Nega do‘kondagi vaqtincha chegirmaga qiziqamiz-u, onlayn xizmatlardagi doimiy chegirmaga e’tibor bermaymiz?

Biror kiyim do‘konida chegirma e’lon qilinsa, ayollarning oqib borishi turgan gap. Erkaklar esa odatda maishiy texnikaga oid chegirmalarni qo‘ldan boy bergisi kelmaydi. Maxsus takliflar kuni hatto ishini tashlab, arzonroq xaridlarga ulgurib qolishga shoshiladiganlar ko‘p. Lekin nega yil davomida doimiy chegirmaga ega davlat xizmatlaridan foydalanishni o‘ylamaymiz? Balki bundan xabardor ham emasdirsiz?
Masalan, farzandli bo‘lgan oila bola tug‘ilganligi haqida ma’lumotnoma olishi kerak. Buning uchun tegishli tashkilotlarga murojaat qilsangiz yoki Davlat xizmatlari markaziga borsangiz, yo‘l kira va vaqt sarfidan tashqari, davlat bojini ham ko‘proq to‘laysiz. Yagona portal (my.gov.uz) orqali topshirilganda esa 10 foiz chegirmaga ega bo‘lasiz. Yo‘l xarajatlari ham yoningizda qoladi, navbat kutib vaqtingiz va asabingizni zoye ketkazmaysiz.
Milliy toifali sport hakami toifasini olish, avtotransport boshqaruvi uchun elektron ishonchnoma berish, kredit tarixini olish, ichimlik suvi hisoblagichini qiyoslashdan o‘tkazish, fuqarolarning nomida shaxsiy uy-joyi borligi yoki yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma olish, diplom dublikatini olish, xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirishga ariza berish kabi ishlarni bitirishda ham 10 foiz chegirma imkoniyatiga egasiz.
Demak, my.gov.uz ishlaringizni nafaqat uydan chiqmasdan hal qilish, sarsongarchilik va navbatlarga chek qo‘yish, balki tejamkorlik nuqtai nazaridan ham to‘g‘ri tanlovdir. Bundan tashqari, yana ko‘plab xizmatlarning mutlaqo bepul ko‘rsatilishiga nima deysiz?
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter