Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Axboriy immunitet pastligidanmi bu?

Axboriy immunitet pastligidanmi bu?

Foto: "Psychologos.ru"

Xabarning audio talqini

"Agar o‘g‘lingni o‘qitsang, bir kishini o‘qitgan bo‘lasan, ammo qizingni o‘qitsang, butun bir jamiyatni o‘qitgan bo‘lasan” deganida donishmand naqadar haq ekan!

Oxirgi paytlar insonlar orasida ilmlilarga havas birmuncha yuksalganiga qaramay, hamon kelin tanlashda bo‘y, vazn, husn birinchi darajadan tushmayapti. Bilim va saviyaning pastligi esa hayot-mamot darajasidagi muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Bir psixologning gapi va unga domlaning raddiyasi ijtimoiy tarmoqlar orqali omma e’tiborini tortdi. Aslida bu holat yangilik emas. Kimdir qandaydir hukm o‘qib, butun omma u axborot bilan sug‘orilib bo‘lingach, boshqa kishi chiqib "Bu oq emas, qora edi" qabilidagi manzaralarga internet auditoriyasi ko‘p bor guvoh bo‘lgan. Ammo hamma og‘zi kuyganlar ham qatiqni puflab ichavermas ekan-da.

Aslida bir fikrning ketidan uning noto‘g‘riligini asoslash holatining o‘zi achinarli, fojiaviydir. Muammo - xato gapirib qo‘ygan birgina insonda emas, balki uni qo‘llab quvvatlayotgan bir necha kishida. Demak, bugungi ommaning bilimi, fikrlash doirasi tasdiq yoki inkorli izohlarga ehtiyojmand ekan-da? Kimdir chiqib "Ha, to‘g‘ri" yoxud "Yo‘q, noto‘g‘ri" demagunicha yaxshi-yomonni ajrata olish qobiliyatiga ega emas ekan-da, shundaymi?

Insoniyat ongida bir a’zo yashirin. Bu - filtr. Xohlasangiz, uni elak deb atang. Jamiki ma’lumotlar shu filtr (elak)ga borib uriladi hamda odam keragi va to‘g‘risinigina u yordamida saralaydi. Bo‘ldi - muammo yo‘q! Psixologdan tortib dahogacha - kim nima desa, mana shu a’zocha yordamida saragini sarakka, puchagini puchakka ajratib oladi. Bu yerda kimdir o‘zini oqlashi, qoralaganlar bilan gap talishishi shart emas, chunki u aybdor emas. Balki ayb "filtr a’zo"si ta’mirtalab bo‘lib qolgan insonlardadir. Agar elaklari yaxshi elaganida rad etuvchi "fatvo"larga muhtoj bo‘lib qolmasdilar.

Yuqorida ham ta’kidladikki, psixolog va domla munozarasi yangilik emas. Bundan oldin ham shunday baxslar ko‘p kuzatilgan. Masalan, bir tabib chiqib "Dardni dori emas, biologik faol qo‘shimchalar bilan davolash kerak. Ukol qilayotgan doktorlar ahmoq" degan murojaat bilan chiqdi. Hamma "Buni qara-ya! Shuncha paytdan beri xato qilayotgan ekanman", deb "aptechka"sini ko‘chaga uloqtirdi. Ko‘p o‘tmay shifokordan murojaat paydo bo‘ldi: "O‘ylab gapiryaptimi bu tentak? Tibbiy yordam ko‘rsatmasa, odamlar o‘lib qoladi-ku!". Mana, endi bemalol dori ichavering, ruxsat berildi!

Axir bu nima degan gap? Odamlar tajriba quyonchasimi? O‘sha mashhur “Haqiqat etigini kiyguncha mish-mish dunyoni kezib chiqadi” maqoli yana to‘g‘riligini isbotlayaptimi? Bu darajaga yetmaslik uchun esa nima yetishmayapti? Albatta, axboriy immunitet.

Ayniqsa ayollar auditoriyasi xavf guruhida. "Ajrash" yoki "ajrashma" deb hukm o‘qish psixologning vazifasiga ham, vakolatiga ham kirmaydi. Uning ishi har qanday holatda ham ruhiy muvozanatni tiklashga yordam berish. Aqlli ayol birovning gapi (psixolog u yoqda tursin, avliyo bo‘lmaydimi) bilan ajrim ostonasiga kelib qolmaydi, psixologik va feministik qarashlarni farqlay oladi.

Yoxud otinoyilarning "Is olgan qurbonlik savobini oladi", "Shomdan keyin ovqat pishirib bo‘lmaydi", "Ushoqni chap qo‘l bilan yeyish - sunnat" kabi asossiz va noto‘g‘ri gaplarini tahrirlab turishga kimnidir mas’ul qilib qo‘ysak, odam yetmay qoladi. Eng afzali - axboriy immunitetni oshirish.

Zotan, asossiz ma’lumot virusdan ham tez va keng tarqalib, ongni mahf etishga ulguradi. Epidemiyadan himoyalangan kabi axboriy didni-da profilaktika qilib turish zarur, zero uning zarari ham virusnikidan qolishmaydi.

Balki murojaat, balki raddiya xatodir. Dunyoda to‘liq to‘g‘ri gapiruvchi odam yo‘q, lekin gaplar orasidagi to‘g‘ri va noto‘g‘ri so‘zlarni ajratib oladigan odamlar bor. Bizga mana shundaylar kerak.

Fors faylasufi Umar Xayyom qanchalik dono ruboiylar yozmasin, o‘quvchiga eslatma bergan ekan:

Xayyomdan o‘qigil jahon bahsini,
Undan topajaksan zamon naqshini.
Aql elagidan o‘tkazib bir-bir,
O‘zing ajratib ol yomon-yaxshini.

Darhaqiqat, siz axborot ummonida suzyapsiz, unda har xil ma’lumotlar po‘rtanasiga to‘qnash kelasiz. Aql elagidan o‘tkazib, yomon-yaxshini ajratib olish vazifasi esa o‘zingizga qoldiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring