Elektron yozilgan xat konvertda yetib boradi. Bu texnika mo‘jizasi emasmi?

Maktubni kabutarlar tashishi pochtaga, so‘ng elektron pochtaga, keyin esa muloqot usuli messenjer va ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chdi. Hozir hech kim qog‘oz-qalam olib xat yozmaydi, chunki hammaning qo‘lida telefon deysizmi? Afsuski, hammaning ham emas!..
... O‘shanda maktabni bitirish arafasida edim. "Oila va jamiyat" gazetasida Shahzoda ismli qizning maqolasini o‘qib qolganman. So‘ng tahririyat orqali u haqida ma’lumot so‘raganimda manzilini berishdi. Xat yozib, pochtadan jo‘natdim. Shu bo‘yi opa-singil tutunib, Farg‘ona-Toshkent orasida maktublarimiz borib-kelib turdi. Shahzodaning imkoniyati cheklangan, nogironligi bor. Unga maktub yozish orqali muloqot qilish qulay. Aslida menga ham shu usul ma’qul. Ancha yillar davomida oramizdagi rishtalar xat orqali davom etdi.
Orada turmushga chiqdim, uyim – manzilim o‘zgardi. Oila, farzandlar bilan band bo‘lib, bir parcha qog‘ozni qoralash-u pochtaga borib topshirishga ham vaqt topilmay qoldi. Shahzoda esa internetdan ham, qo‘l telefonidan ham foydalanmaydi.
Uni ko‘p eslayman. Bir imkon topib yuzma-yuz ko‘rishishni ko‘nglimga tugib qo‘yganman-u, mahallasidagi pochta bo‘limiga borishga vaqt topolmayotgan odamga Farg‘onaga yo‘l bo‘lsin?!
Yaqinda my.gov.uz saytiga bir ish bilan kirib, "Pochta yuborish" xizmatiga ko‘zim tushdi. Bu elektron shaklda kelib tushgan turli xat-xabarlar va yuridik hujjatlarni pochta tomonidan qog‘oz ko‘rinishida chop etish, konvertga joylashtirish va oluvchilarga yetkazib berish xizmatlarini o‘z ichiga olarkan. Darrov yodimga Shahzoda tushdi. Ariza to‘ldirishga oshiqdim.
Jarayon qiyin kechmadi. Chunki o‘zim haqimdagi ma’lumotlar tayyor yozib qo‘yilgandi, kimga jo‘natishni belgiladim xolos. Xatni kompyuterda yozdim. So‘ng word faylni pdf formatga aylantirib, arizaga ilova qildim. Berilgan QR-kod orqali to‘lov (7 ming so‘m)ni amalga oshirdim. Aytgancha, hatto karta raqamim ham yozib qo‘yilgan ekan.
Umid qilamanki, dil so‘zlarim tez orada dugonamga yetib boradi va uzoq tanaffusdan so‘ng undan ham sog‘inch nomalarini qabul qilaman.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter