Sun’iy intellekt paydo qilayotgan yangi kasblar: 375 ming dollargacha maosh, diplomsiz muhandislar, dasturchi o‘rniga filolog (1-qism)

Sun’iy intellekt va neyrotarmoqlar odamlarni ishsiz qoldirayotgani rost, biroq sun’iy ong yangi kasblar va ish o‘rinlarini yaratayotganini ham bilasizmi? Toki sun’iy intellekt texnologiyalari mustaqil ishlay olmas ekan, tajribasi yakuniy natijada aks etuvchi jonli odamlarning “yetovi”ga muhtoj. Ayni paytda ana shu “yetovchilar” — sun’iy intellekt bilan ishlovchilarga talab oshib boryapti. Xo‘sh, qanday odamlar “robotlar uchun ishlaydi”, ularga bilim kerakmi, ish kuni qanday, maoshi qancha — batafsil hikoyamiz orqali tanishing.
OpenAI kompaniyasi generativ sun’iy intellekt til modeliga asoslangan yangi chat-boti imkoniyatlarini dunyoga namoyish qilganidan so‘ng, ChatGPT va boshqa generativ neyrotarmoqlar ilmiy hamjamiyatning nafaqat hayratiga, balki xavotiriga ham sabab bo‘ldi. Sun’iy ong ko‘p millionlab odamlarni ishsiz qoldirmaydimi degan hadik, ayniqsa, kuchli edi. Va bu xavotirlar asossiz emasligiga ko‘p o‘tmay guvoh bo‘ldik: xilma-xil sohalarga ixtisoslashgan frilanserlar, marketologlar, muharrirlar va dizaynchilarning o‘rnini sun’iy intellekt zabt etishga kirishdi.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, sun’iy intellekt kompyuter o‘yinlari ishlab chiqarish bozoridagi muvozanatni izdan chiqarib yubordi, bu o‘zgarish oqibatida yaqin besh yilda sohadagi ish o‘rinlari teng yarmiga qisqarishi kutilmoqda.
Biroq xushxabarlar ham yo‘q emas.
Xuddi shuning barobarida teskari tendensiya ham kuzatilmoqda — generativ sun’iy intellekt atrofidagi vasvasa alaloqibat bu poyezdga ilinib qolish istagidagi kompaniyalar tomonidan neyrotarmoqlar ishlanmasi bilan shug‘ullanuvchi yangi ish o‘rinlarining ko‘plab ochilishiga olib keldi. Turli sohalarda mashinali intellekt uchun vazifalarni to‘g‘ri shakllantira oluvchi mutaxassislarga ehtiyoj tug‘ilmoqda.
Hozirda sun’iy intellekt bilan bog‘liq ish o‘rinlari eng ko‘p San-Fransisko, San-Xose va Nyu-Yorkda paydo bo‘lyapti — Recogni, Sohesity, Synthesis AI, OpenAI va boshqa ko‘plab jahonning eng yirik AI-startaplari shu shaharlarda joylashgan, deyiladi Bruking instituti o‘tkazgan tadqiqotda. Umuman olganda, sun’iy intellekt bilan bilan ishlovchi mutaxassislarga butun dunyoda talab oshgandan-oshmoqda — katta-kichik kompaniyalar ma’lumotlarni tahlil qila oladiganlar, ilmiy xodimlar, AI-menejerlar, dasturchilar, muhandis-konsultantlarga ehtiyoj sezmoqda.
Tech:NYC notijoriy guruhi ijrochi direktori Juli Semyuels NYT (The New York Times)ga aytishicha, hozir sun’iy intellekt bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar uchun nafaqat texnologik startaplar, balki yirik kompaniyalarda ham ish o‘rinlari ochilmoqda. “Har bir yirik moliya, media, reklama va konsalting kompaniyasi qanday qilib yangi sharoitlarga va texnologiyalarga moslashish, qanday qilib generativ sun’iy intellekt imkoniyatlaridan imkon qadar samarali foydalanish mumkinligi haqida bosh qotirmoqda”, — dedi Juli Semyuels.
Microsoft may oyida o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, xodimlarning qariyb teng yarmi (49 foiz) sun’iy intellekt o‘z o‘rnini egallab olishidan cho‘chiydi, 70 foizi esa zimmasidagi yukni yengillashtirish uchun yumushlarining katta qismini sun’iy intellektga topshirishga tayyor. Qizig‘i, kompaniyalar rahbarlarining aksariyati ham shunday fikrda. Ish topishda ko‘maklashuvchi Resume Builder resursi 1 187 nafar biznes-yetakchi — bosh direktorlar, top-menejerlar, kompaniyalar egalari va boshqaruvchilari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Ularning 91 foizi ChatGPT bilan ishlashda tajribaga ega xodimlarni ishga olishni istashadi. Rahbarlar neyrotarmoq ish unumdorligini oshiradi, vaqtni va mablag‘ni tejaydi, ijodiy va texnik qo‘llab-quvvatlovni oshirib, kompaniya mavqeini mustahkamlaydi, deb hisoblashadi. Bu asosan dasturiy ta’minot, mijozlar bilan ishlash, HR va marketing bo‘limlariga tegishli.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt millionlab ish o‘rinlarini band etadi, degan taxminning aksi o‘laroq, Upwork AQShning turli sohalaridagi 1 400 nafar biznes-yetakchilari o‘rtasida o‘tkazgan so‘rovnoma yuqori bo‘g‘in rahbarlarining 64 foizi generativ sun’iy intellekt sababli ko‘proq mutaxassislarni jalb etishni rejalashtirayotganini ko‘rsatdi.
Neyrotarmoqlar qanday ish o‘rinlarini yaratadi?
Resume Builder tadqiqotiga ko‘ra, rahbarlarning 29 foizi natijalarni yaxshilash uchun prompt-muhandislarni yollashni istashadi.
Ma’lumot uchun: prompt-muhandislik — sun’iy intellekt bilan bog‘liq yangi kasb. Prompt-muhandis qadam-baqadam yo‘riqlar yoki “maslahatlar” berish orqali sun’iy intellekt modellarini ishlab chiqish yoki takomillashtirish bilan shug‘ullanadi. Bloomberg yozishicha, ayrim kompaniyalar prompt-muhandis uchun yiliga $375 000 gacha maosh taklif qilishyapti.
Prompt-muhandislar — siz o‘ylagan muhandislar emas, hatto texnik yo‘nalishda diplomlari ham yo‘q. Texnologiyalar sohasida yuqori maoshli ishga texnik yoki matematik ta’lim olmagan, hatto texnologiyalar sohasida ish tajribasiga ega bo‘lmagan kishilar olinishiga kamdan-kam guvoh bo‘lamiz. Bu yuqori maoshga da’vogarlar matnlar bilan ishlash tajribasiga ega kasb egalari — filologlar, lingvistlar, jurnalistlar, muharrirlar yoki yozuvchilar bo‘lishi mumkin. Masalan, Business Insider nashriga intervyu bergan Copy.ai startapi prompt-muhandisi Anna Bernshteynning aytishicha, bungacha shtatdan tashqari jurnalist hamda tarix kafedrasi assistenti bo‘lgan ekan. “Texnologiya sohasidagi yo‘lim barda Copy.ai xodimi bilan uchrashganimdan so‘ng boshlandi. U bloglar, reklama kampaniyalari va ijtimoiy tarmoqlar uchun matnlar ishlab chiqarishni avtomatlashtiradigan kompaniyasi GPT-3 til modelidagi kamchiliklar tufayli yuqori natijalarga erisha olmayotganidan shikoyat qildi va meni promptlar yozishga taklif etdi. Garchi mutuxassisligim ingliz tili va avvallari hech qachon texnologiyalar bilan shug‘ullanmagan bo‘lsam-da, men rozi bo‘ldim. Avvaliga nima qilayotganimni tushunmasdim, lekin keyinchalik kompaniya asoschisi neyron tarmoq uchun promtlar yozish xuddi hayvon o‘rgatuvchilarning jonivorlar bilan tillashishiga o‘xshashini tushuntirganidan so‘ng, men neyrotarmoqqa savollarni qanday shakllantirishni o‘rganib oldim”, — dedi Bernshteyn.
London Qirollik kollejida falsafani o‘rgangan va keyinchalik AutogenAI kompaniyasiga prompt-muhandis bo‘lib ishga o‘tgan Teodora Danilovich ham xuddi shunday fikrda. “Generativ sun’iy intellekt bilan ishlash uchun dasturlash bo‘yicha ko‘nikma yoki texnologiyalarni bilish talab etiladi deb o‘ylardim, biroq keyin angladimki, bu yerda tilshunoslik qobiliyati muhimroq ekan, bu men uchun ayni muddao”, — dedi Teodora.
Promt-muhandislarni OpenAIdan chiqqanlar asos solgan Anthropic startapi, Kaliforniyaning hujjatlarni retsenziyalashni avtomatlashtiruvchi Klarity kompaniyasi, Boston bolalar shifoxonasi, Londondagi Mishcon de Reya yuridik firmasi va boshqa ko‘plab kompaniyalar izlamoqda. Taklif etilayotgan maoshlar juda yuqori: masalan, Anthropic — $335 000 (yiliga), Klarity — $230 000 (yiliga).
Biroq sun’iy intellekt yo‘nalishida yangi kasb ortidan osongina pul ishlayman deganlar adashadi, bu haqda maqolaning ikkinchi qismida batafsil to‘xtalamiz.
Manba: forbes.ru
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter