Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Saylov jarayonlariga raqamli texnologiyalarning joriy etilishi qanday qulayliklar yaratadi?

Saylov jarayonlariga raqamli texnologiyalarning joriy etilishi qanday qulayliklar yaratadi?

2024-yil 27-oktyabr kuni yurtimizda muhim siyosiy jarayon, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga navbatdagi saylovlar bo‘lib o‘tadi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy yil 26-iyul kuni saylov kompaniyasiga start berildi.

Jamiyatimizning turli sohalarida ulkan yutuqlarni ko‘zlab ildam odimlayotgan Yangi O‘zbekistonda bu yilgi saylovlar ilk marotaba aralash saylov tizimi asosida “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida tashkil etilmoqda.

Bo‘lajak saylovlar vakillik organlari deputatligiga munosib nomzodlarni taqdim etishda siyosiy partiyalar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, konstitutsiyaviy islohotlar natijasida parlament va mahalliy Kengashlarning davlat hokimiyati tizimidagi o‘rni va vakolatlari sezilarli darajada oshganligini ta’kidlab o‘tish lozim. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada uzoq muddatdan buyon keng jamoatchilik tomonidan muhokamaga sabab bo‘lib kelgan mahalliy hokimlarning bir vaqtning o‘zida ham ijro, ham vakillik organiga rahbarlik qilishi haqidagi norma o‘zgartirilgan. Xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi, shuningdek, ijro hokimiyati ustidan ta’sirchan parlament nazorati bilan bog‘liq normalar kiritilgan. Bu albatta bo‘lajak deputatdan chuqur bilim, katta tajriba va qat’iyatni talab qiladi.

Bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan texnologiyalar asrida jamiyatning barcha sohalariga axborot texnologiyalari jadal kirib borayotganligini ko‘rishimiz mumkin. Bu yilgi saylov jarayonlariga raqamli texnologiyalarning keng joriy etilishi va E-saylov” axborot tizimini qo‘llash nazarda tutilgan.
“E-saylov”
axborot tizimi bilan saylov jarayoni ishtirokchilariga qanday qulayliklar yaratilmoqda:

– “E-Saylov” axborot tizimi orqali saylov komissiyalarining siyosiy partiyalar, nomzodlar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari bilan deyarli 60 turdagi munosabatlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazilmoqda. Buning natijasida saylov jarayonidagi byurokratik to‘siqlar yo‘qoladi, ortiqcha qog‘ozbozlik kamayadi, nomzodlarning vaqti tejalib, asosiy e’tiborni saylov kompaniyasiga qaratish imkoniyati tug‘iladi;

– boshqa elektron platformalar bilan integratsiya qilingan
“E-Saylov” axborot tizimi saylovdagi ko‘pgina tartib-taomillarni inson omilisiz to‘liq avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshirish imkonini beradi. Bu esa saylov jarayonining shaffof, ochiq-oshkora tarzda o‘tishiga zamin yaratadi;

– axborot tizimi saylovchilar va saylov uchastkalariga oid statistik ma’lumotlarni olish, barcha turdagi saylovlar bo‘yicha deputatlikka nomzodlar haqida axborotga ega bo‘lish, interaktiv xaritalarda deputatlikka nomzodlar va ularning tarjimai holi bilan tanishish imkonini beradi. Bu nomzodlar, kuzatuvchilar va saylovchilarga ortiqcha ovoragarchiliklarsiz saylov jarayoni bilan bog‘liq zarur ma’lumotlarni tezkor olish va tanishish imkoniyatini taqdim etadi;

– mazkur tizimda 400 mingga yaqin saylov jarayoni ishtirokchilari, jumladan, saylov komissiyalari a’zolari, deputatlikka nomzodlar, kuzatuvchilarga oid katta ma’lumotlar bazasi shakllanadi. Axborot tizimidan 32 ming nafar saylov jarayoni ishtirokchilari professional tarzda foydalanishi uchun imkoniyat yaratilmoqda.

Foydalanuvchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalashning yagona axborot tizimi (OneID) orqali “Ye-saylov” axborot tizimiga kirish imkoniyati joriy qilinmoqda.

Muxtasar qilib aytganda, saylov jarayoniga raqamli texnologiyalarning joriy etilishi bo‘lajak saylovlarning ochiq-oshkora, inson omili aralashuvini kamaytirgan holda byurokratik to‘siqlarsiz va ortiqcha xarajatlarsiz o‘tishini ta’minlashga xizmat qiladi.

                                                                     Akmal Turayev, mustaqil ekspert

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring