Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Elektron imzo qog‘ozbozlikka chek qo‘yib, xarajatlarni qisqartiradi

Elektron imzo qog‘ozbozlikka chek qo‘yib, xarajatlarni qisqartiradi

Foto: "Shmeleva-partners.ru"

Raqamlashish jarayoni tashkilotlar va tadbirkorlardan yangi sharoitlarga moslashishni talab etadi. Zotan, bugungi kun texnologiyasi biznes maydon uchun najot yo‘llaridan biridir. IT-sohani rivojlantirishga e’tibor qaratayotgan hukumat buni yaxshi tushunadi. Pandemiya sharoitida ishlayotgan kompaniyalarga ham holat kundek ravshan.

Biznesni raqamlashtirishning asosiy unsuri - elektron imzo. Undan ko‘plab tashkilotlar keng foydalanmoqda. Zero, hujjatlarni elektron shaklda imzolash va onlayn almashish ish jarayonini osonlashtirishi allaqachaon isbotini topdi. Qog‘ozlarga muhrlangan shartnomalar va kurerlik jo‘natmalaridan voz kechish xarajatlarni qisqartirishi hech kimga sir emas. Shu jihatdan elektron imzo barqaror biznes vositasi sanaladi. U tufayli biznesda ham, davlat idoralari faoliyatida ham uzoqqa borish mumkin.

Elektron imzoning eng muhim xususiyatlaridan biri - u raqamli hujjatga yuridik kuch beradi. U bor joyda qog‘ozbozlikka chek qo‘yiladi. Natijada idora va kompaniyalar samaraliroq mehnat qilishga o‘tadi, mijozlar bilan ishlash sifati va tezligi ortadi. Ayonki, elektron shakldagi hujjatni yo‘qotib qo‘yish, yaroqsiz holga keltirish xavfi yo‘q. Istalgan vaqtda qo‘lga kiritish va foydalanish imkoniyati mavjud. Ofis qog‘ozining qimmatlashuvi ham elektron hujjatlarga talabni oshirdi.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan elektron imzoning qadri benazir. Kriptografiya sharofatidan elektron imzoni o‘g‘irlash ilojsiz. Elektron raqamli imzoning kaliti maxfiy saqlanadi. Shu sabab uni qo‘llagan biznes tuzilmalar o‘zlarini barqaror va xotirjam his qiladilar.

Mamlakatimizda ushbu sohaga oid qonunchilik 2003 yil 11 dekabrda qabul qilingan "Elektron raqamli imzo to‘g‘risida" O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solingan. Unga ko‘ra elektron raqamli imzo vositalari elektron hujjatda elektron raqamli imzo yaratilishini, elektron raqamli imzoning haqiqiyligi tasdiqlanishini, elektron raqamli imzoning yopiq va ochiq kalitlari yaratilishini ta’minlaydigan barcha texnikaviy va dasturiy vositalardan iborat bo‘ladi. Elektron raqamli imzo kalitining sertifikati elektron raqamli imzoning ochiq kaliti elektron raqamli imzoning yopiq kalitiga mosligini tasdiqlaydigan va elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasiga ro‘yxatga olish markazi tomonidan berilgan hujjatdir.

Elektron raqamli imzo internet orqali qo‘lga kiritiladi. Avval uni faqat soliq organi va davlat xizmatlari markazi orqali olish mumkin edi. Hozir esa jarayon onlaynlashtirildi, endi uni ish joyingizda yoki uyingizda o‘tirgan holda masofaviy tarzda ega bo‘lishingiz juda oson.

Hozirda elektron imzodan foydalanish holati va istiqbollari axborot texnologiyalari mutaxassislari tomonidan chuqur tahlil etilmoqda. Jumladan, unga erishish uchun tegishli uskunalar va IT-infratuzilmadan foydalanish zarurati, aholining undan xabardorlik darajasining pastligi, bu borada savodxonlikning yetarli darajada emasligi kamchiliklar sifatida e’tirof qilinmoqda. Ammo vaqt va mablag‘ni tejash, jarayonni tezlashtirish, kompaniya va mijozlarga qulaylik tug‘dirish, xavfsizlik ta’minoti jihatdan yutuqlar ko‘p bo‘lib, ular tarozida og‘irroq keladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring