Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ko‘plab xorijiy investorlarni jalb etgan va yangi bo‘sh ish o‘rinlariga boy bo‘lgan “Offshore Outsourcing Tour”dan reportaj (video)

Mamlakatimiz IT salohiyatini xorijiy kompaniyalar va investorlarga namoyish etish va yoshlarimiz uchun yanada ko‘proq yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida yurtimizda “Offshore Outsorcing Tour” bo‘lib o‘tmoqda.

“Raqamli O‘zbekiston – 2030” milliy strategiyasidan kelib chiqib, 2030-yilgacha 5 milliard dollarlik IT xizmatlarni eksport qilishga erishish uchun IT Park rezidentlari va vakillari muntazam ravishda yirik xalqaro IT tadbirlarda faol ishtirok etib, xorijiy kompaniyalar bilan uchrashuvlar va tashriflar uyushtirdi.

O‘zbekistonning global biznes yuritish uchun asosiy afzalliklaridan biri – bu avvalo malakali kadrlarning ko‘plingir. 36 millionlik aholining qariyb uchdan ikki qismini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etsa, ularning qariyb 5 milliondan ortig‘i ingliz tilida gaplashadi.

Shuningdek, xorijiy investorlar, rezident kompaniyalar ta’sischilari va IT-mutaxassislar mahalliy tibbiy xizmatlar, ta’lim va ko‘chmas mulk sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lgan holda 3 yilgacha muddatga ko‘p martalik viza olishlari mumkin.

Tashrif buyurgan xorijiy kompaniya vakillari ham ko‘plab qo‘llab-quvvatlash dasturlari hamda turli soliq imtiyozlari tufayli O‘zbekistonda biznes yuritish nihoyatda qulay, ekanligini ta’kidlashmoqda.

Ayniqsa, “One Stop Shop” xizmati tufayli O‘zbekistonda kompaniya ochib to‘liq ishga tushib ketishi uchun bor-yo‘g‘i 6-8 hafta vaqt ketadi.

150 dan ziyod xorijiy kompaniya vakillarini bir joyda jamlagan tadbirning birinchi kunini O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov o‘z nutqi bilan ochib berdi.

Shundan so‘ng ikkita panel muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Birinchisi, ta’lim sohasidagi iste’dodlarni shakllantirish va innovatsiyalar masalalariga bag‘ishlangan bo‘lsa, ikkinchisida esa mamlakatimizdagi ITES biznesining o‘ziga xos jihatlari va yo‘nalishlari tavsiflagan holda, O‘zbekistondagi autsorsing ekotizimi namoyish etildi.

O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan tomonidan tashkil etilgan “Offshore Outsorsing Tour” tadbirlari 19-20-mart kunlari ham Toshkent va Samarqand shaharlarida davom etadi.

19-mart kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston IT-autsorsing bozorini o‘rganish bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Tadbirning yakuniy kuni esa Samarqand shahridagi madaniy dastur, jumladan, Shohi Zinda va Registon kabi tarixiy diqqatga sazovor joylarga tashkil qilinadigan tashriflarga bag‘ishlanadi.

“Offshore Outsorsing Tour” xalqaro kompaniyalarga O‘zbekistonga sarmoya kiritish va o‘z biznes tashabbuslari uchun mahalliy resurslardan foydalanishning afzalliklari bilan tanishish uchun noyob imkoniyatni taqdim etish barobarida, mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasida yangi ish o‘rinlari yaratilishiga va iqtisodiyotning taraqqiy topishiga xizmat qiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring