Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun raqamli dunyodagi imkoniyatlardan boxabarmisiz?
Raqamli texnologiyalar vazirligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan “ICT Week Uzbekistan 2024” doirasida ilk bor imkoniyati cheklangan shaxslarni ijtimoiy integratsiya qilish va ishga joylashtirishga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Uning asosiy maqsadi – imkoniyati cheklangan shaxslarni AyTi sohasidagi imkoniyatlar, shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi va tizim tashkilotlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishtirish hamda ularning ijtimoiy integratsiyasini yaxshilashdan iborat.
Joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash maqsadida yangi tizim ishga tushirildi. Ushbu tizim doirasida davlat idoralari va tijorat banklari bilan hamkorlik qilib, 21 ming nafar shaxsni ish bilan band qilish rejalashtirilgan.
Tadbirni kirish so‘zi bilan Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova ochib berdi va ushbu tadbirning ahamiyatini yuqori baholadi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori maslahatchisi Dilfuzabegim Ro‘zmetova ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, inklyuzivlik yaratish uchun tomonlarning hamkorlikdagi tadbirlarini hududlarda ham amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.
Dasturning keyingi qismida Matonat maktabi motivatori Murodbek Jigitov va Mirali G‘iyosov amalga oshirilayotgan loyiha hamda fikr-mulohazalari haqida nutq so‘zladi. Tadbir doirasida o‘tkazilgan plenar sessiyada esa jamiyatdagi nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan qarashlarni o‘zgartirish, ijtimoiy ob’yektlardagi inklyuzivlik darajasi, raqamli ta’limda inklyuziyani ta’minlash va bandlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Dastur doirasida ishtirokchilar imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ish o‘rinlarini yaxshilashga qaratilgan tashabbuslar va strategiyalar bilan tanishdilar. Shuningdek, AyTi sohasidagi bo‘sh ish o‘rinlari va karera istiqbollari haqida ma’lumot berildi. Kompaniyalar va maxsus imkoniyatlarga ega bo‘lgan shaxslar o‘z tajribalari haqida so‘zlab berdilar.
Tadbir so‘ngida hamkorlik tarmoqlarini kengaytirish va bildirilgan takliflar asosida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan harakatlar rejasini tasdiqlash masalalari muhokama qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter