Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Internetdagi “kundosh”lar: Alisa va Siri. Siz qay birini tanlaysiz?

Internetdagi “kundosh”lar: Alisa va Siri. Siz qay birini tanlaysiz?

Foto: YouTube

Gadjetdan foydalanishda o‘z kotibangizga ega bo‘lish sizga qulaylik tug‘dirishi sir emas. Ovozli yordamchilar Alisa va Siri bilan allaqachon do‘stlashib ulgurgandirsiz. Bugun internet foydalanuvchilari tanlovini qozonish uchun ikkisi bahsga kirishmoqda.

Alisani “Yandeks” kashf qilgan. U rus tilida gapiradi va shu tildagi xizmatlarni bajara oladi. Android va iOS da ishlashni biladi, Smart Home tizimini boshqarishni uddalaydi. Buyrug‘ingizga ko‘ra internetdan ma’lumot izlaydi, ob-haqo haqida ma’lumot beradi, musiqa taqdim etadi.

Siri “Apple”ga tegishli. U ayfon va aypadda “yashaydi”. Alisadan farqli ravishda qo‘ng‘iroq va xabarlarga javob bera oladi, kerakli ma’lumotlarni qayd etadi va eslatadi, budilnik qo‘yadi.

Agar siz “Yandeks” xaritalari bilan ishlasangiz, Alisani tanlaganingiz ma’qul. Siri aqlliroq va chaqqonroq bo‘lgani bilan pulli obunasi mavjud musiqalarni taqdim etib, ayyorlik qiladi.

Siri suhbatni 20 dan ortiq tilga tarjima qiloladi, ammo ba’zan ruschada xato gapiradi.

“Apple”ning “qizi” doim “Salom, Siri” so‘zidan keyin ishga tushadi. Alisaga “Salom”, “Eshit”, “Ok”, xatto “Yandeks” desangiz ham hozir-u nozir.

So‘nggi yangiliklar bilan qiziqsangiz, Siri havolalar taqdim etadi, Alisa esa og‘zaki aytib beradi. Alisa qo‘shiqlar kuylash, latifalar aytishga ham usta.

Alisaning javoblari samimiy, jonli chiqadi, Sirida vazminlik, jiddiylik ustunroq. Haqoratli va qo‘pol savollardan Sirining arazlaydigan odati bor – javob bermay qo‘yadi. Alisa esa hazilga yo‘yib, ko‘proq gapirishga tushadi.

Mashina boshqarayotib yoki qo‘lingiz boshqa biror yumush bilan bandligida kimgadir qo‘ng‘iroq qilishni istasangiz, Siri kontaktdan topish va qo‘ng‘iroq qilishni do‘ndiradi, bu ish Alisaning qo‘lidan kelmaydi.

Solishtiruvlarda tarozi pallalari deyarli teng kelavergach, foydalanuvchilar qizlarning o‘zidan “Alisa yaxshimi yoki Siri?” deb so‘rab ham ko‘rishgan. Lekin “kundosh”lar savolni tushunmay, talmovsirab qolishgan.

Yaxshisi, ikkalasi bilan ham ko‘proq gaplashib ko‘ring va manzur kelgani bilan qoling. Har ikkisini kotibalikka saylash variantiga ham egasiz. Ikki qo‘chqorning kallasi bir qozonda qaynamasligi mumkin, lekin Alisa va Siri bir telefonda yashayveradilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring