Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maxfuza Ro‘yiddinova

«Kema uchun eng xavfsiz hudud – qirg‘oq. Ammo u buning uchun yaratilmagan».

Millionlab o‘limlarga sabab bo‘lgan kashfiyot

Bugun sizlar bilan millionlab o‘limlarga sabab bo‘lgan ixtiro haqida gaplashamiz!

Butun dunyoda intellektual salohiyat pasayishiga, jinoyatlar soni oshishiga hamda ekologik talafotlarga sabab bo‘lgan bu kabi ixtirolar asorati hanuzgacha sezilmoqda. Qiziq, bu xavfni ixtirodan qariyb bir yarim asr oldin yashagan Benjamin Franklin qayerdan bildi-yu va nima uchun butun dunyoni ogohlikka chaqirdi? Keling, tarix tafsilotlariga yuzlanamiz...

1908 yil... Detroyt ko‘chalarida avtomobil boshqarib ketayotgan ayolning to‘satdan mashinasi buzilib qoldi. Shunda yo‘lovchi erkaklardan biri unga yordam bermoqchi bo‘ldi. U vaqtlarda avtomobil dastagi qo‘lda harakatga keltirilgani uchun bu ayollarga biroz qiyinchilik tug‘dirardi. Erkak shahd bilan starterni aylantirganida dvigatel birdan ishlab ketdi va u o‘zini dastakdan olib qochishga ulgurmadi. Natijada jag‘ suyagi sinib, jarohati tufayli olamdan o‘tdi. Avtomobil sanoatida ishlagan marhum – Bayron Karterning bunday o‘lim topgani do‘sti –  Kadilak avtosi asoschisi Genri Lilandni kuchli sarosimaga soldi. Va endi u avto ishlab chiqarishda starterdan butkul voz kechishga qaror qildi.

Starterdan voz kechilgan ilk avtomobil Kadilakning 30 modeli bo‘ldi. U avvalgi avlodga qaraganda ancha kuchli chiqdi: 40 ot kuchiga ega, maksimal tezligi 70 km soatga teng. Mazkur model avtomobil sanoatida revolyusiya yasab, juda tez mashhurlikka erishdi. Sotuvi ikki baravarga oshdi. Lekin u ham kamchiliklardan xoli emasdi, ya’ni juda baland ovoz chiqarardi. Yana uni haydaganlar “taqillagan” ovoz borligidan ham shikoyat qilishardi.

Bu muammo dvigatelni ham ishdan chiqara boshladi. Yoqilg‘i yonuvchanligi pasayib, hosil bo‘lgan tebranishlardan porshen va silindr devorlari zarar ko‘rdi. Shovqinni yo‘qotish uchun ishlab chiqaruvchilar yoqilg‘i turini ham o‘zgartirishdi. Endi ular yuqori oktanli yoqilg‘idan foydalanishga o‘tishdi. Nima deb o‘ylaysiz, ular bu turdagi yoqilg‘iga qanday erishishdi?

Yuqori oktanli yoqilg‘i olish uchun Tomas Mijley juda ko‘p narsalarni sinab ko‘rdi. Eritilgan sariyog‘dan tortib, kamfor, etilatsetat va xlorid alyuminiygacha. Biroq ularning aksariyati samarasiz bo‘lib chiqdi. Navbat Tellur tarkibiga yetib keldi. To‘g‘ri, u mashinadagi shovqinni yo‘qotgan, ammo juda o‘tkir hidi tufayli bu sinov ham muvaffaqiyatsiz yakun topdi. Uning hidini na yangi kiyim, na yuvinish yo‘qotgan. Shu bois Mijley 7 oylik tajribasi davomida yerto‘lada yashashga majbur bo‘lgan. Tellur yoqilg‘i samaradorligini ikki baravar oshirsa-da, noxush hidi tufayli uni qo‘llab bo‘lmasdi. Tajribalar yana davom etdi. Taxminan 5 yil deganda Mijley ideal tarkib topdi. Bu – tetraetil qo‘rg‘oshini edi. U mashinadagi shovqinni yo‘qotish barobarida ishlab chiqarilishida kam xarajat talab qilardi.

Mijley o‘z ixtirosidan boshi osmonda. Axir buning uchun 200 million dollar foyda olish mumkin edi. Bu hozirgi paytda 3 mlrd dollardan ham ko‘p degani.

Tez orada Mijley o‘z ixtirosini patentlab, uni etil deb nomladi. Qo‘rg‘oshin nomi esa hech qayerda tilga olinmadi. Keyinchalik “General motors”, “Dupont” va “Standard will of new jersey” kabi yirik korxonalar hamkorlikda itil korporatsiyasini tashkil qilishdi. Marketing yuqori darajada yo‘lga qo‘yildi. U yerda faoliyat yuritgan olimlar guruhi xuddiki insoniyat kelajagi uchun qayg‘urayotgan, go‘yoki “kelajak” odamlari sifatida ta’riflandi.

1923 yilgi poygada sovrinli o‘rinlarning bari yangi avlod yoqilg‘isidan foydalanganlarga nasib etdi. Natijada korporatsiya mahsulotiga talab yanada oshdi. Talabni qondirish uchun kompaniya Nyu-Jersida yangi kimyoviy zavod qurdi. Biroq ahvol kutilganidek yaxshi emasdi. Dastlabki ikki oyning o‘zida o‘nlab ishchilar qo‘rg‘oshindan zaharlanib, 5 nafari vafot etdi.

Noxush vaziyatni yumshatish uchun Mijley omma oldida chiqish qildi. Tetraetil qo‘rg‘oshini zararsiz ekanligini isbotlash uchun uni qo‘liga quyib, undan bir necha daqiqa nafas oldi. Ixtirochi bu ishni har kuni qilishi mumkinligi va bu sog‘lig‘iga hech qanday ziyon yetkazmasligini ta’kidladi. Aslida bunday emasligini o‘zi ham yaxshi bilardi.

Qo‘rg‘oshinning kam miqdordagisi ham zararli. U organizmdan juda sekin chiqib ketadi. Suyakda to‘planib, zararli ta’siri yillar davomida tanani tark etmaydi.

Qo‘rg‘oshinga eng ta’sirchan a’zomiz bu – miya. Negaki u miyelin qobig‘ini zararlaydi. Asosan yosh bolalarning qabul qilish qobiliyatini pasaytiradi.

Bu xatar yuz yillar oldin ham ma’lum edi. 1786 yildayoq Benjamin Franklin qo‘rg‘oshinning turli sohalarda ko‘p ishlatilayotganidan xavotirda ekani va u sog‘liqqa jiddiy zarar yetkazishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Agar u bir yarim asr o‘tishiga qaramay yoqilg‘i sanoatida qo‘rg‘oshinning bu qadar keng qo‘llanilishini bilganida edi, hayratdan “yoqa ushlashi” tabiiy edi.

Mijleyni AQSh sog‘liqni saqlash vazirligi ham, Garvard universiteti ham ko‘p ogohlantirishdi. Ular qo‘rg‘oshin tarkibli yoqilg‘ini sekin ta’sir qiluvchi, biroq juda dahshatli zahar deya ta’riflashdi.

«Bu yerda o‘lchangan miqdorga rangli suyuqlik, tetroetil qo‘rg‘oshin qo‘shilganiga guvoh bo‘lasiz. U ko‘p miqdorda zararli bo‘lishi mumkin, ammo oz miqdorda qo‘rqinchli emas».

1950 yilda millionlab avtomobil dvigatellarida qo‘rg‘oshin yoqildi.

Muammo borgan sari avj olayotgan bir paytda Stenford oil kompaniyasi rahbari Frenk Govar shunchaki taxmin qilinayotgan xavf tufayli industriyada revolyusiya yasagan ixtirodan voz kechib bo‘lmaydi, degan fikrni aytgan.

 

Mijleyning Itil kompaniyasi moliyalashtirayotgan ixtirochilar esa qo‘rg‘oshinning tabiiy element ekani va u atrof-muhitda keng tarqalmayotganini ta’kidlashga urinardi.

Kleir Pattersen ismli olim esa bunday emasligini isbotlashga kirishdi.

Dastlab u qo‘rg‘oshinning o‘zini tahlil qildi va tajriba o‘tkazdi. Agar u tabiiy element bo‘lsa, okeanning turli chuqurligida bir xil miqdorda qo‘rg‘oshin aniqlanishi kerak edi. Natijada Patterson 4 km.gacha chuqurlikdagi suvni o‘rganib chiqdi. Okean yuzasida 10 barobar ko‘proq qo‘rg‘oshin aniqlandi. Bu shubhasiz sanoat ta’sirida edi.

Patterson keyingi o‘rinda qo‘rg‘oshinning insonlardagi ta’sirini aniqroq o‘rganish uchun ushbu elementning tish va suyaklardagi miqdorini aniqlashga harakat qildi. Buning uchun u qadimiy mumiyolangan misrliklardan namuna oldi. Tabiiyki, u davrlarda insoniyat qo‘rg‘oshin bilan kamroq aloqada bo‘lgan. Hozirgi namunalar bilan solishtirgandagi natija Pattersonni ham hayratga soldi. Qo‘rg‘oshin sanoatda keng qo‘llanilganidan buyon ushbu element suyaklarda 1000 barobar ko‘proq aniqlandi.

Qo‘rg‘oshinning zararli ta’sirlaridan yana biri u IQ darajasini pasaytiradi, shuningdek, tanada arteriya qalinlashishiga olib keladi.

2018 yilgi tadqiqotlarga ko‘ra, aynan qo‘rg‘oshin AQShning o‘zida 250 mingdan ortiq yurak-qon tomir kasalliklari va o‘limga sabab bo‘lgan. Butundunyo miqyosida oladigan bo‘lsak, oxirgi 100 yillikda 100 milliondan ortiq insonlar ushbu kasallikdan vafot etgan degan xulosaga kelish mumkin. Ularning ko‘pchiligini Mijleyning ixtirosi nobud qildi, desa bo‘ladi. Negaki uning o‘zi ham yoqilg‘iga qo‘rg‘oshin qo‘shish yaxshi fikr emasligi bilardi, ammo mablag‘ va nafs uni yengdi.

Bu hammasi emas, hozirgi kun hisob kitoblari bir yilda 500dan 900 mingtagacha odam qo‘rg‘oshin tufayli nobud bo‘layetganini ko‘rsatdi.

1986 yilda Yaponiya birinchilardan bo‘lib tetroetil qo‘rg‘oshinidan foydalanishni chekladi.

Qolgan davlatlar ham biroz kech bo‘lsa-da, ushbu qarorni qo‘llab-quvvatladi. 2021 yilda Aljir so‘nggi davlatlar qatorida qo‘rg‘oshindan voz kechdi. Shunday qilib, har yili millionlab inson hayoti saqlab qolindi va taxminan 2.45 trillion dollar iqtisod qilindi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring