Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Muammo kerakmi? Eringning telefonini kovla!

Muammo kerakmi? Eringning telefonini kovla!

Foto: "Yandex.ru"

Xabarning audio talqini

Har kim o‘z shaxsiy hududiga turlicha munosabat bildiradi, muhofazasi ham o‘zining qo‘lida. Gap shundaki, kim o‘zining shaxsiy hududidan ko‘ra boshqalarniki bilan ko‘proq mashg‘ul bo‘lsa, o‘z maydoni shu qadar xarobalashib boraveradi.

Telefon apparati ham, uning ichidagi ma’lumotlar ham har kimning o‘ziga tegishli mulk. Uni faqat o‘zi tasarruf etishga haqli. Agar unga boshqa birov aralashsa, bundan zarar ko‘ruvchi - mulk egasi emas, balki o‘sha o‘g‘rincha nigoh ila mo‘ralagan odamning o‘zidir.

Nega, deysizmi? Chunki hammaning ong osti o‘z egasini sevadi, u uchun xizmat qilishni xohlaydi. Boshqaning chegarasiga o‘tganingizda esa u uchun ishlashni boshlaydi va ong maydoni tabiiy ravishda kichrayib boradi. Bilimlar olishga qiynalish, xotirada saqlab qololmaslik va oddiy misol - o‘zini baxtli his etolmaslik ham mana shu ong maydoniga bog‘liq. Bir litrli bankaga ikki litr suvni sig‘dirolmaysiz-ku.

Agar inson chegaralar dahlsizligini anglagan holda o‘z hududini ihota qilolsa, ong maydoni kenglik sari boradi va olam-jahon bilimlarni ham, ijobiy his-tuyg‘ularni ham joylashga qodir bo‘ladi. Shu jihatdan birovning telefonini titkilashga vaqt, diqqat, zehn, asab ketkazgan inson ong maydonining ham bir ulushidan mahrum bo‘ladi va bu bilan faqat o‘ziga ziyon yetkazadi.

Ota-bobolarimiz tomonidan yo‘lda ketayotib ochiq turgan darvozadan ichkariga nazar solib o‘tishdan ham qaytarilgan. Bugungi kunda oilaviy mojarolarning asosiy sababi ham telefonga borib taqalmoqda. Chunki, amallar niyatlarga bog‘liq, izlagan odam keragini topadi. Erini xiyonatda gumon qilgan ayol, albatta, buning isi keluvchi yozishmalarni topadi-da. Bunga ketadigan vaqtini kitob o‘qish yoki yuz parvarishlash kabi o‘z ustida ishlovchi harakatlarga bag‘ishlaganida turmush o‘rtog‘ida o‘zi haqidagi ijobiy tasavvurlarni boyitgan bo‘lardi, aslida. Lekin u noto‘g‘ri, nohalol yo‘lni tanlab telefon kovlaydi va depressiyaga tushib qoladi. Tushkun kayfiyatdagi ayoldan eri bahra ololmasligi ham turgan gap. Er-xotin bir-birini aks ettiradi: ayol birovning yozishmalarni o‘qib, ya’ni o‘zganing shaxsiy hududiga qadam bosib nohaqlik qildi, endi er ham boshqa ayolni tanlash orqali adolatsizlik bilan javob qaytaradi.

Erkakka nisbatan hukm ham aynan shunday. Er rafiqasining telefonidagi yozishmalarni o‘qishga haqli emas. Erning puliga kelgani bilan ayol mulkiga aylangan telefon faqat unga tegishli. Telefon ayolining noo‘rin harakatiga sabab bo‘lishiga ehtimol bildirsa, uni umuman sotib olib bermagani ma’qul. Ayolni tekshirib, nazorat qilishning bu usuli esa mantiqsizlikdan boshqa narsa emas. Jufti halolidan shubhalanib yashash, u yarashiqsiz gaplarni yozishi mumkinligi taxmini ila bir yostiqqa bosh qo‘yishning o‘zi fojia emasmi? Oilaviy munosabatlarni mustahkamlab, xonadonida haqiqiy rahbarlikni qo‘lga olgan, ko‘plab omillar qatori ayolining hulqiga-da o‘zini mas’ul sezgan erkak bunday mayda va ma’nisiz usulni qo‘llamaydi. Oqila ayol eri o‘qimasligini bilsa ham ijtimoiy tarmoqdagi muaomalada hayoni, odobni saqlay oladi.

Er-xotin bir-birining shaxsiy sahifalaridan boxabarlikda yashashi faqat salbiylikka yo‘g‘rilgan, undan manfaat yo‘q. Gap faqat xiyonat gumoni, vafodorlikni aniqlash haqida ketmayapti. Erkak ayolining telefonini taftish qilib, ayollar guruhidagi ayollarga xos masalalardan xabardor bo‘lishi, ayol erining telefonidagi olamga xufiyona sayr qilib, erkaklar jamoasining choyxona bop gurunglariga guvoh bo‘lishining o‘zi ma’naviyatga ziddir. Singlisini nazorat qilish maqsadida telefonini nazardan qochirmaydigan akalar ham ushbu masalani inobatga olishlari shart. Albatta, nazorat kerak va buning ishonchli usullari qalashib yotibdi.

Birgina mustasno bor. Ota-ona farzandining qo‘l telefonini nazorat qilish va muntazam ravishda tekshiruvdan o‘tkazib borishga, o‘rni kelsa bu borada so‘roq qilishga haqli. Chunki farzandning mulki ota-onaga ham tegishli, bu borada nasibadorlik mavjud.

Bundan tashqari har qanday holatda va har qanday kishilar o‘rtasida gadjetlarni ruxsatsiz olish, undagi shaxsiy sahifalarni ko‘zdan kechirish odobsizlik sanaladi.

O‘z shaxsiy hududingizni boyiting, o‘zingiz bilan mashg‘ul bo‘ling, shunda foyda topasiz! Boshqalarning telefonidan nima izlaganingizga qaramay topganingiz faqat muammo bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring