Raqamli texnologiyalar vazirligi AQSh–O‘zbekiston biznes-forumida ishtirok etdi (foto)
15-sentyabr kuni Vashingtonda 2023-yilgi AQSh-O‘zbekiston yillik biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston hukumati vakillari, turli idoralar vazirlari, investitsiya tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Biznes-forum Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi tomonidan tashkil etildi.
Konferensiya davomida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonning IT salohiyatini oshirish, xususan, BPO va IT-autsorsingni rivojlantirish bo‘yicha taqdimot qildi. Vazir mamlakatimizning imkoniyatlari, afzalliklari va O‘zbekiston bozoridagi yangi o‘sish nuqtalari haqida gapirdi, shuningdek, mamlakatning IT-autsorsingning yangi markazi sifatida rivojlanishidagi rolini ta’kidladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri IT sohasidir. Mamlakatda IT-kompaniyalar korporativ soliqlarning barcha turlarini to‘lashdan ozod qilingan, shuningdek, ularning rivojlanishini rag‘batlantirish uchun bir qator imtiyozlar berilgan.
Mamlakatda ko‘proq xorijiy investorlar o‘z korxonalarini ochmoqda va ularning 220 dan ortig‘i IT sohasida faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonning AQSh bilan IT sohasida hamkorligi kengaymoqda. 2022-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, AQShga eksportning 63 foizini IT-xizmatlar tashkil etadi.
Raqamli texnologiyalar vaziri respublikamiz aholisining 55 foizini yosh avlod tashkil etishi, ulardan 5 million nafari ingliz tilida so‘zlashayotgani, ularning 100 mingdan ortig‘i malakali yosh IT-mutaxassislar ekanini alohida ta’kidladi.
Xalqaro tajriba, ilg‘or tendensiyalardan foydalangan holda “O‘zbekiston — Mintaqaviy IT-xab” tashabbusini amalga oshirish, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida investorlar va tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish ustuvor vazifalardan ekanligi aytildi.
“Shu bilan birga, biz bu bilan to‘xtab qolmaymiz va yaqin kelajakda biz ilg‘or xalqaro tajribalar asosida biznesni rivojlantirishning yangi mexanizmlari va me’yoriy-huquqiy bazani yaratmoqchimiz.
O‘zbekistonning erishayotgan yutuq-natijalarini hisobga olgan holda, biz amerikalik hamkorlar bilan axborot texnologiyalari sohasida to‘laqonli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish harakatidamiz”, — dedi vazir Sherzod Shermatov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter