Aloqa muzeyida yangi ekspozitsiya (video, foto)
Bugun, 10-mart kuni aloqa va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining rivojlanish bosqichlarini hamda yutuqlarini o‘zida mujassam etgan Aloqa tarixi muzeyida «O‘zbekiston Respublikasi pochta markalari Davlat kolleksiyasi» tashkil etildi.

Tadbirning ochilish marosimida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov hamda «O‘zbekiston pochtasi» AJ bosh direktori Alisher Fayzullayev qatnashdi.

Pochta markalari Davlat kolleksiyasida 1500 dan ortiq markalar mavjud. «Yangi O‘zbekiston», O‘zbekiston amaliy san’ati, tarixiy shaxslar, flora, fauna, kabi bir nechta yo‘nalishlarga bag‘ishlangan markalar turkumi kolleksiyadan o‘rin egallagan va ulardan eng qadimiysi «Nodira» pochta markasidir. Ushbu marka XX asrning taniqli ijodkori Mohlaroyim Nodiraning 200 yillik tavalludiga bag‘ishlanadi.

Eslatib o‘tamiz, sohaning rivojlanish bosqichlari va yutuqlarini o‘zida aks ettiruvchi Aloqa tarixi muzeyi tizimdagi korxona va tashkilotlar tashabbusi bilan 2008 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2009 yil 24 oktyabrda rasman ochilgan va o‘z faoliyatini boshlagan.
Hozirgi kunda Aloqa tarixi muzeyi respublikaning eng nufuzli muzeylari qatoridan joy olgan. Uning ekspozitsiya zali 5 ta bo‘limdan iborat bo‘lib, pochta aloqasi, telegraf-telefon aloqasi, radio-televideniye, mobil aloqasi va sohaning mustaqillik yillaridagi rivojlanish tarixini o‘z ichiga olgan.

Bo‘limlardagi ekspozitsiyalar joylashuv uyg‘unligi sohaning bosqichma-bosqich rivojlanishini aks ettiradi. Har bir bo‘lim o‘z eksponatlarining ilk, rivojlanish hamda hozirgi kundagi holatini davr ruhida namoyon etadi.
Ma’lumot uchun:
O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyi dushanbadan shanbagacha soat 9:00 dan 18:00 gacha ishlaydi. Tanaffus 13:00 dan 14:00 gacha. Yakshanba dam olish kuni. Kirish – bepul.
O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyi Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Alisher Navoiy ko‘chasi, 28A uyda joylashgan. Eng yaqin bekatlar: «14-sonli poliklinika», «Alisher Navoiy muzeyi» va «Alisher Navoiy metrosi».


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter