Google’dagi xatoliklarga yechim izlayotgan o‘zbek qizi (VIDEO)
Nega aynan Google kompaniyasini tanladingiz?
Buni oltinchi hissiyot desa ham bo‘ladi, men ushbu kompaniyaga erkinlik izlab borganman. Bu men uchun juda muhim. Shuningdek, aynan ushbu kompaniyadagi “muammoga bo‘lgan ochlik” o‘ziga jalb qiladi. Barchaga ma’lumki, Google kompaniyasi o‘zining “work life balance”i bilan mashhur. Buni ular qanday uddalashadi bilmayman, ammo ishchilar ilhomlanib ishlashadi va samaradorlik 20 barobarga oshadi. Bu oddiy ijtimoiy tarmoq yoki sotsial loyiha emas, buning asosida katta fan yotadi, bu ham albatta juda qiziq. Xullas reallik, kutganlarimdan anchayin ustun bo‘lib chiqqan.
Hozirgi kunda Google qidiruv tizimiga alternativ variantlar birin-ketin paydo bo‘lmoqda. Nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekiston segmentida ham bunday loyihalarni amalga oshirish kerakmi?
O‘zbekiston bozorida mavjud tizimlarni qayta ishlab, milliy bozorga moslashtirish juda muhim deb hisoblayman. Bu bilan juda ko‘p narsani o‘rganish mumkin. Yangi g‘oya va imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Nafaqat qidiruv tizimlari, balki operatsion tizim, xaritalar borasida ham o‘zimiznikini yaratishimiz kerak. Hech kim kafolat bermaydi, balki u vaqt o‘tib Google’dan ham mashhurroq bo‘lar. Windows paydo bo‘lgan yillarni eslaylik, u ham boshida juda katta monopoliya edi. Ammo hozirda ko‘pchilik Linux operatsion tizimini afzal ko‘ryapti.
Qaysi dasturlash tilidan foydalanasiz?
Computer scientist sifatida ilk bor S++ dasturlash tilidan foydalanganman, keyinchalik Javascript, sun’iy intellekt uchun esa Python’ni tanladim. Hozir esa mavjud muammodan kelib chiqib, dasturlash tillaridan foydalanaman.
Loyihalaringiz haqida gaplashsak...
Hozirda alternativ qidiruv tizimi ustida ishlayapman. Bu universitet miqyosidagi oddiy loyiha. Bunda Google tizimini yaxshilab o‘rganib, rasmli, ovozli va shunga o‘xshash qulayliklarga ega bo‘lgan qidiruv tizimini 4 oy ichida yaratish kerak.
Aynan ushbu loyihalaringizda matematikaning o‘rni...
Google’da ilk bor ish boshlagan vaqtimda, bir dona ham kod yozmaganman. Matematik yechimlar orqali mavjud muammolarga yechim izlaganman. Loyiha haqida biroz gapiradigan bo‘lsam, murakkab tizimli loyihalarda xatoliklarni topish juda qiyin va u biroz chalkash jarayon. Tizimni yaxshiroq tushunish uchun esa astraksiyani ko‘targan holda, uning algoritmlarini qisqartirib, kichikroq qilib tasvirlashingiz kerak. Biz tasavvur qilishga qiynalgan loyihalarni shundagina tushunish oson bo‘ladi. Bunda esa matematika yordam beradi. Google’da amalga oshirgan ishim ham xuddi shu edi. Kompaniyaning reklama tizimi bilan bog‘liq katta abstraksiyalarni matematik mantiq yordamida kichiklashtirish yo‘llarini taqdim etdim.
Ikki xil ta’lim tizimini ko‘rgan inson sifatida biz nimalarga e’tibor berishimiz kerak deb o‘ylaysiz?
Amaliyot ko‘proq bo‘lishi kerak. Faqat ijtimoiy loyihalar emas, dasturchi instrumentlari ustida ham ishlash lozim deb o‘ylayman. Shuningdek, amaliyot bu – har olti oyda bir qilinadigan ish emas, muntazam shug‘ullanish kerak. Masalan, bir kursda o‘qiydigan talabalar guruh-guruh bo‘lib, mentor bilan muntazam turli loyihalar ustida ishlashsa, bunda nafaqat tajriba ortadi, balki jamoaviy ishlash ko‘nikmalari shakllanadi, kimdir o‘zida liderlik qobiliyatlarini shakllantiradi. Bunda sekin-asta egoizm yo‘qolishini ko‘rsa bo‘ladi. Fakt shuki, darsliklardan ko‘ra, talaba o‘zaro bir-biriga ko‘proq narsa o‘rgata oladi.
Agar IT sohasiga talab ko‘p bo‘lsa, infratuzilma rivojlanishini istasak, yana bir narsaga katta e’tibor qaratishimiz lozim. Bu sohada necha foiz odam o‘qiyapti-yu, undan necha foizi real vaqtda IT sohasida faoliyat yurityapti. Kamida 50 foiz inson o‘zi o‘qigan sohasida ishlashi kerak deb o‘ylayman. O‘zim o‘qigan davrni solishtirsam, bizda 10 foizi o‘z sohasida faoliyatini davom ettirgan xolos.
Yana bir masala, o‘quv darsliklarini, ayniqsa, o‘zbek tilidagi darsliklarni ko‘paytirish. Germaniyaga borganda dastlab eng qiynalgan narsam, aynan nemis tilidagi darsliklar bo‘lgan. Hayron qolardim, “qanday qilib IT’ni nemis tilida o‘rganish mumkin deb”. Lekin bu eng to‘g‘ri yechim. Dasturchilar eng kamida soha doirasidagi atamalarini o‘zbekcha izohini bilishlari kerak.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda yirik IT Hub’ga aylanishi uchun nimalarga e’tibor qaratilishi kerak deb hisoblaysiz?
Buni hech qanday qiyinchiliklarsiz ko‘ra olaman, negaki, buning uchun barcha sharoit va imkoniyatlar bor deb hisoblayman. Ammo ayrim jihatlarga e’tibor berish ham muhim. Masalan, intellektual mulk himoyasiga. Bu chet ellik kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilishda eng asosiy omildir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter