Bizdan olamshumul kashfiyotchilar chiqmasligining sababi bor
Olamshumul ixtirolar muallifi sifatida xorijliklarni ko‘raverishga o‘rganib qoldik. Holat shu darajaga yetdiki, milliy brendlar nimadir yaratsa, uning sifatiga shubha bilan qarashga o‘tildi. "O‘zimizda chiqqanmi, demak yaxshi emas". Xo‘rozqand chet elniki bo‘lsa, yotvolib yalashga loyiq ko‘ramiz.
Shak yo‘qki, o‘zbeklardan azaldan olimu fuzalolar, xalqning og‘irini yengil qiluvchi zalvorli tashabbus egalari yetishib chiqqan, zamonamiz qahramonlari orasida ham ular talaygina. Ammo innovatsion zavod va robot xodimlar, havodan quvvat oluvchi telefon, elektrda yuradigan mashina, virtual reallik vositalari, ilk bor kashf etilgan aqlli mahsulotlar, muqobil texnikalar haqida hadeb xorijdan xabar eshitaverib charchadik-da.
Nou-xau, robototexnika, innovatsion ishlanmalarning yuqori darajasiga mualliflik qilolmasligimizning sababi ham shundadir, balki. Ya’ni, buyuk ixtirochi sifatida faqat yaponlarni ko‘ramiz, ongimizga shunday stereotip o‘rnashib olgan. Xorij bilan yurtimizni solishtirishni mubolag‘aga yo‘yamiz. Aslida xo‘roz hamma joyda bir xil qichqirganidek, mashhur ixtirochilar ham sizu bizga o‘xshagan oddiy odam, ikkita miya, to‘rtta qo‘l yoki bir kunda 24 soatdan ko‘proq vaqtga ega emas.
Xalqimiz innovatsion fikrlaydigan olimlarga muhtoj, chunki xorijda yaratilayotgan kashfiyotlarga bizning xalqimizda ham ehtiyoj mavjud. Bu soha rivojiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni uzoq tahlil qilish mumkin. Psixologik omilning o‘zini oladigan bo‘lsak, motivatsion harakatlarning kamligi kelib chiqadi va buning ildizi bolalikka borib taqaladi.
Har bir go‘dak individual. O‘rtacha hisobda olsak, 6 oylikdan kichkintoylarda dunyoni bilishga qiziqish kurtak yozadi. Bu dumalash, emaklashga harakat qilish, predmetlarni ushlab ko‘rishda namoyon bo‘ladi. 3 yoshgacha olamni kashf etish jarayoni juda faol davom etadi. So‘zlarga ahamiyat bering: olamni kashf etish!
Bu payt bolaning fikr-u zikri tashqi dunyoni o‘zlashtirish bilan band bo‘ladi. Har qanday yoshdagi tolibi ilm o‘rganish maqsadida qo‘liga kitob, daftar, qalam olganidek bola ham bilim vositasini qidiradi. Bu - ko‘z o‘ngidagi hamma narsa. Ha, hamma-hammasi, issiq choynak, baland zina, o‘tkir pichoq ham! Bolada bilimga ehtiyoj shiddat ila davom etayotgani bois ularga talpinadi. Kattalar tomonidan esa taqiqqa ro‘baro‘ keladi. Ota-ona "Yo‘q", "Qo‘y", "Tegma", "Mumkin emas" kabi buyruqlari bilan talabaning o‘quv qurollarini tortib olgan odamning ishini qilgandek bo‘ladi. Ularsiz bilim olish mushkulligini esa izohlash shart emasdir.
Shu tariqa bola ong ostida bilimga, kashfiyotlarga nisbatan blok - to‘siq o‘rnatiladi. Inson umri davomida oladigan ma’lumotlarining 85 foizini 5 yoshgacha qabul qilishini hisobga olganda "Bu menga begona" deya quyilgan fikr u katta bo‘lganida ham "Ixtirolar - sening ishing emas" tarzida signal jo‘natishda davom etaveradi.
Albatta, bolaning qaynab turgan qozon tepasiga borishiga, boshidan muzdek suv quyishiga qo‘l qovushtirib o‘tirmaysiz, lekin ehtiyot choralar ancha avval, bola nazari tushib talpinguniga qadar ko‘rilishi afzalroqdir. Ko‘plab xonadonlarda faqatgina bolaning xavfsizligini ko‘zlab emas, onaga ortiqcha ish tug‘dirmaslik maqsadida taqiqlar o‘rnatiladi. "O‘yinchoqlaringni tuproqqa qorma", "Kiyimlaringni yoyma", "Ovqatingni to‘kma" kabi buyruqlarga itoat etilmasa, bola emas, ona zarar ko‘radi. Bolada esa tajribalarga talab yuqori, u dunyoning salbiy va xavfli qirralarini ko‘rmaydi, u uchun faqat bir sifat - qiziqarli degan sifat bor, xolos. Bugun kosasidagi oshiga loy qo‘shmagan, to‘g‘rirog‘i bunday qilishiga yo‘l qo‘yilmagan bola ertaga laboratoriyaga yaqinlasholmaydi, muhim eksperimentlarga qo‘l urolmaydi.
Bir marta kosadan piyola "yasagani" uchun boplab ta’zirini berishgan bo‘lsa, ertaga biror aqlli kashfiyot arafasida ong osti unga xabar jo‘natadi: "Mumkin emas! Jazolanasan!".
Ehtimol, mamlakatlar va xalqlarni solishtirganda ijtimoiy muhitni hisobga olish adolatdan bo‘lar. Bizning jamiyatda xorijdagidek uy oshpazlari, xizmatkorlari, enagalari ommalashmagan. Bularning barchasi va unga qo‘shimcha yana o‘nlab lavozimlar onaning zimmasiga yuklatilgan. Xonadonlarimizda to‘palonchilar tomonidan pol lattani sho‘rvaga botirish, mosh bilan guruchni aralashtirish, telefonni cho‘miltirish, pardani qaychilash kabilar katta yo‘qotish sifatida qabul qilinadi. Ortiqcha xarajatga hech kimning xushi yo‘q, bolaning qilmishini tahrirlab chiqishga vaqt ham tanqis. Mol-xol, ekin-tikin, kir-chir, qaynona-qaynota xizmati kutib turmaydi. Shu sabab ona "ixtirochi" bolasini qayta bunday qilmaydigan darajada jazolashga majbur. Taqiqda o‘sgan boladan esa olim chiqmaydi. Chiqolmaydi.
Albatta, xalqning ongi asta-sekin o‘tkirlashyapti, ayollarda psixologik bilimlarga qiziqish ortyapti. Bu jihatlardan xabardor bo‘lgan ota-onalar farzandlariga boshqacha munosabat bildirishni boshlasalar, donolikni ishga solib, ehtiyot choralarini ko‘rgan holda bolajonlarga erkin sharoit yaratib bersalar, kelajakda bizlardan ham yaponlardan-da o‘tadigan olimlar, dunyoni lol qoldiradigan kashfiyotlar egalari yetishib chiqishiga umid bor.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter