Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Raqamli texnologiyalar vazirligi 2022-yilda qilingan ishlar hisobotini berdi

Bugun, 28-mart kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan 2022-yilda amalga oshrilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi. Anjumanda mutasaddilar tomonidan axborot-kommunikatsiya xizmatlari, yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, raqamli ta’lim, sun’iy intellekt kabi yo‘nalishlar bo‘yicha qilingan ishlar va kelgusidagi vazifalar bo‘yicha ma’lum qilingan fakt va raqamlar e’tiborni o‘ziga tortadi. Keling, yaxshisi ular haqida batafsil ma’lumotlarni keltirsak.

Dastlab, axborot-kommunikatsiya xizmatlari (aloqa va axborotlashtirish hamda kompyuter xizmatlari)ga to‘xtalsak.  2022-yilda ushbu xizmatlar hajmi  keskin oshib, 22,9 trln so‘mni tashkil etdi. Qiyoslash uchun: bu miqdor 2021-yilda 17,8 trln so‘m edi. Raqamli iqtisodiyot sohasining YaIMdagi ulushi 2019-yilda 1,80 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilda 2,77 foizga yetdi.

O‘tgan yilda 170 000 km optik tolali aloqa liniyalari tortilib, aholi maskanlarining 80 foizi qamrab olindi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 2022-yilda 370 ta davlat xizmati ko‘rsatilgan bo‘lsa, joriy yilda ularning sonini 200 taga oshirib, 570 taga (265 tasi mobil ilovalar orqali) yetkazish rejalashtirilgan.

Elektron xizmatlar ulushi 2022-yilda 66 foizni (12 mln) tashkil etdi. Bu yil ushbu ko‘rsatkichni 70 foizga (21 mln) yetkazish mo‘ljallangan.

Yagona portaldan foydalanuvchilar soni 2019-yilda 77 ming nafar bo‘lgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2020-yilda 372 mingni, 2021-yilda 1 000 mingni, 2022-yilda 4 000 mingni tashkil qilgan.

O‘zbekistonda raqamli ta’lim ekotizimini yo‘lga qo‘yish, aholi va yoshlarni ushbu sohaga jalb qilish hamda ularning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2022-yilda raqamli ta’limni rivojlantirish borasida AKT sohasida oliy ma’lumotli kadrlarni to‘liq masofaviy tarzda xalqaro standartlar asosida tayyorlaydigan “EPAM Systems” xalqaro IT-kompaniya bilan hamkorlikda “IT-Park University” raqamli universiteti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

IT sohasida xususiy sektor vakillariga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar natijasida IT Park rezidenti bo‘lgan xususiy ta’lim markazlari soni 2022-yilda 191 taga yetdi  (2021 yilga nisbatan 67 taga, 2020-yilga nisbatan 180 taga ko‘paygan).

O‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘tgan yilda jami 800 nafardan ziyod yoshlar xalqaro IT-sertifikatni olish uchun arizalar topshirgan bo‘lsa, hisobot davrida 500 nafar yoshlarning mazkur sertifikatlar bo‘yicha 50 foizgacha bo‘lgan xarajatlari qoplab berildi.

2019-2022 yillarda “Bir million o‘zbek dasturchi” loyihasi doirasida ta’lim olganlar soni 2,5 mln nafardan oshgan. Shu jumladan, 1,7 mln nafardan ortig‘i loyiha doirasida raqamlashtirish bo‘yicha boshlang‘ich bilimga ega bo‘lib, sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.

IT sohadagi o‘quv kurslarda tahsil olayotgan yoki ushbu o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan 15 ming nafardan ortiq yoshlarga kompyuter xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda iste’mol kreditlari ajratildi.

Anjuman so‘ngida mutasaddilar yig‘ilganlar savoliga javob berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring