"O‘zbekiston – AQSh IT forumi" bo‘lib o‘tdi
Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi AQShning Yuta shtatida tashkil etilgan “Silicon Slopes-2025” xalqaro sammitida ishtirok etdi.
Yuta shtatida bo‘lib o‘tgan “Silicon Slopes” sammiti IT va innovatsiyalar sohasidagi eng yirik global tadbirlardan biri hisoblanib, unda IT sohasidagi so‘nggi tendensiyalar namoyish etildi.
Sammit doirasida AQSh IT kompaniyalari, ta’lim tashkilotlari, venchur fond va mahalliy idora vakillari ishtirokida "O‘zbekiston – AQSh IT forumi» tashkil etildi.
Forumda Yuta shtatining 30 ga yaqin IT kompaniyalari, venchur jamg‘armalari va konsalting idoralari vakillari ishtirok etdi.
Forumda "Raqamli O‘zbekiston-2030" strategiyasi va undagi asosiy maqsadlari, IT xizmatlar eksporti hajmini oshirish, 300 ming nafar malakali IT mutaxassisni ish bilan ta’minlash, sohaga chet el sarmoyalarini jalb qilish, sun’iy intellekt texnologiyalarini iqtisodiyot tarmoqlariga joriy etish muhimligi hamda bu borada O‘zbekistonda xorijiy kompaniyalarga qulay sharoitlar yaratilganligi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonni mintaqaviy IT-HUB sifatida targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekistonning IT sohasidagi yutuqlari, imkoniyatlari, IT Park rezidentlarining imtiyozlari va mamlakatimizga investitsiyalar kiritish istiqbollari haqida taqdimot o‘tkazildi.
Tadbir yakunida Raqamli texnologiyalar vazirligi va Yuta shtatining Jahon Savdo Markazi o‘rtasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter