Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Nega kiberjinoyatlar yoshlar tomonidan ko‘p sodir etilmoqda?

Nega kiberjinoyatlar yoshlar tomonidan ko‘p sodir etilmoqda?

Foto: Leader-id

Axborot texnologiyalari rivojlanib, ta’lim, mehnat, savdo kabi sanoqsiz sohalarda qulayliklar paydo bo‘lishi qatorida onlayn jamiyat qo‘li egri, niyati qora ayrim kimsalar uchun ham g‘araz maqsadini amalga oshirishda ko‘makchiga aylanib qoldi. Buni faqat afsus bilan qayd etish mumkin. Kiberjinoyatlar, internet firibgarlari haqidagi xabarlarga kunda-kunora guvoh bo‘lmoqdamiz. Yurtimizda, biz bilan hamnafas yashayotgan yurtdoshlarimiz tomonidan sodir etilayotganlariga ham misollar talaygina.

Boz ustiga, jinoyatlarning aksariyatida yoshlar asosiy “qahramon” sifatida gavdalanmoqda. Masalan, yolg‘on e’lon tarqatib kartadan pul o‘g‘irlagan yigit 22 yoshda, o‘zini telefon sotuvchisidek ko‘rsatib pul undirgani 18 yoshda, soxta tanlov o‘tkazgan firibgar 24 yoshda, birovning nomidan onlayn kredit olgan ayol 27 yoshda, internet orqali “dacha” egasi rolini o‘ynab odamlarni aldagan yigit 23 yoshda va hokazo. Yigirmani endigina hatlagan, bilagi kuchga to‘la, navqiron yoshlar. Nadomatki, ular yoshlikka xos shijoat, jur’atni noto‘g‘ri maqsadlarga yo‘naltirib, oltinga teng davrlarini jinoyat bilan o‘tkazmoqdalar.

Ayni shu yoshlar ko‘chada birovning yo‘lini to‘sib pul undirish, kimningdir uyiga kirib bosqinchilik qilish, cho‘ntagiga qo‘l suqishga bormasliklari, bunday ishlardan tap tortishlari mumkin, lekin internet olamida g‘arazliklarni bamaylixotir amalga oshirmoqdalarki, ular keltirayotgan zarar yo‘lto‘sar yoki bezorinikidan kam emas. Nega birovnig cho‘ntagiga qo‘l cho‘zishga haddi sig‘maydigan yigit-qizlar onlaynda begona pulni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirishdan qo‘rqishmayapti?

Aslida yoshlikning kuchi, aqli, imkoniyatlaridan unumli foydalana olsalar, shu pulni va hatto undan ham ko‘proq miqdordagi mablag‘ni halol yo‘l bilan topishning iloji bor. Internetni firibgarlik uchun imkon deb bilish o‘rniga axborot texnologiyalarini o‘zlashtirsalar, soha sir-asrorlarini o‘rgansalar, mutaxassis sifatida katta daromadga erishishlari mumkin.

Axir ayti olamida muvaffaqiyat va moliyaviy erkinlikka erishish afsona emas. Bunga erishgan yoshlar hayotidan real isbotlar ko‘plab topiladi. Masalan, O‘zbekistonda yashab turib Saudiya Arabistonida frilanserlik qilayotgan Sabohat Qalandarova, tog‘da o‘tirib ijod qiluvchi va Top Tal  kompaniyasida masofaviy ishlovchi Munira Begmuratova , onlayn platforma yaratgan Ummatoy Yo‘ldosheva, Google kompaniyasidagi muammolarga yechim izlayotgan Latofat Bobojonova , Amazon xodimi Jahongir Rahmonov, IT Stars loyihasi asoschisi Zafarbek Ibrohimov, eng yaxshi yosh ixtirochi deya e’tirof etilgan Abbos Nasimov kabi yoshlar ham aynan navqironlik davrida axborot texnologiyalari bilan do‘st tutinib, omad va daromadga erisha olganlar. Ularni chin ma’nodagi qahramonlar, desak arziydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring