Aloqa sohasida Hududiy hamdo‘stlik bosh direktori bilan mintaqada raqamlashtirish sohasida hamkorlikni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi

Raqamli texnologiyalar vaziri, ASHHga a’zo davlatlar aloqa ma’muriyatlari kengashi raisi Sherzod Shermatov hamda Aloqa sohasida Hududiy hamdo‘stlik Bosh direktori Aleksey Borodin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda raqamli rivojlanish, raqamli iqtisodiyot va aloqa infratuzilmasini rivojlantirish, yangi texnologiyalarni tatbiq etish va IT sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Shuningdek, ASHH Ijroiya qo‘mitasining Toshkent shahrida o‘z filialini ochishi hamda o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikning yangicha yondashuvlarini istiqbolli ishlab chiqish yuzasidan fikrlar almashildi.
Shu bilan birga, aloqa sohasida yangi standartlarni ishlab chiqish va ularni amaliyotga tatbiq etish, jumladan, Xalqaro elektraloqa ittifoqi bilan hamkorlikda kelgusida O‘zbekistonda standartlashtirish bo‘yicha xalqaro tadbir o‘tkazish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida ASHHga a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni kuchaytirish uchun yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish taklif etildi.
Xususan, O‘zbekiston mintaqaning kommunikatsiya va raqamli texnologiyalar markaziga aylanishi uchun infratuzilmaviy loyihalarni rivojlantirish, xalqaro tadbirlar o‘tkazish va mamlakatning turistik salohiyatini namoyish etish masalalari muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mintaqa davlatlari o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga ishonch bildirdilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter