O‘z imkoniyatlarini qayta kashf qilgan dasturchi – Salomat Avezov
Qahramonlarni fantastik filmlardan qidirish shart emas. Ular bizning oramizda. Ko‘rinishidan sodda va hokisor insonlar ba’zida ulkan qalb egalari bo‘lishadi. Imkoniyat tanada cheklanishi mumkin, ammo ong va tafakkurda uni cheklab bo‘lmaydi. Bugungi qahramonimiz ham unga berilgan sinovni cheklov deb qabul qilmadi. Aksincha hayoti oldiga kattaroq maqsadlar qo‘ydi. Dasturlash, jurnalistika, huquqshunoslik sohalarini o‘rganib, nogironligi bo‘lgan shaxslarga yordam qo‘lini cho‘zdi. Bugungi videolavhamiz Salomat Avezov haqida.
U 1983 yili Nukus shahrida tug‘ilgan. Salamatga bolalar serebral falaji tashxisi qo‘yilgan, II-guruh nogironi. Ammo shunga qaramay matonatli bu yigit 2008-2012 yillarda Toshkent axborot texnologiyalar universiteti Nukus filialida informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishida tahsil olgan. Ayni vaqtda kasbiy faolyatini ham shu Universitetda davom ettirib kelmoqda.
Nega aynan IT sohasini tanladingiz?
Aytiga kirishimga dastlabki sabab, bu – sog‘lig‘imga to‘g‘ri kelishi. Men kabi insonlar ko‘chaga chiqib, ishlay olmaydi. IT esa men uchun qulay, bir qo‘lda kompyuterdan foydalanib, ishlayman. Orzuga ayb yo‘q deyishadi-ku, bolaligimdan o‘qishga qiziqaman va hozirgi orzuim magistraturada o‘qish, doktorlikni yoqlash. Lekin hozircha bunday imkoniyat bo‘lmadi.
Hozirda o‘zimning shaxsiy veb-saytim bor. Shuningdek 5 yildan beri mustaqil ekspert sifatida nogironligi bo‘lgan shaxslarga huquqiy maslahatlar beraman. Undan tashqari, jurnalistikaga ham qiziqaman. Maqolalarim xabar.uz da ham chiqib turadi. Mening eng sevimli mashg‘ulotim ham yozish. (Uy kadrlari, sayt)
Ilk loyihangiz?
Mening qalbim adabiyotga xushtor. Shuning uchun ham birinchi loyiham, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibrohim Yusupovning shaxsiy veb-sahifasini yaratish bo‘lgan.
Adabiyotni yaxshi ko‘raman, shu kishining ijodini ko‘p o‘qiganman va o‘zimga savol berganman, nega bu kabi shaxslar haqida tarmoqda ma’lumot kam. Shunday qilib, u haqidagi barcha ma’lumotlarni yagona platformaga yig‘dim. Sayt uchta tilda yaratildi: o‘zbek, ingliz, rus tillarida. Bir sayt yaratish uchun, kamida 3-4 hafta vaqt kerak bo‘ladi. Har bir so‘zini erinmasdan o‘qib chiqaman. Chunki xatolik bo‘lsa, odamlar ushbu saytni o‘qimay qo‘yyadi.
Bir kunda qancha vaqtingizni ish uchun sarflaysiz?
Agar 9 dan ishlaydigan bo‘lsam, tushlikkacha kompyuterim oldida bo‘laman. Tushdan keyin esa asosan kitob o‘qiyman. Ayni vaqtda Chingiz Aytmatov kitoblarini sevib o‘qiyapman. Eng yoqtirgan asarim esa Tohir Malikning “Odamiylik mulki”, uni 2 marotaba o‘qiganman va ish stolim ustida doim turadi. Kitob – inson qalbining mulki. (19:38)
Ilk daromadingiz haqida eslay olasizmi?
Ilk topgan pulimni bobomga olib borganman. Birinchi maoshim, deb faxrlanganman. Bobom bo‘lsa, qattiq quchoqlab, xursand bo‘lgandilar. Qancha pul olganimni hatto so‘ramaganlar. “Topgan pullaring o‘zingga, oilangga, ota-onangga buyursin” deb duo qilganlar. Men judayam xursand bo‘lgandim o‘shanda. Gap insonning qancha pul topishida emas, uning mehrida. Har kimga ham bu baxt nasib qilavermaydi.
Eng katta maqsadingiz?
IT sohasida ishlab turib, imkoniyati cheklanganlarga yordam berish niyatidaman. Misol uchun ularga moslashtirilgan saytlar yo‘q, bo‘lsa ham – juda kam. Barcha saytlarda eshitish funksiyasi yo‘q yoki ko‘zi yaxshi ko‘rmaydiganlar uchun moslashmagan. Bunday holda, ular ma’lumotlarni qayerdan olishsin?! Menga juda ko‘p nogironligi bo‘lgan shaxslar yozishadi – biz nima qilaylik, yaxshi eshita olmasak, ko‘ra olmasak, deb. Saytimga kirib ko‘ring, u yerda eshitish funksiyasi ham bor, ko‘zi ojizlar uchun moslashtirilgan funksiya ham bor.
Sizga nima kuch beradi?
Menga kelajakka bo‘lgan umidim kuch beradi. Barcha imkoniyati cheklanganlarga yordam bergim keladi. Hozir aksariyat nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘z huquqlarini to‘liq bilmaydi yoki anglab yetmaydi. Qani edi ular uchun katta-katta saytlar yaratilsa, ma’lumotlar berilsa. Audio, videoformatlar paydo bo‘lsa, elektron-audio formatdagi kitoblar ko‘paytirilsa edi, hozir shundoq ham ko‘pchilik kitob o‘qimaydi, videolar ko‘rishadi.
To‘rt muchasi sog‘ ayrim yoshlar nima xohlashini bilmaydi. Ulardagi eng katta kamchilik nima deb o‘ylaysiz?
Hozirgi yoshlardagi eng katta kamchilik – e’tiborsizlik. Ko‘pchilikda maqsad yo‘q va bu achinarli holat. Ertaga nima bo‘lsa, bo‘lar, deb yurganlar ko‘p. Inson maqsad qo‘yib, intilishni o‘rganishi kerak. Shunda uning hayotida ma’no bo‘ladi. Umuman olganda, inson borki, muammo bo‘ladi va u tugamaydi. Yana bir asosiy sabab, yoshlarimizning o‘qishga bo‘lgan intilishining kamligi, o‘qigisi kelmaydi. Hozir imkoniyatlar juda ko‘p, o‘qish kerak, o‘rganish kerak xolos!
Shogirdlaringiz bormi?
Hozir 3 ta shogird chiqarganman, hammasi o‘z yo‘lini topib ketgan. Ingliz tilini o‘zi o‘rgangan, dasturlashni esa o‘zim o‘rgatdim. Shanbami, yakshanbami kelishardi, har doim ular uchun eshigimiz ochiq.
Shogirdlarga bo‘lgan talab qanday?
Avvalo o‘z ustida ko‘proq ishlagan, izlangan shogirdlarni yaxshi ko‘raman. Mustaqil fikriga ega, fikrlash qobiliyati keng bo‘lganlarni hurmat qilaman. Umuman olganda, hamma shogirdlarimni yaxshi ko‘raman. Chunki men bilganni u, u bilganini esa men bilmasligim mumkin.
Eng kichik shogirdlarimdan biri maktab yoshida. Uni uch oy davomida o‘qitdim. Avval yozishni, keyin elementar Paint dasturida ishlashni o‘rgatdim, keyinchalik darajani oshirib bordim, Negaki, avval qobiliyatni aniqlash kerak, qiziqish bo‘lsagina, uni davom ettirish mumkin. Intilish bo‘lmasa, hammasi befoyda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter