Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IT Park IT-autsorsingni rivojlantirish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb qiladi

IT Park IT-autsorsingni rivojlantirish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb qiladi

Foto: Digital.uz

Shotlandiyaning Glazgo shahrida IT sohasining BPO yo‘nalishiga bag‘ishlangan ixtisoslashtirilgan CX AUTSOURCERS konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda IT Park Uzbekistan delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

CX AUTSOURCERS konferensiyasi IT-autsorsing sohasidagi yetakchi kompaniyalar bilan uchrashuvlar va hamkorlik istiqbollarini o‘rganish imkoniyati uchun o‘ziga xos maydon vazifasini bajardi.

IT Park vakillari tadbir doirasida kompaniyalar va konsalting agentliklari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Ularda tashkilot faoliyati, O‘zbekistonda biznes jarayonlari autsorsingi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan kompaniyalar uchun qanday afzalliklar mavjudligi haqida ma’lumot berildi.

Kanadaning Ryan Strategic Advisory konsalting agentligi asoschisi Piter Rayan bilan muzokaralar davomida tomonlar uning marketing strategiyasini ishlab chiqish va xorijiy BPO kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish bo‘yicha maslahatchi bo‘lishiga kelishib oldilar.

AQShning tadqiqot, konsalting va texnologiyalarni strategik rivojlantirish hamda BPO yo‘nalishiga ixtisoslashgan TrendzOwl konsalting agentligi asoschisi Stiven Loynd bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonda BPO yo‘nalishini rivojlantirishga ko‘mak beradigan konsalting xizmatlari sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Delegatsiya a’zolari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida vakolatxonalariga ega Sigma Connected (Buyuk Britaniya) BPO kompaniyasi bilan ham uchrashdi. Xorijlik hamkasblarga O‘zbekistonda maxsus vakolatlarga ega bo‘lish usuli hamda kompaniyalarga mamlakatda imtiyoz va ko‘mak qay tarzda berilishi haqida so‘zlab berildi.

Shuningdek, konferensiya davomida delegatsiya a’zolari Covalen Solutions, VCosmos va Callzilla kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Callzilla rahbari O‘zbekistonda Microsoft mahsulotlaridan foydalangan holda BPO faoliyatini tashkil etish imkoniyatlariga qiziqish bildirdi.

Kompaniya kelajakda kengayish imkoniyati bilan Microsoft mahsulotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoasi uchun dastlab 25 kishini yollashni rejalashtirmoqda. Kelgusida tomonlar Callzilla kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish yo‘llari hamda bunda IT Park tomonidan beriladigan ko‘mak va rag‘bat masalalarini muhokama qiladilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring