Biznesni nimadan boshlash kerak? Sir saqlashdan!
Biznesga endi kirishayotganlar xato qilib qo‘yishdan qo‘rqadilar va soha mutaxassislaridan maslahatlar olishga oshiqadilar. Lekin ularga eng birinchi o‘rinda psixolog tavsiyalari zarur. Buni keyinga qoldirsalar kech qolishlari mumkin. Chunki ko‘pchilik biznesning ilk bosqichida katta xatoga yo‘l qo‘yadi.
Biznes ostonasidagi insonning rejalari limmo lim. Shuning uchun u ba’zan tasavvur kosamizdan tashqariga chiqib ketadi. Mana shu biznesni sindiradigan katta xatodir. Ya’ni, bo‘lajak biznes-men yoki biznes-ledi rejalari haqida atrofdagilarga to‘lib-toshib gapirib beradi. Aslida pozitivdek ko‘ringan bu odat omad qarshisidagi insonning ziyoniga xizmat qiladi.
Nega deysizmi? Boisi atrofdagilarning reaksiyasi sizning dushmaningizdir.
Faraz qilaylik, yangi firma ochayotganingizni biror yaqin odamingizga aytdingiz. U gapingizni bo‘lib, “Qo‘ysang-chi, bu qo‘lingdan kelmaydi, homhayolga berilma” dedi. Siz bu bahodan tushkunlikka berilishingiz, ruhan sinib qolishingiz ehtimoli bor.
Siz shu o‘rinda men bilan bahslashishingiz mumkin: “Atrofimda meni ruhlantiruvchi motivatorlar to‘la. Ularning fikri menga qanot bag‘ishlaydi”. Yo‘q, bu holat ham sizni omadsizlikdan qutqara olmaydi.
Yana tasavvur qilaylik. Qarshingizda siz bilgan va sizni yaxshi bilgan, aqlli, optimist odam turibdi va siz u bilan rejalaringizni bo‘lishyapsiz. Yaqinda firma ochishingizni ma’lum qilib, uni qanday reklama qilishingiz, qaysi mahsulotga ixtisoslashishingiz, kimlar bilan hamkorlik o‘rnatishingizni batafsil so‘zlab berdingiz. Uning ko‘zlari porladi va sizga javobi: “Qoyil, zo‘r narsani o‘ylayapsan. Ishonaman, bu qo‘lingdan keladi. O‘ylaganingdan ham ziyoda natijalarga erishishing aniq. Firmang hali gullab-yashnab ketadi, mijozlaring ko‘p bo‘ladi, daromading oshadi...”.
Bu yoqimli iboralar sizning psixologik qiyofangizni bunday yaratdi: “Omadsiz”. I-ya, bu qanaqasi bo‘ldi?!
Inson ong ostining boshqacha nomi – “aqlsiz ong”. U reallik va norealliklarni yaxshi farqlay olmaydi. "Bo‘ldi" va "bo‘ladi" so‘zlaridagi zamonlarni-ku, umuman tushunmaydi. “Bo‘ladi” deb gapirgan gapingizni “bo‘ldi” deb yozib oladi. Hamma gap shunda!
Siz biror ishni rejalashtirganingizda, ong osti uyg‘onadi, uni bajarishga bor kuchi bilan harakat qiladi. Aslida ong osti maqsadiga erishmaguncha tinchimaydiganlar xilidan. Lekin siz bu haqida kimgadir gapirib berganingizda va undan ijobiy javob eshitganingizda bularning barini bajarilgan deb o‘ylaydi. Maqsadlariga “+” qaydini qo‘yib chiqadi va tinchlanadi. Endi unga intilish uchun ehtiyoj yo‘q. Ong ostining tinchlanishi – inson uchun omadsizlik. Buning oqibatida rejalarni amalga oshirish uchun kuch topolmaydi, har qancha harakat qilmasin, miyadan kelayotgan quvvat o‘chib qolgani uchun orzularini ro‘yobga chiqarishga qiynaladi.
Bu masala yanada tushunarliroq bo‘lishi uchun yuqoridagi misoldan qayta foydalanmiz. “Firma ochaman, ixtisoslashaman, hamkorlik qilaman”. Sizning fikrlaringizni eshitgan ong ostining qaydnomasi: “Firma ochildi, ixtisoslashildi, hamkorlik qilindi. Hammasi bajarildi”. Suhbatdoshingizning reaksiyasi: “O‘ylaganingdan ham ziyoda natijalarga erishishing aniq. Firmang hali gullab-yashnab ketadi, mijozlaring ko‘p bo‘ladi, daromading oshadi...”. Ong ostining qaydnomasi: “Zo‘r natijalarga erishildi. Firma rivojlandi, mijozlar ko‘p, daromad yuqori. Bo‘ldi, bu masala hal”.
Ko‘rib turganingizdek, “aqlsiz ong” tasavvurdan qoniqib ulgurdi va bu mavzuni arxivga uloqtirdi. Endi u maqsadlaringizga erishishda ko‘makchi emas.
Aksincha holatda esa, ya’ni siz rejalaringizni pinxon saqlasangiz, ong osti o‘zi ham tinchimaydi, sizni ham tinch qo‘ymayli. Orzu ushalishi uchun zarur fikrlarni tug‘dirib beradi, g‘ayrat uyg‘otadi va oxirida – natijaga erishgandagina qoniqadi. Mana endi tafsilotlarni istgan insoningizga istaganingizcha gapirib beravering.
Demak, maqsad shu qadar oliy narsaki, uni asrashni, parvarishlashni bilish kerak. Mazkur oltin qoidani hayotiga tatbiq eta olganlar biznesda ham, shaxsiy masalalarda ham muvaffaqiyatdan umid qilishlari mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter