Internetsiz hayot yo‘q(mi?)
Masofaviy ravishda kompyuterlar orqali ma’lumotlar almashishni ko‘zlagan holda internetni 1969-yili ixtiro etdilar. Ammo 1990-yillarga kelibgina u ko‘plab davlatlarda aholi orasida ommalashdi.
Zikr etilgan yillardan oldin ham hayot bor edi, insonlar yashashda davom etayotgandi, to‘g‘rimi? Lekin internet inson hayotining bir qismiga aylanib olgach, turmushning barcha omillari bilan uzviylik kasb etdi. Shu asnoda hayotni undan ayro tarzda tasavvur etolmaslikka o‘rgandik.
Albatta, internet o‘z afzalliklarini isbotlab bo‘ldi va insoniyatning bundan keyingi avlodlari ham undan voz kechmasligi tayin. Ammo boshqa sabablar bilan butan olam internetsiz qolishi xavfini yo‘q, deb bo‘lmaydi. Masalan, global talafotlar, tabiat hodisalari, quyoshdagi kuchli chaqnashlar zarrachalar ta’siri va radiatsion muhitni o‘zgartirib, Yerdagi barcha elektr energiyani o‘chirib qo‘yishi mumkin. Kichik bir misol: 1859 yili Angliyaning Karrington qishlog‘ida magnit bo‘roni bois mahalliy elektronika ishdan chiqqan.
Tasavvur qiling, agar qandaydir sabab bilan internet tarmog‘i uzilsa, nima bo‘ladi? Avvalo, yaqinlari bilan tarmoq orqali hol-ahvol so‘rashga odatlangan kishilarni xavotir chulg‘ab oladi. Mobil telefon orqali ham aloqaga chiqolmaydi, chunki operatorlik xizmatlari-da butun jahon tarmog‘i orqali ishlaydi. Ko‘pchilik shahar telefonidan foydalanishga urinadi va aloqa tarmog‘ida yuqori darajadagi bandlik yuzaga keladi. Xat-xabar almashish maqsadida esa an’anaviy pochtaga murojaat qilinadi va bu jarayonda juda katta navbat hosil bo‘ladi. Zarur xabarlarning vaqtida yetib borishi sekinlashadi, chunki pochta xizmati bariga teng ravishda ulgurolmaydi. Binobarin, elektron pochtalar an’anaviy pochtalarning ishini yengillashtirib, qog‘oz ko‘rinishidagi maktublarning egasiga vaqtida yetib borishiga samarali ta’sir ko‘rsatdi.
Agar internet dabdurustdan o‘chib qolsa, bu iqtisodiyot uchun katta talafotdir. Chunki internetsiz nafaqat messenjerlar, balki onlayn bank ilovalari ham ishlamay qoladi. Shunda onlayn to‘lovlar va pul o‘tkazmalar bekor bo‘lib, mijozlar o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketadi. Zero, plastik kartadagi pulni naqdlashtirolmaysiz - bankomatlar ham butunjahon tarmog‘i orqali ishlaydi. Demak, ko‘plab kompaniyalar internetsiz umuman faoliyat yuritolmaydi. Elektron pochta bilan bog‘liq bizneslar ham inqirozga yuz tutadi.
2011-yili Misrda ommaviy tartibsizlik sabab internet 5 kunga o‘chib qoldi. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining xabar berishicha, bu mamlakat uchun ancha qimmatga tushdi. Atigi 5 kunlik muddat kuniga 18 million dollarni yo‘qotishga olib keldi. Hukumat umumiy 90 million dollar miqdorida moddiy zarar ko‘rdi.
Global tarmoqsiz yashagan taqdirda ta’lim sifati ham tushib ketadi. Masofaviy darslar, elektron kitoblar, vebinarlarning yo‘qligi insonlarning bilim darajasi, tafakkur o‘tkirligini sayozlashtirib yuboradi. Kadrlar qulay ravishda malaka oshirish imkoniyatidan mahrum bo‘lib, o‘z ustilarida ishlashdan to‘xtaydilar, xorijiy tajriba jabhasi oqsoqlikni boshdan kechiradi.
Internetsizlikning yana bir asorati - ishsizlik. Guvohi bo‘ldingizki, koronavirus pandemiyasi payti ko‘plab ish joylari masofaviy mehnatga o‘tdi. Agar onlayn ishlash imkoniyati bo‘lmaganida, ahvolni o‘zingiz tasavvur etavering. Odamlar ishsiz va pulsiz qolib ketardi yoxud karantin qoidalari qat’iy o‘rnatilmagan holda kasallanish ko‘rsatkichlari tubdan oshardi. Hech bir yurtning tibbiyoti bunday sharoitda ishlashga tayyor emas.
Masofaviy ishlash, o‘zini o‘zi band qilish tamoyillarining mavjudligi barcha davlatlarda ham ishsizlik ko‘rsatkichlarini pasaytirdi. Ayniqsa nogironligi bor, imkoniyati cheklangan shaxslar ham axborot-kommunikatsion vositalar orqali mehnat qilishga, o‘zining kunini o‘zi ko‘rishga o‘tishi ijtimoiy himoyani birmuncha yengillashtirdi. Ha, kambag‘allik holatlarini qisqartirish yechimi ham internetga borib taqaladi.
Internet yo‘q bo‘lsa, ishsizlik, pulsizlik, ruhiyatdagi buzilishlar bora-bora jinoyatlarni keltirib chiqaradi. Hayotda o‘rnini topishga qiynalgan, motivatsiyaga muhtoj, tobora kambag‘allashib borayotgan insonlar qing‘ir yo‘llar orqali pul topishga o‘tadilar. Internetsiz yashash odamlar hayotini qiyinlashtirib yuborgani bois ularda tajovuzkorlik oshib ketadi va bir-birlariga hujum qilishga moyil bo‘lib qoladilar.
Mutaxassislarning ma’lum qilishlaricha, faqat global talafotlar va kuchli darajadagi tabiat hodisalarigina internetni dunyo bo‘ylab batamom o‘chirib qo‘yishi mumkin. Bu kimningdir xohishi yoki qarori bilan amalga oshadigan ish emas. Misol uchun, xakerlik guruhlari ommaviy ravishda internetni uzishga uringanlari bilan mahalliy tarmoqlar saqlanib qoladi. Bundan tashqari, qasddan uzilgan internetni qayta ulash choralari osonga ko‘chadi. Hayotni internetsiz tasavvur qilib ko‘rish esa uning afzalliklarini chuqurroq anglashga yordam beradi va global tarmoqdan unumli foydalanishga undaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter