Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

IT Park va “Ernst & Young” kompaniyasi “Enterprise Uzbekistan”ni rivojlantirish bo‘yicha kelishuv imzoladi

IT Park va “Ernst & Young” kompaniyasi “Enterprise Uzbekistan”ni rivojlantirish bo‘yicha kelishuv imzoladi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park vakillari “Ernst & Young” kompaniyasi bilan uchrashuv o‘tkazdilar va unda “Enterprise Uzbekistan” Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini birgalikda rivojlantirish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.

Mazkur tadbir O‘zbekistonni IT-ishlab chiqish va autsorsing markaziga aylantirish yo‘lidagi eng istiqbolli loyihalardan birini amalga oshirish sari qo‘yilgan muhim qadamdir.

“Enterprise Uzbekistan” Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi — bu IT Park Uzbekistan majmuasi hududidagi maxsus huquqiy rejim bo‘lib, raqamli sohada innovatsiyalar, xizmatlar, korporativ mahsulotlarni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish bo‘yicha IT sohasi uchun tartibga solishni o‘z ichiga oladi.

“Enterprise Uzbekistan” hududida dunyoga mashhur texnologik gigantlar soliq va bojxona, mehnat munosabatlari, bank-moliya faoliyati, intellektual mulk va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish sohasidagi alohida shartlarga tayangan holda faoliyat yuritishlari mumkin bo‘ladi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan va “Ernst & Young” kompaniyasi o‘rtasidagi uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad “Enterprise Uzbekistan” loyihasini yanada rivojlantirish rejalarini muhokama qilishdan iborat.

“Ernst & Young” kompaniyasi mutaxassislari “Enterprise Uzbekistan” markazi faoliyati doirasida maxsus huquqiy rejimni ishlab chiqish, joriy etish va qo‘llab-quvvatlashda ishtirok etishadi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, “Ernst & Young” kompaniyasining uzoq yillik va keng qamrovli tajribasi “Enterprise Uzbekistan”ni yuqori darajada ishga tushirish va rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratishga yordam beradi.

“Enterprise Uzbekistan” markazining ishga tushirilishi biznes va mamlakat IT-sanoatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib, O‘zbekistonga dunyoning ilg‘or mamlakatlari qatoriga kirish imkonini beradi, shuningdek, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring