Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

So‘rovnomada Uztelecom va Mobiuz xizmatlaridan ko‘proq odamlarimiz rozi, aksincha, xususiy operatorlardan norozi ekanligi aniqlandi. Buning sabablari nimada?

So‘rovnomada Uztelecom va Mobiuz xizmatlaridan ko‘proq odamlarimiz rozi, aksincha, xususiy operatorlardan norozi ekanligi aniqlandi. Buning sabablari nimada?

Foto: Potrebitel.Uz

Bugungi kunda O‘zbekistonda GSM standartida mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatayotgan kompaniyalardan to‘rttasi xususiy, ikkitasi esa davlat tasarrufida.

Potrebitel.Uz nashri foydalanuvchilarning mobil operatorlar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatidan norozilik darajasini o‘rganish bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazdi. So‘rovnomada jami 13 074 kishi qatnashib, 5 ta GSM operatori faoliyatiga baho berildi.

So‘rovnoma foydalanuvchilarning norozilik darajasini quyidagicha ko‘rsatdi:

  • Humans — 58 foiz;
  • Beeline — 55 foiz;
  • Ucell — 40 foiz;
  • Mobiuz — 29 foiz;
  • Uztelecom— 17 foiz.

Ko‘rinib turibdiki, xususiy operatorlardan norozilik darajasi ancha yuqori. Shuningdek, so‘rovnoma natijalaridan kelib chiqib, xulosa qilish mumkinki, aynan davlat kompaniyalari hisoblangan Uztelecom va Mobiuz tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati abonentlarga ko‘proq manzur kelmoqda.

Ma’lumki, bundan bir necha yillar oldin ko‘pchilik ongida “faqat xususiy kompaniyalarda xizmatlar sifati yaxshi” degan fikr shakllangan edi. Ushbu natija esa xususiy sektorga nisbatan yuqori ishonch stereotipiga to‘g‘ri kelmaydi.

Bu holatni quyidagicha izohlash mumkin.

Davlat operatori ham xususiylar bilan bir xil sharoitda, davlatdan subsidiya olmasdan ishlaydi, barcha soliqlarni vaqtida to‘liq to‘laydi, ijtimoiy masalalarda homiylik ham ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, hech kimga sir emaski, har qanday xususiy kompaniya faoliyatining asosiy maqsadi daromad olish hisoblanadi. Ular ushbu maqsadga erishish uchun xarajatlarni imkon qadar qisqartirishga, jumladan, foyda ko‘rilmaydigan, aholi tarqoq yashaydigan hududlarda tarmoqqa investitsiya kiritish miqdorini kamaytirishga, qo‘shimcha tayanch stansiyalari o‘rnatmaslikka, akkumulyator va zaxira energiya manbalari bilan jihozlamaslikka harakat qiladi. Natijada esa elektr energiyasi ta’minoti vaqtinchalik uzilgan vaqtlarda ayrim joylarda ularning tayanch stansiyalari yaxshi ishlamaydi yoki umuman aloqa yo‘qolib qoladi.

Davlat operatorlari esa o‘z faoliyatlarida daromad olishdan ko‘ra Davlat Rahbari tomonidan belgilab berilgan insonlarni rozi qilish tamoyiliga ko‘proq e’tibor qaratadi. Natijada ushbu kompaniyalar, garchi foyda ko‘rmasligini bilsa ham, aholi talabini inobatga olib, uzoq, yetib borish qiyin yoki istiqomat qiluvchi aholi soni kam bo‘lgan hududlarda tarmoqni rivojlantirish, tayanch stansiyalarni akkumulyator va zaxira energiya manbalari bilan jihozlash kabi choralarga katta miqdorda sarf-xarajatlar qilmoqda.

Shuning uchun ham ba’zi uzoq hududlarda faqat davlat operatorlari faoliyat ko‘rsatmoqda, boshqa operator va provayderlar u hududlarda daromad topish imkoniyati cheklanganligini ko‘rib, borishga shoshilmayaptilar. U hududlarga borish uchun davlat operatorlarida hech qanday monopol huquq yoki xususiy operatorlarga nisbatan hech qanday cheklov yo‘q, faqat foyda kamroq bo‘lgani xolos, ularning u hududlarga borish niyatlarini cheklab turibdi.

Tadbirkorlik sub’yektlariga qo‘shimcha jazo qo‘llash, yangi sanksiyalar kiritishga umumiy moratoriy mavjudligi sababli “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tomonidan hozircha ushbu xususiy operatorlarga qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llanilmayapti. Lekin joylarda elektr uzilishidan qat’i nazar xizmatlar sifatiga e’tibor o‘zgarmasa va eng asosiysi, inson qadriga, fuqarolar murojaatlariga alohida e’tibor qaratilmasa, bunday xususiy operatorlarga ham sanksiya qo‘llash amaliyotini qayta joriy etishga majbur bo‘linishi mumkin.

Shu bilan birgalikda, fuqarolarimiz mobil aloqa operatori yoki boshqa telekommunikatsiya xizmatlari sifati bo‘yicha e’tirozlari bo‘lsa “O‘zkomnazorat”ning 1144 qisqa telefon raqami orqali bildirishlari mumkinligini eslatib o‘tamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring