandi»

IT sohasida ta’lim beradigan rezidentlar soni kun sayin ortib borayotgani AKT ta’limi sohasida raqobat kuchayib, endi sifatga yaxshiroq e’tibor qaratilishiga sabab bo‘ladi, deydi AKT vaziri Sherzod Shermatov.
«Shanba kunining ikkinchi yarmida ham yuzlab yoshlarimiz axborot texnologiyalarini o‘zlari qiziqib o‘rganayotganini ko‘rish albatta kelgusi 5 yilda IT eksportimizni 10 barobar oshishiga ishonchimizni mustahkamlaydi.
O‘tgan haftada Davlatimiz Rahbari tomonidan muhokama etilgan Taraqqiyot strategiyasida ko‘zlangan maqsadlarga erishishimiz uchun eng asosiy masalalardan biri bu yoshlarimizning o‘z ustilarida ishlab qo‘shimcha ta’lim olishlaridir. Bunda maktab, OTMlardan tashqari xususiy ta’lim tashkilotlarining ham anchagina hissasi bor. AKT sohasidagi bunday tashkilotlarimiz hozirgi kunda IT-Park rezidenti bo‘lib qo‘shimcha soliq imtiyozlariga ham egadirlar.
Shunday rezidentlarimizdan biriga borib, yuzlab yoshlarimizning dam olish kunida ham tinmay o‘z ustilarida ishlayotganini ko‘rib, sohamizning kelajagiga ishonch yanada mustahkamlandi. Bunday ta’lim beradigan rezidentlarimizning soni kun sayin ortib borayotgani AKT ta’limi sohasida raqobat kuchayib, endi sifatga yaxshiroq e’tibor qaratilishiga sabab bo‘ladi deb umid qilamiz. IT-Park saytida sohada ta’lim olish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot bor: https://education.it-park.uz
Ko‘pgina yoshlar vaqtini bekorchi, foydasiz narsalarga sarf qilib, keyingi hayotlarida pushaymon bo‘lib qolishlari mumkin. Undan ko‘ra, shu yoshlarimizga o‘xshab vaqtingizdan unumli foydalaning», deydi AKT vaziri.
Eslatib o‘tamiz, 29-yanvar kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov IT-park rezidenti — «Najot ta’lim» o‘quv markazida bo‘lib, uning faoliyati va bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Vazir markaz faoliyati bilan tanishish jarayonida axborot texnologiyalari sohasida qilinayotgan ishlar yuzasidan takliflar berdi.
Uchrashuvda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ham qatnashib, Yoshlar portalini takomillashtirish va qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
Shuningdek, yoshlar daftariga kiritilganlarga IT-yo‘nalishda ta’lim olish imkoniyatini yaratish ham muhokama qilindi.
Shu kuni AKT vaziri va o‘quv markazida ta’lim olayotgan o‘quvchilar o‘rtasida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter