Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qizil qalpoqli hojatbaror yigitcha

U uzoq o‘tmishdagi qahramon emas!

Uni ertakdan ham izlamang!

U O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida ko‘prik – qizil qalpoqli hojatbaror yigitcha.

Ha, aytgancha, baliq ovlash bo‘yicha uning o‘z uslubi bor.

Avvaliga, qarmog‘i bo‘m-bo‘sh chiqqan yigitcha bundan xomush tortadi.

Lekin vaqt o‘tib, aynan, o‘sha bo‘m-bo‘sh chiqqan qarmoq uning hayotida burilish yasaydi!

Dostonbek Toirov 24 yosh. Andijonda tug‘ilgan.

Qo‘shma Shtatlarning Kentukki shtatidagi Berea kollejini tamomlagan (2017-2020).

Qo‘shma Shtatlardagi mashhur «Morgan Stanley» shirkatida dasturchi sifatida ish faoliyatini boshlagan. (2020).

Hozirda AQShning «Red Hat» texnologiya kompaniyasida dasturchi.

Uning kelajak maqsadi – ta’lim va iqtisod sohalari rivojida IT imkoniyatlarini qo‘llash!

– Dostonbek, Siz haqingizda avval Xabar.uz saytida hamkasbimning «Kelajagimni O‘zbekistonda ko‘raman» – AQShdagi dasturchi yigit hikoyasi» nomli maqola e’lon qilingandi. Ko‘plar qatori men ham Qo‘shma Shtatlardagi mashhur «Morgan Stanley» shirkatida dasturchi sifatida faoliyat yurituvchi yosh vatandoshimning hikoyasini batafsil tinglashga ishtiyoqim oshgandi. Bugungi suhbatni ayni shu maqsadda tashkil etdik.

Hikoyangizdan angladimki, bugungi muvaffaqiyatlaringiz zamirida oiladagi muhit katta ahamiyat kasb etgan ekan. Ya’ni Sizga bolalikdan ota-onangiz va ustozlaringiz baliq tutib berishmagan, balki baliqni qanday ovlash sirlarini o‘rgatishgan. Bugun sizni misolingizda yosh, mohir baliq ovchisi hikoyasining ta’sirli nuqtalarini tinglasak...

– To‘g‘ri, ota-onamiz bolaligimizdan asosiy e’tiborni bizga va bizni erkin muhitda ulg‘ayishimizga qaratishgan. Farzandlar qiziqishlari qo‘llab-quvvatlangan, o‘qishimiz uchun barcha sharoit muyassar bo‘lgan.

Esimda, to‘rt-besh yoshlik hali harf tanimas davrimda o‘zimdan uch yosh katta akamning kitoblarini varaqlashdan zavqlanardim. O‘qishga bo‘lgan ishtiyoqimni payqagan ota-onam meni Andijon shahridagi maktab-gimnaziyaga o‘qishga olib borishgan. 2-sinfdan boshlab ingliz, rus tiliga ixtisoslashgan sinflarda o‘qiganman. Chet tilini o‘rganish asnosida dunyo ko‘rishga bo‘lgan qiziqish paydo bo‘ldi. Shuningdek, vaqt o‘tgan sari har xil sohalar to‘g‘risida bilim doiramni kengaytirishga bo‘lgan ishtiyoqim va ehtiyojim oshib bordi.

Aytishlaricha, bolaligimda sersavol bola bo‘lgan ekanman. «Bu nima? Bu nega bunday?» deya kattalarni savolga tutarkanman. Ota-onam erinmasdan har bir savolimga javob berishardi. Oiladagi mana shunday erkin, samimiy muloqot muhiti shu paytga qadar erishib kelayotgan muvaffaqiyatlarim asosidir. O‘z o‘rnida, ota-onam tanlovlarimni har doim hurmat qilishgan. Ularni tarbiya tutumida tergash, o‘z fikrini singdirish yo‘q! O‘zi anglab yetsin, deya tanlov va qarorlarni o‘zimizga qo‘yib berishadi.

– 2016 yil Toshkentdagi Xalqaro Vestminstr universitetiga o‘qishga kirgan paytingiz, o‘qishni tashlab, 2017 yil Qo‘shma Shtatlarning Kentukki shtatidagi Berea kollejiga yo‘l oldingiz... Chunki Siz, o‘sha ta’lim muassasasining «Kompyuter va axborot fanlari», «Matematika va biznes boshqaruvi» yo‘nalishiga grant asosida o‘qishga qabul qilingandingiz. Va eng muhimi, Berea kolleji Sizga 4 yillik o‘qish uchun barcha xarajatlarni qoplab beruvchi grantni taqdim etgandi. Aytingchi, bu – yoshlikka xos katta tavakkalchilikka bo‘lgan ishtiyoqmidi yoki avval tutgan balig‘ingizdan qoniqmadingizmi?

– Buning tarixi uzun... Ingliz tili saboqlarimizda ingliz tili asosiy til hisoblangan davlatlar haqida ko‘rgazmali taqdimotlar o‘tkazib turilardi, bu orqali nazarda tutilgan davlatlar haqida yaqindan ma’lumotga ega bo‘lardik. Balki, shundan bo‘lsa kerak, o‘sha paytdanoq dunyo ko‘rishga bo‘lgan ishtiyoqim oshgan. Shu zayl, suratda manzaralarini ko‘rganimiz uzoq o‘lkalarga sayohat, turfa xil odamlar bilan do‘stlashish xayoli orzuga aylangan. Bolalik orzusi keyinchalik, kelajak maqsadiga aylandi.

Berea kollejida o‘qish tanloviga keladigan bo‘lsak, avvaliga, Yevropadagi nufuzli oliygohlarni ko‘zlaganman. Misol uchun, Angliyadagi Oksford universiteti. O‘smirlik davrimdan ota-onam va ustozlarim ham Oksford yoki Kembridjda o‘qiysan, deb niyat qilishardi. O‘sha paytda bu kabi orzular ro‘yobi men uchun ilojsizdek tuyulardi. Lekin umidni so‘ndirmasdan, o‘qishda davom etganman. Bu orada ko‘p rejalarim o‘zgaradi. Ko‘p narsani o‘rganganingiz sari o‘zingizni tahlil qilib borarkansiz va yangi imkoniyatlarni hisobga olarkansiz. Ayni shu vaqtda Berea kolleji tanlov muqobili sifatida e’tiborimni tortgan.

Maktabni tugatayogan kezimda o‘quv markazlarida tahsilni boshlagandim. O‘quv markazidagi do‘stlarim dunyoning nufuzli ta’lim dargohlari to‘g‘risida ko‘rgazmali taqdimotlar qilib turishardi. Shunda, Berea kollejida qabul 100 foiz grant asosida bo‘lishi haqidagi keltirilgan ma’lumotga ishonmaganman. Shunday deyilgani bilan, qandaydir berkitilgan to‘lovlari bo‘lishi mumkin, deb ham o‘ylaganman-da. Bilsam, bu kollej talabasi bo‘lish uchun talabgorlar orasida raqobat ham kuchli tus olar ekan. Bu kurash qanchalik qiyin bo‘lmasin, mendagi shijoat shuncha balandlayverdi. Kuchli mutaxassis bo‘lishga intilsang va shunday bo‘lsang, yo‘q joydan imkoniyat topiladi, deyishardi ota-onam. Va bu toifa o‘z ishining ustalariga har doim ehtiyoj bor va ko‘p!

Ichimdagi ishonchsizlik, ikkilanishlarni yengishimda yaqinlarimning shu kabi ruhlantirishlari, tirgak so‘zlari yordam bergan. Ingliz tilida quyidagicha bir ibora bor: «Otilmagan o‘qlarni 100 foizini qo‘ldan boy berasan!» Ya’ni, o‘q nishonga tegsa, tegmasa, odam bor kuchi bilan harakat qilsa, baribir, hech narsa yo‘qotmaydi. Shuning uchun doim izlanishda bo‘lish kerak. Shu tushunchani dastak qildim-u, tavakkalga qo‘l berdim. Ya’ni, o‘sha kollejga topshirib ko‘raman, o‘xshasa, omadim. Bo‘lmasa, yana boshqa imkoniyatni qidiramiz, degan o‘yda xotirjam edim. O‘sha paytda chet elda o‘qishning rasmiyatchiliklari juda murakkab edi. Chunki, o‘qishga ariza topshirish jarayonida ko‘makchi, vositachi Agentliklar yoki bu bo‘yicha maxsus mutaxassis vakillar ham yo‘q edi. Umuman, bu kabi tashkiliy masalalar haqida ham bilimim kam bo‘lgan. Shu tarafdan ozgina qiynalganman. Chet elda o‘qish borasida ba’zi masalalarda shubhalarim ham bo‘lgan. Misol uchun, meni ko‘proq, chet elda o‘qish o‘ziga yarasha katta xarajatli bo‘lishi o‘ylantirgan. Sababi, o‘sha payt oilamning bu kabi xarajatni qoplaydigan darajada moddiy jihatdan imkoni bo‘lmagan. Shularni o‘ylab, Toshkentdagi Xalqaro Vestminstr universitetiga hujjatlarimni topshirganman. Albatta, grantni ko‘zlaganman, lekin grant asosida o‘qishga kirolmaganman!.. Agarda grantga kirganimda, Qo‘shma Shtatlarga ketmas edim. Imtihon javobi chiqqanida, «Nega kontrakt?» degan so‘roq bilan o‘zimni savalaganman, ruhiyatim keskin tushib ketgan. Berilgan imkoniyatni qo‘ldan boy berish alami, kontrakt to‘lovi uchun sharoitim yo‘qligi meni qorong‘u burchakka qadagan. O‘sha payt o‘zimni xuddi, yo‘lsiz qolgan odamdek his qilganman. Biroq, ayni shu vaziyat menga boshqa imkoniyatlarni izlashga o‘chlikni o‘rgatdi. Oradan vaqt o‘tib, duch kelganim, yana Berea kolleji bo‘ldi. Biroq, bu payt men Vestminstr universitetining 1-bosqichida o‘qiyotgan edim. Ich-ichimdan esa baribir, o‘zim orzu qilgan Berea kollejiga ariza topshirib, omadimni, bilimimni sinab ko‘rish istagi kuchlilik qildi. Pochtadan hujjatlarimni yubordim va javoblarni kuta boshladim. Birinchi javob xati o‘qishga kirmadingiz, degan mazmunda kelgan. Ha, aynan, shunisi qiziqda! Emaildan kelgan xabarda «Waitlist» yozuvini o‘qiganman-u, kayfiyatim juda tushib ketgan. Bir haftadan keyin Berea kollejdan ««Waitlist»dan chiqarildingiz, tabriklaymiz!» mazmunida yana xabar kelgan. Ya’ni, kollej mutasaddilari umumiy hisobda 30 ta odam tanlab olishadi, lekin bu nomzodlarning o‘qishga aniq kelish yoki kelmasliklari o‘rganilib, ularni yana saralaydilar. Shundan keyin, zaxira ro‘yxatidagi boshqa talabgor nomzodlarda grantda o‘qish imkoni paydo bo‘ladi. Omadim, men shu ro‘yxatga tushib qolgan ekanman.

– Demak, baliqsiz chiqqan qarmoq ham – hikmat ekan!

– Ha, agar Vestminstrga grant asosida o‘qishga kirganimda, Berea kolleji orzuligicha qolib ketardi... Tushunganim, qo‘lingizdan kelganicha harakat qilsangiz-u, natija bo‘lmasa, demak, keyinchalik albatta, natija bo‘ladi yoki bo‘lmasa, oldinda sizni ko‘zlaganingizdan yaxshirog‘i kutayotgan bo‘larkan.

– O‘zga yurt muhitiga moslashish davri qanday kechgan?

– Xalqaro talabalar moslashuv davrining uch bosqichdan o‘tadilar. Birinchisi, bir-ikki oylik muddatda talaba o‘zini mo‘’jizaviy makonga tushib qolgandek his qiladi va fantaziyalari ta’sirida yuradi. Ikkinchi bosqichda esa, talaba o‘ziga «Bu yerda nima qilayapman? Nega bu yerdaman?» deb savol beradi. Uchinchi bosqich – bu hal qiluvchi bosqich bo‘lib, nihoyat, talaba bu yerga nima maqsadda kelganini ongli ravishda anglab yetadi. So‘ng, talaba yashayotgan muhit uning uchun odatiy makonga aylanadi.

Berea kollejiga kelgunimga qadar G‘arb madaniyati va qadriyati, kishilari tabiati haqida ko‘rgan filmlarim, o‘qigan kitoblarim asnosida tushuncham bo‘lgan. Lekin AQShni yaqindan, real holatda ko‘rish, menda butkul boshqa taassurotni uyg‘otgan. Umuman, boshqa dunyoga tushib qolgandek bo‘lganman. Berea kolleji tizimining shunisi yaxshiki, o‘zga muhitga moslashuv davrida talabaga yordam berishadi. Misol uchun, har yili Berea kollejiga hujjat topshirgan talabgorlar orasida xalqaro miqyosdagi nomzodlar mingdan ziyodni tashkil etadi. Shular orasidan faqatgina 30 kishi qabul qilinadi. Bu degani, shuncha talabgor bilan raqabatlashib, o‘qishga kirish imkoni 2-3 foizdir. Qabul vaqtida kollej rahbariyati turfaxillikka harakat qilishadi. Ya’ni, har bir davlatdan bittadan talaba olishga harakat qilishadi. Ba’zida, eng ko‘pi 2 kishi bo‘lishi mumkin. Har xil davlatdan kelgan har xil madaniyatga ega talabalarning o‘zga yurtdagi yangi hayot tarzi, yangi muhitga moslashuvchanlik ko‘nikmasini oshirish uchun kollejda «Social Integration» – «Ijtimoiy birlashish» kurslari mavjud. Kollej muhiti qadriyati iliq birodarlik munosabatlariga qurilgan.

– Darslar odatda qanday shaklda o‘tiladi? Ustoz va talaba o‘rtasidagi munosabat qanday qadriyatlarga qurilgan?

– Amerika miqyosidagi katta universitetlarda ma’lumki, ma’ruza saboqlarida tinglovchi talabalar soni 200-300 nafarni tashkil etadi. Lekin Berea kolleji bundan mustasno. Saboqlarda 15-20 nafar talaba bo‘ladi. Bu yerda umumiy hisobda 1600ga yaqin talaba o‘qiydi. Berea kolleji Amerikaning o‘quv standartlari bo‘yicha to‘rt yillik bakalavr bosqichidan iborat kichik o‘quv muassasasi hisoblanadi. Professor bilan har bir talabaning muloqoti indvidual kechadi. O‘quv tizimining bunday shaklida professor hammani taniydi, yaxshi eslab qoladi va shunda talabalarning bilim olish ko‘rsatkichi ham yuqoriroq bo‘ladi.

Professorlar Informal – ya’ni, rasmiylikdan holi, erkin bo‘ladilar. Esimda, buxgalteriya bo‘yicha bir kurs olgandim, sinfxonada dars boshlanishini kutib o‘tirsam, sport kiyimida professor kirib kelgan. Hayron qolganman, «shumi, professor?» deb. Muloqotda professorlar o‘zlarini sizning do‘stingizdek tutishadi. Oradagi to‘siq yo‘qoladi va bilim almashinuvi yanada mustahkamlanadi. Chunki, agarda professor muloqotda qattiqo‘llik qilsa, talaba ham biron narsa so‘rashga tortinadi. Talaba va professor o‘rtasidagi erkin muloqot madaniyati Berea kollejining yana bir oltin qadriyatidir.

– Yo‘nalishingiz tanlovi haqida...

– Amerikada credit-based o‘quv tizimi joriy etilgan. Ya’ni, har bir kurs (credit)ga asoslangan bo‘ladi. Yo‘nalishga kelsak, tanlov quyidagi mezonlar bo‘yicha talabani o‘ziga qo‘yib beriladi: talaba qaysi va nechta yo‘nalishda o‘qimoqchi? Aytaylik, faqat bir yo‘nalishda tahsilni tamomlagan do‘stlarim bo‘lgan. Yana ba’zi do‘stlarim bir vaqtning o‘zida uch yo‘nalishda o‘qigan. Buni o‘zingiz ixtiyoriy tanlaysiz. Ahamiyatli tomoni, bu muhrlangan qaror sifatida sizni cheklamaydi. O‘qishga kirganimda, mana bu yo‘nalishda o‘qiyman, degan qat’iy qarorim bo‘lgan. Lekin o‘quv jarayoni davomida kollej rahbariyati talabaning xohishiga ko‘ra, tanlangan yo‘nalishlarni o‘zgartirishga imkon beradi. O‘zim ham ikki-uch marotaba yo‘nalishimni o‘zgartirganman. Avvaliga asosan, kompyuter sohasida o‘qiyman, deganman. Qo‘shimcha iqtisod va biznesni ham tanlaganman. Sharoitni o‘rganib, katta kurslar bilan muloqotda zarur maslahatlar olganmiz. Keyin o‘rganishim lozim bo‘lgan muhim yo‘nalish qatoriga texnologiya sohasi qo‘shilgan. O‘quv tizimining birinchi yili experience – tajriba bosiqichidan iborat bo‘lib, bu davr – talabaga kelajak sohasini aniq tanlab olishi uchun berilgan vaqtdir. Qaysi yo‘nalishda o‘qimoqchi ekanligingizni esa ikkinchi bosqich oxirida rasmiy e’lon qilasiz. Tanlangan asosiy yo‘nalish – major deb ataladi va bu yo‘nalish o‘z ichiga kompyuter texnologiyalarini o‘qitishni oladi (mening misolimda). Ikkinchi, qo‘shimcha yo‘nalish – minor bo‘lib, bunda talaba birinchi yo‘nalishga nisbatan kamroq ma’ruza saboqlarini tinglaydi.

– Sizningcha, qarorlar inson hayotida qanday ahamiyatga ega?

– Inson hayotida qarorlar – hayot o‘zanini qaysi yo‘nalishda ketishini hal qilib beruvchi omildir. Xuddi, kema yelkanlariga o‘xshab. Qaror deganda, ko‘pincha, 5-10 yillikka daxldor qarorlar tushuniladi. Aksincha, qarorlar har kunlik hayot tarzimizdan boshlanadi. Erta tongdan issiq o‘rinni tark etib, qadni rostlash ham, aslida, kichik qaror hisoblanadi va hamma katta natijalar mana shu kichik qarorlardan boshlanadi. Bir gap eshitganman, umr kunlardan iborat, kuningizni qanday o‘tkazishingiz esa umringizni qanday o‘tkazishingiz bilan barobar. Har bir kunlik kichik qarorlar odatga, odat qadriyatga aylanadi va bu katta o‘zgarishlarga yo‘l ochadi! Xarakterdagi kichik sifat hayotda kim bo‘lishingizni belgilaydi!

Albert Eynshteynning gapi bor: «Insonga baliq bersang, uni bir kun boqadi, lekin insonga baliq tutishni o‘rgatsang, bu uni bir umrga boqadi». Buni bajar, desangiz, o‘sha kishi ijrochi bo‘lib qoladi, bir kunini amal-taqal o‘tkazadi. Undan keyin, ilojsiz odamdek turaveradi. Agarda, mashg‘ulotni o‘zi o‘rgansa, bu uning hayot tarziga aylanadi.

– Bereani talabalar shaharchasi, deb ham atarkanlar. Buni ahamiyatli tomonlari juda ham ko‘p. Shulardan biri, turli dunyoqarash va turli tabiatli, turfa qiziqishlarga ega yoshlarning bir maydonda jam bo‘lishi – yangi ixtirolar uchun yaxshigina imkoniyat yaratadi. Do‘stlaringiz, ular bilan bo‘ladigan suhbatlaringiz haqida gapirib bering.

– Berea kollejining tashkil topishi uzoq tarixga borib taqaladi. Tarixga nazar tashlasak, Amerikada qulchilik davrida qora tanli odamlar qul sifatida ishlatilgan, savdo qilingan. Shu paytda fuqarolar urushi avj olgan. O‘sha paytda Civil War (fuqarolar urushi) degan tushuncha bo‘lganki, uning asosiy missiyasi – qulchilikni bekor qilishga qaratilgan. Ma’lumki, bu vaqtda Amerika ikkiga – Shimol va Janubiy qismga bo‘lingan. Ayni shu tarixiy voqelik jarayonida, 1855 yil Amerika Qo‘shma Shtatlarining janubiy qismi, Berea shaharchasida ilk universitet – Berea kollejiga asos solingan. Bu kollej AQSh janubidagi birinchi irqlararo (turli xil irqga mansub kishilarni o‘qituvchi, qora, oq tanli va hokazo irqlararo) universitet hisoblanadi. Uning asosichisi – John G. Fee quldorlikni bekor qilish harakati yetakchilaridan edi. Shu sababli, Berea kolleji maqsadi – o‘z oldiga erkak va ayollar uchun birdek va irqiy tenglik huquqiga asoslangan ta’limni joriy etishdan iborat edi. Jon Fining missiyasi shu kungacha yashab kelmoqda va bugungi kunda kollejga Amerikaning deyarli ellikta shtatidan, shuningdek, dunyo miqyosida yuzga yaqin davlatlardan talabalar o‘qishga kelishadi. Umumiy hisobda kollejda 1600 nafar talaba tahsil olayotgan ekan, muhit rang-barangligi ham shunga ko‘ra tus oladi. Bu esa dunyo yoshlari bilan bir maydonda kengroq mushohada uchun yaxshi imkon.

Do‘stlarimni bari xushchaqchaq, samimiy. Suhbatlar ham do‘stona. Bizni suhbatlarimiz ko‘pincha, qahvaxona yoki kutubxona, sport zallarida bo‘lib o‘tadi. Do‘stlarim bilan ilk suhbatimiz mavzusi – o‘z davlatimiz haqida bo‘lgan.

– Qo‘shma Shtatlardagi mashhur «Morgan Stanley» shirkatida dasturchi sifatida faoliyatingiz tarixi haqida bizga ma’lum. Buning eng qiziq nuqtasi – shirkat mutasaddilari bilan bo‘lib o‘tgan suhbat bo‘lsa kerak, nazarimda. O‘sha kun hayajonlarini eslaylik...

– «Morgan Stanley»ga 3-bosqichni tamomlagach, amaliyot o‘tashga borganman. Lekin bunga qadar shirkatga hujjat topshirish va tayyorlanish bir yil avval boshlangan. Xalqaro toifadagi talabalar o‘qish jarayonidayoq kelgusi uch-to‘rt yillik hayotlari rejasini oldindan o‘ylashni boshlaydilar. O‘qishni bitirgach, qayerda faoliyat olib borishlari haqidagi tanlov bosh masalaga aylanadi. Men ham shu bosqichdan o‘tganman. «Morgan Stanley» haqida ilk bor yuqori kursdagi talabalardan eshitganman. Dongdor kompaniyalarda amaliyot o‘tagan yuqori kursdagi talabalar o‘z amaliyot davrlari haqida kichik kursdagi talabalar bilan bo‘lishishardi.

Talabalar amaliyot paytida kompaniyaning bir qismi hisoblanishadi. Ya’ni, bir ishchi maqomida. «Morgan Stanley» mutasaddilari tavsifnomamni o‘rganib chiqib, Nyu–Yorkka suhbatga chaqirishgan. Suhbatni kompaniyaning ikki muhandisi olib borgan. Suhbat turli xil mavzu atrofida 1 soat davom etgan. Birinchi o‘rinda, tavsifnomam haqida gap borgan. Rezyumeda yozgan ma’lumotlarim, shu paytgacha nimalar o‘rganganim, nimalar bilishim haqida gapirib berishimni so‘raganlar. So‘ng, texnologiyaga oid savollar bilan yuzlanishgan. Ya’ni, algoritm, ma’lumot turlari haqidagi bilimim qiziqishgan. Bir masala berishadi-da, shu masalani yechish uchun mantiqiy kod yozishingiz kerak. Ikkinchi bosqich sinovi hulq-atvorga tegishli savollardan iborat bo‘ladi. Masalan, «Biror bir qiyin vaziyatga tushib qolding, shunda qanday yo‘l tutasan, muammoga qanday yechim topasan?» mazmunidagi sinovchan savollar bilan sizni fe’l-atvoringizni o‘rganishadi. Ya’ni, bu bilan shuni hisobga olishadiki, sizda yetarli bilimingiz bo‘lishi, ishda yaxshi natija ko‘rsatishingiz mumkindir, lekin odamlar bilan chiqishib ishlash ko‘nikmangiz bo‘lmasa, bekor. Ish etiketi birlamchi sanaladi va yana professionallik, hamkasblar bilan o‘zaro hurmatda bo‘lish, bu tashkilotning qadriyatlaridir.

– Lekin bugungi kunda «Morgan Stanley» da ishlamayapsiz. Bu ham qaror! Nima uchun u yerdan ketdingiz? Qaroringizni qanday izohlaysiz?

– Ketish qarorini ongli ravishda qabul qilganman. «Morgan Stanley» ning rasmiy xodimi bo‘lgach, u yerda 1 yilga yaqin ishladim. Masofadan turib, uyda online tarzda ishlaganman. Ofisga deyarli umuman bormaganman va ish muhitini ham to‘liq his qilmaganman. Ishlagan saringiz, har xil vaziyatga duch kelasiz. Shunda birinchi e’tibor qilgan narsam, bu tashkilotda rasmiylik birlamchi va kuchli ekanligini ko‘rganman. Chunki, «Morgan Stanley» investitsiya banki hisoblanadi. Butunlay, yuz foiz texnologiya kompaniyasi emas. Biz investitsiya bankni texnologik tarafdan support – ing.(qo‘llab-quvvatlash) qilib turganmiz. Shu sababli, ish muhiti rasmiy tarzda tashkillashtirilgandi. Misol uchun, 8:00da ish boshlansa, 8:00da ishda bo‘lishingiz shart! Kiyinish uslubi ham barcha uchun rasmiy libos ko‘rinishida joriy etilgandi. Bu meni erkinligimni cheklagan birinchi sabab edi. Ketishimga ikkinchi sabab, o‘zim qiziqqan texnologiyalar bilan shug‘ullanmaganman. Ishga kelganimdan boshlab, bir jamoaga biriktirilganman va shu bilan cheklanganman. Qiziqqan narsalarimni topolmaganman. Ketish qarori xayoli bilan yurganimda, hozir ishlayotgan kopmaniyam – «Red Hat» menejeri ishga taklif bilan aloqaga chiqqan.

– Ketish qaroringizni «Morgan Stanley» rahbariyati qanday qabul qildi?

– Amerika ish tizimida xodimning ishdan ketish qadriyatlari mavjud. Bunda, xodim ishdan ketish qarori haqida ikki hafta oldin kompaniyaga ma’lum qilib, ogohlantirishi kerak. Menejer qarorimni eshitgach, «Nimaga, birdaniga ketaman!» deb qoldiykin, deya avvaliga, ozgina hayron bo‘ldi. Undan keyin, bu xususida HR (Human Resources) bilan gaplashdik. Eychar mendan ketishimga qanday feedback bera olishim haqida so‘radi. Ya’ni, ular quyidagicha mulohazadagi so‘rovlar edi: «Kelgusida kompaniyada nimalarni o‘zgartirishimiz mumkin va bu borada takliflaring? Jamoada senga nimalar yoqmadi? Xohlasang, oylik maoshingni oshirib beramiz, balki, qolarsan!..» Men esa javoban qaror qabul qilib bo‘lganimni aytdim-u, «Red Hat»da yangi ish faoliyatimni boshlashga yo‘l oldim.

– «Red Hat» kompaniyasi nomi ingliz tilidan tarjima qilinganda, «Qizil qalpoqcha» degani. Qiziq, bu kompaniya nomi tarixiga to‘xtalsangiz, nima uchun aynan, «Qizil qalpoqcha»?

– Bu kompaniya open source (ochiq manba) texnologiyalar bilan ishlaydi. Ya’ni, uning o‘ziga xosligi va qadriyati – barcha foydalanuvchilar uchun birdek ochiq manba ekanligida. Kompaniyaga tegishli texnologiya va dasturlar kodi ommaga ochiq. Misol uchun, ba’zi dongdor kompaniyalar o‘z mahsulotini ommaga chiqarmaydi, bu, ichki sir sanaladi.

Kompaniyani bu nom bilan atalishining uzoq tarixi bor. 90-yillarda «Red Hat» kompaniyasi asoschilaridan biri – Marc Ewing universtitetda o‘qib yurgan paytlarida «Somputer lab»da bobosidan qolgan qizil qalpoqni kiyib ishlab yurgan va talabalar orasida shunday gap tarqalgan: «Agar yordam kerak bo‘lsa, «qizil qalpoq»dagi odamga bor!». Keyinchalik, Marc Ewing o‘z kompaniyasiga asos solar ekan, unga – «Red Hat» nomini beradi. Ya’ni, texnologiya borasida odamlarni muammosi bo‘lsa, yordam qo‘lini cho‘zuvchi hojatbaror kompaniya mazmunida.

Bu yerdan o‘zim istagan erkinlikni topa oldim. Jamoadagi odamlar, ishlashga yaratib berilgan muhit juda ham erkin. Kompaniya madaniyati ham rasmiylikdan holi. O‘zaro munosabatlar ham do‘stona. Menejerim bilan juda inoqmiz. Hattoki, ko‘chaga ertalabdan birga dron uchirgani chiqardik. U yerda men menejer, sen ishchi, degan toifalash, ajratish yo‘q! Ish soatlari ham erkin. Xodimdan asosiy talab qilinadigani, yuklatilgan vazifani bajarish! Aslida, xodimning o‘z vazifasiga munosabatini uning vijdoniga havola qiladilar.

«Red Hat»ga ishga kelgan yangi xodimga o‘zini kompaniyaning bir qismi sifatida his qilib turishi uchun birinchi kundanoq qizil qalpoqcha (Fedora) beriladi.

«Red Hat»ning maqsadi – «qizil qalpoq»li hojatbarorlar orqali odamlarni muammolarini yechishga ko‘maklashish va ularni hayotini yaxshilaydigan, osonlashtiradigan texnologiyalarni ishlab chiqarish iborat. Eng muhimi, bu ko‘mak barcha odamlar uchun qulay va bepul bo‘lishi hisobga olingan.

– Kelgusidagi rejalar haqida...

– Rejalar ko‘p. O‘qishni tamomlab, sohada ish boshlaganimga bir yildan oshdi. Biror bir loyihani taqdim qilish darajasida hali tajriba va bilimga ega emasman. Shu sohada yanada kengroq bilim orttirib, professional darajaga yetgach, so‘ng o‘zimni loyihalarimni amalga oshirmoqchiman. Maqsadim – AQShdagi texnologiya yutuqlarini O‘zbekistonga tatbiq etish!

O‘zbekistonda bugungi kunda rivojlanayotgan ildam yo‘nalishlardan biri bu – ta’lim sohasi. O‘z o‘rnida, ta’lim rivoji ham IT orqali o‘z yechimini topmoqda. Kelajak loyihalarim ta’lim sohasi bilan bog‘liq. Shuningdek, iqtisod sohasida ham IT imkonyatlarini qo‘llashni reja qilganman.

Bugungi texnologiya rivojlangan asrda O‘zbekistonda jismonan faoliyatda bo‘lishingiz shart emas. Amerikadan turgan holda ham, O‘zbekistonga foydam kattaroq tegishi mumkin. Men AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida ko‘prik bo‘lishni istayman!

Lobar suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring