Robot VS inson: mehnat bozorida kim g‘olib?
Sharof Boshbekovning “Temir xotin” nomli jiddiy komediyasida o‘zbek xonadonida “jon bergan” robot-ayol qahramon qilib olinganini yaxshi bilasiz. Demak, inson sabr-matonati oldida robot ojiz, ba’zan esa inson robot emasligini, imkoniyatlari chegaralanganini his qiladi.
Bugungi mehnat bozoriga nazar tashlasangiz, ba’zi o‘rinlarda inson va robot bahsga kirishayotgandek, raqobatlashayotgandek go‘yo. Ayniqsa, yirik kompaniyalar o‘z faoliyatiga robototexnikani faol jalb qilgani uchun ish o‘rinlari sezilarli darajada qisqardi. Avtomatlashish jarayoni, vazifalarning texnikaga yuklatilishi aqliy hamda jismoniy mehnatni kamaytirib, ishchilarga ehtiyoj pasaydi. Sun’iy intellekt hammasini hal qila boshladi.
“Robot insondek bo‘la oladimi?” savoli allaqachon eskirdi. Bugungi kun savoli: “Qanday ishlar inson mas’uliyatini talab etadi?”. Zamonaviy insonlarda robot va kompyuterga ishonch yuqori. Chunki ular aqliy vazifalarni ham yaxshi uddalashini isbotladi.
1990-yillardayoq ipoteka kreditlari sohasida kompyuter dasturlari ishchilardan ortiq bosimda ishlay oldi. Keyinchalik ko‘p maosh oladigan kuchli mutaxassislarning ishini kompyuterlar bajarishi osonga va arzonga tushdi.
2020-yilda dunyo bo‘ylab pandemik sharoit hukm surgach, robotlar mehnati yanada qo‘l keldi. Barcha mamlakatlarda “Uyda qoling” hayqirig‘i yangraganida profilaktik choralar robotlarga tegishli bo‘lmadi, albatta. Epidemiya o‘chog‘i bo‘lgan Xitoy Xalq Respublikasida avvaldan robototexnika samarali yo‘lga qo‘yilgani uchun pandemik inqirozdan oson va erta forig‘ bo‘ldi.
Forbes farazlariga ko‘ra, robototexnika rivoji in’ikosida hozirda mavjud kasblarning 57 tasi 2030-yilgacha yo‘q bo‘lib ketadi. Ammo, shu bilan birga, 186 ta yangi kasblar paydo bo‘ladi. Raconteur tadqiqotlaridan AQSh va Yevropada ish vaqtining 48 foizi qo‘l mehnatiga sarflanishi ma’lum bo‘ldi, 2030-yilda ushbu ko‘rsatkich 35 foizga o‘zgarishi kutilmoqda.
Rivojlangan mamlakatlar tibbiyotga ham robotlar mehnatini olib kirishdan ikkilanmayapti. Masalan, ichagida shish bor bemor jarrohga umidvor boqishga majbur emas, maxsus qurilma (robot-shifokor) orqali o‘zini o‘zi operatsiya qila oladi. Kindigiga o‘rnatilgan zarur asboblar jarrohlik amaliyotini xavfsiz olib boradi. Texnikaning ushbu mo‘’jizasiga erishgan xalqlar endi nikoh to‘yiga operator va suratkash ham yollamay qo‘ydi. Maxsus apparat (robot-operator) bazmni boshdan oyoq va turli nuqtalardan tasvirga tushira oladi. Kiyimni bozordan tanlamaydi, balki matodagi rang va suratlarni o‘zi yaratib, matoga tushirish imkoniga ega. Sizni manzilga eltadigan robot-haydovchi tezlikni oshirmaydi, qoidani buzmaydi, shaxsiy hayoti yo‘qligi uchun asabiylashish va alamini ruldan olish haqida-ku, gap bo‘lishi mumkin emas. Bunday misollarni uzoq davom ettirish mumkin, bir so‘z bilan aytganda robot va texnikalarning ishi mijozlarga ko‘proq manzur bo‘layotgani ayni haqiqat.
Demak, insonga ham robot bilan muloqotlashish qulay, kundalik hayotida robotdan faqat foyda ko‘radi va do‘st tutinadi. Mehnat bozoridagina ular raqobatlashadilar va alamli mag‘lubiyatdan robotlarga yov qarash qilishlari mumkin. Alamzadalik bilan qorin to‘ydirib bo‘lmasligini tushungan xodimlar esa axborot texnologiyalari sohasiga chuqur kirishib, o‘z sohalariga oid ixtirolar yaratish yoki borlarini takomillashtirishga kirishmoqdalar. Mana bu – aqlli qaror. Boshqacha qilib aytganda, robot deb ishsiz qolgan bo‘lsa, endi o‘zi robotlarni ishga oladi. Shunda mehnat bozori ham jozibadorlashadi, mamlakatlarda ishsizlik muammosi bartaraf etiladi.
“Tayyor bo‘lmaslikka tayyor tur” naqli naqadar haqiqat. Zamon o‘zgarishi insonlarni o‘zi kutmagan ko‘ylarga solishi muqarrar. Har qanday vaziyatga moslashish odamzodning taqdiriga bitilgan hukm. Oqilona qarorlargina mag‘lubiyatdan qutqarib, rivojlanishga yuz tuttirishi mumkin.
Aslida inson oliy mavjudot ekanligini his etgan holda robotni o‘zi bilan raqobatchi emas, balki ko‘makchi deya qabul qilishi to‘g‘riroq bo‘ladi. Har qanday zamonda insonning qobiliyatlari bebaholigicha qolaveradi, zero robototexnika ham inson intellektining mahsulidir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter